«Abdullaxon» madrasasi restavratsiyasi uchun 6 mlrd so‘m talab etilishi ma'lum qilindi

O‘zbekiston 08:09 / 04.08.2021 4692

Bildirilishicha, joriy yilning 30 iyul kuni taxminan soat 14:45da “Abdullaxon” madrasasi orqa tomon devorining bir bo‘lagi o‘pirilib tushgan. Shu kunning o‘zida Buxoro viloyati madaniy meros boshqarmasi mutaxassislari voqea joyiga yetib borgan va holat yuzasidan tegishli tashkilotlarga xabar qilingan.

“Mazkur holatdan xabar topgan Buxoro viloyat hokimi B.Zaripov 2 avgust kuni barcha mutasaddi tashkilotlar bilan “Abdullaxon” madrasasiga yetib keldi va holat bo‘yicha Madaniy meros agentligi direktori o‘rinbosari - bosh me'mor B.Matchonov ham taklif qilindi. 

Ushbu holat bo‘yicha Madaniy meros agentligining viloyat boshqarmasi, Buxoro shahar hokimligi, restavratorlar va soha mutaxassislaridan iborat ishchi guruh tuzilib, joyida o‘rganish o‘tkazildi. Shunga ko‘ra, tezkor chora-tadbirlar belgilanib, Madaniy meros agentligidan ekspertlar jalb qilindi va “Abdullaxon” madrasasi orqa qismi devorining o‘pirilib tushgan bo‘lagini belgilangan tartibda tegishli loyiha asosida qayta tiklash va zaruriy restavratsiya ishlarini tashkil etish ishlari kelishib olindi”, deyiladi ma'lumotda.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston prezidentining 2021 yil yanvarda Buxoro viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar va kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan yig‘ilish bayoniga ko‘ra, tezkor ta'mirlanishi kerak bo‘lgan 40ta madaniy meros obektlari ro‘yxatiga “Abdullaxon” madrasasi ham kiritilgan. 

“Hozirda “Madaniy Meros LITI” MChJ tomonidan ancha avval boshlangan obidani ta'mirlash-tiklash bo‘yicha loyiha hujjatlari deyarli tayyor bo‘lib, loyiha bo‘yicha tegishli tashkilotlar xulosasi olingandan so‘ng ta'mirlash-tiklash ishlari tezkorlik bilan boshlanishini ma'lum qilamiz. Loyiha hujjatlari kelishilgunga qadar, obektdagi devorlarni mustahkamlash va tirgaklar qo‘yish ishlari olib boriladi. 

Hozirda viloyat madaniy meros boshqarmasi va Buxoro shahar hokimligi tomonidan obektning qulagan qismi o‘rab olinib, hududda harakatlanishni taqiqlash bo‘yicha muhofaza belgilari o‘rnatib chiqildi hamda madrasaning o‘zida doimiy faoliyat yurituvchi shtab tashkil etildi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, obidani to‘liq ta'mirlash va tiklash ishlari uchun taxminan 6 mlrd so‘m miqdorida mablag‘ talab etiladi”, deyiladi xabarda. 

Obidaning umumbashariy qiymatini saqlash, unda tiklash, restavratsiya va ta'mirlash ishlarini amalga oshirish bo‘yicha olimlar, restavratorlar va malakali mutaxassislar tomonidan o‘rganishlar o‘tkazilgan holda, zarur chora-tadbirlar belgilanishi haqida hukumatga aniq takliflar yuborilgani aytiladi.

Ko‘proq yangiliklar: