Imtihonlar boshlanishiga bir kun qoldi. Abituriyentlarga tavsiyalar

Jamiyat 15:14 / 04.08.2021 17672

Imtihondan oldin yoshlarda hayajonlar va qo‘rquv bo‘lishi tabiiy. Kun.uz sinov qarshisida stressga tushayotgan abituriyentlar va ularning ota-onalariga mutaxassis tavsiyalarini taqdim etadi.

Sir emaski, ba'zi holatlarda o‘ta kuchli hayajonlanish abituriyentda bilgan savollariga ham javob bera olmaslik, texnik xatolarga yo‘l qo‘yish kabi holatlarni boshlab keladi. Kuchli stress, qo‘llarning qaltirashi kabilar imtihonda bor imkoniyatlaridan foydalana olmaslikka, fikrlar chalg‘ishiga olib keladi. Bu esa imtihon natijalariga ta'sir qilmay qolmaydi.

Psixolog: “Imtihondan 1-2 kun avval o‘qishni to‘xtatgan ma'qul”

Psixolog Rozaliya Gabdulhakova

Psixolog Rozaliya Gabdulhakova abituriyentlar yo‘l qo‘yadigan katta xatolardan biri – tayyorgarlikning so‘nggi kunlarida, ya'ni imtihondan oldingi kunlarda mukkasidan ketib o‘qish ekanini aytdi.

“Imtihonga yaqin qolganda ko‘p o‘qish deyarli hech narsani o‘zgartirmaydi, aksincha charchagan va zo‘riqqan miya imtihonda pand berishi mumkin. Shuning uchun imtihondan 1-2 kun avval o‘qishni to‘xtatgan ma'qul.

Bir kun avval to‘yib uxlash kerak. Buning uchun telefondan voz kechib, qorong‘iroq va sokin xonada dam olish kerak. Shuningdek, yetarlicha dam olish uchun o‘y-xayollarni ham to‘g‘ri yo‘naltirish talab qilinadi. Kelajak orzular, yaxshi rejalar haqida o‘ylash foydali bo‘ladi.

Imtihon kuni qilinadigan ishlarni, albatta, rejalashtirish kerak, chunki qaysi transportda borish, vaqt taqsimoti sabab ham kelib chiqishi mumkin bo‘lgan ayrim muammolar bolaning kayfiyatiga ta'sir qiladi. Shunaqa muammolar uchramasligi uchun qaysi vaqtda uyg‘onish, nonushtaga qancha vaqt, yo‘lga qancha vaqt ketishini hisoblab harakat qilish abituriyentni xotirjam qiladi.

Imtihonga borganda o‘sha muhitga ko‘nikish uchun biroz vaqt kerak. Shuning uchun imkon qadar ertaroq borishga harakat qilish lozim. Joyga o‘rganib, moslashish hayajonni bosish, xotirjam bo‘lishda yordam beradi. Test vaqtida boshqalarga e'tibor bermaslik, nafas olishni bir tekis yo‘lga qo‘yish xotirjam bo‘lib, kerakli ma'lumotlarni ishga solishga yordam beradi.

Testdan oldin ham xayolga kelgan turli keraksiz o‘ylar, fikrlarni cheklab faqat yaxshi narsalar, yorqin kelajak haqida o‘ylash kerak. Shunday muhim jarayon oldidan abituriyent atrofidagi har bir holat hisobga olinishi yaxshi natija beradi”.

Gastroenterolog: “Imtihon oldidan energetik ichimliklar tavsiya qilinmaydi”

Gastroenterolog shifokor Guli Shayxova

Abituriyent o‘z holatini nazorat qilishi, xotirjam bo‘lishi uning o‘ziga bog‘liq. Ammo tashqi ta'sirlar oqibatida yetadigan ayrim noxush holatlar ham hisobga olinishi kerak. Masalan, bezovta qiladigan darajada ovqatlanmasligi, chanqab qolmasligi, qorni og‘rimasligi uchun uning ovqatlanishiga alohida e'tibor qaratish kerak. Bu holatlar unda noqulay vaziyatlarni keltirishi yoki fikri chalg‘ishiga sabab bo‘ladi.

Ovqatni to‘g‘ri tanlash tunda yaxshi uxlashga yordam beradi, tashvishlanishni kamaytiradi va diqqatni jamlash uchun muhim omil hisoblanadi. Xo‘sh, imtihon oldidan qaysi mahsulotlarni iste'mol qilish kerak?

Toshkent tibbiyot akademiyasi Bolalar, o‘smirlar va ovqatlanish gigiyenasi kafedrasi professori Guli Shayxova abituriyentlarning ovqat ratsioni haqida ma'lumot berdi.

“Imtihonlardan 1-2 kun oldin, ayniqsa, imtihon kuni har qanday notanish mahsulotlardan voz kechish, tabiiy mahsulotlardan iborat sog‘lom ovqatlanish kerak. Chunki notanish mahsulotlar organizmda qanday hazm bo‘lishi ma'lum emas.

Organizm uchun asosiy energiya manbai glyukoza bo‘lib, tanamiz uni uglevodlarga boy ovqatlardan oladi. Uglevodlar esa non va un mahsulotlarida, don mahsulotlarida, ko‘plab meva va rezavorlar sharbatida ko‘p bo‘ladi. Miya yetarli darajada ishlashi uchun uni doimo glyukoza bilan oziqlantirish kerak.

Tarkibida shakar va tuz ko‘p bo‘lgan ovqatlardan tiyilish lozim. Imtihon oldidan energetik ichimliklar, shakar, shokolad, pechene va boshqa shirinliklar mutlaqo tavsiya etilmaydi. Ular avvaliga tetiklantirishi mumkin, lekin biroz vaqt o‘tib uyqu chaqirishi, bola o‘zini charchagan his qilishi mumkin. Ayniqsa, energetik ichimliklar tarkibidagi kofein uyqusizlikni keltirib chiqaradi va ertasi kuni bolada asabiylikka sabab bo‘ladi.

Bundan tashqari, chipslar va turli krekerlarni iste'mol qilishdan voz kechish kerak. Ular tarkibidagi yog‘ boladagi hayajon yoki stress sabab oshqozonda hazm bo‘lishi qiyinlashib noxush holatga olib kelishi, ko‘ngilni aynitishi mumkin.

Tana juda ko‘p suyuqlikka muhtoj. Tadqiqotchilarning fikricha, ko‘proq suv ichgan abituriyentlar diqqatni jamlashi va ma'lumotlarni tahlil qilishi oson bo‘ladi.

Abituriyentning nonushtasi u avvaldan iste'mol qilib yurgan, sinalgan mahsulotlar bo‘lishi maqsadga muvofiq. Nonushta uchun turli bo‘tqalar, tuxum, sutli kokteyllar, issiq go‘shtli taomlar, sabzavotli va mevali salatlar, sariyog‘li va pishloqli buterbrodlar, issiq choy, kakao va sharbatlar, na'matak, kompot va kisel tavsiya etiladi”.

Darhaqiqat, test sinovlari – abituriyentlar uchun juda muhim jarayon. Bu soatlarni qo‘ldan boy berish imkoniyatlarni yo‘qotish, vaqtdan yutqazish degani. Farzandi kelajagiga befarq bo‘lmagan har bir ota-onadan bu paytda bolaga e'tiborni kuchaytirish, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ishonchni oshirish uchun biroz diqqat talab qilinadi.

Bundan tashqari, ota-onalar farzandiga ishonishi ham muhim. Bolangiz sizning ishonchingiz va xotirjamligingizdan kuch oladi.

Gulmira Toshniyozova tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: