XVJ jahon iqtisodiyotini tiklash uchun 650 milliard dollar ajratilishini ma'qulladi

Iqtisodiyot 10:55 / 03.08.2021 9786

Xalqaro valuta jamg‘armasi koronavirus pandemiyasidan keyin jahon iqtisodiyotini tiklash uchun o‘z zaxiralaridan 650 mlrd dollar ajratilishini ma'qulladi.

XVJ bu maqsadda rekord qiymatdagi 456 mlrd SDR (XVJning to‘lov birligi), ya'ni 650 mlrd dollar ajratadi. Ushbu mablag‘lardan 275 mlrd dollari bozori shakllanayotgan va rivojlanayotgan davlatlarga yo‘naltiriladi.

“Bu tarixiy qaror - XVJ tarixida SDR’ning eng yirik taqsimlanishi va misli ko‘rilmagan inqiroz vaqtida jahon iqtisodiyoti uchun emdoridir. SDR’ning taqsimlanishi XVJga a'zo barcha davlatlar manfaatiga xizmat qiladi”, deb aytgan jamg‘arma rahbari Kristalina Georgiyeva.

Mablag‘larni ajratish qarori 23 avgustda kuchga kiradi. Ular XVJga a'zo davlatlarga kvotalarga mutanosib ravishda o‘tkaziladi.

Georgiyevaning ta'kidlashicha, XVJ boy davlatlarni o‘z SDR’larini nochor davlatlar foydasiga yo‘naltirishga ko‘ndirishga urinib ko‘radi.

Jamg‘arma jahon iqtisodiyoti joriy yilda 6 foizga, 2022 yilda esa 4,9 foizga o‘sishini kutmoqda.

SDR (ing . Special Drawing Righs) – XVJning hisob-kitob birligi bo‘lib, unga a'zo davlatlarning kvotasiga mutanosib ravishda taqsimlanadigan, xalqaro hisob-kitoblarda ishlatiluvchi xalqaro zaxira aktiv. Biror mamlakat, agar zaruriyat tug‘ilsa, o‘ziga tegishli SDR’ni boshqa valutaga alshmashtirishi, garovga qo‘yishi, swap bitimlarda ishlatishi, u orqali qarzlarini qaytarishi mumkin.

O‘zbekistonning XVJda bugungi kundagi kvota ulishi 0,12 foizga teng. Bu degani taxminan 780 mln dollar (650 mlrd.ning 0,12 foizi) O‘zbekistonga taqsimlanishini anglatadi.

Ma'lumot uchun, 2021 yil 1 aprel holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi joriy yil boshiga nisbatan 1 foizga yoki 310,6 mln dollarga oshdi va 34,2 mlrd dollarni tashkil qilmoqda. 

Xususan, joriy yilning birinchi choragida davlat tashqi qarzi 156,7 mln dollarga kamayib, asosiy qarz to‘lovlari amalga oshirilishi va kurslar o‘zgarishi hisobiga 21,2 mlrd dollarni tashkil qilgan. Xususiy tashqi qarz esa 467,3 mln dollarga oshib, ushbu o‘sish asosan banklar hissasiga to‘g‘ri kelgan.

2021 yil 1 yanvar holatiga O‘zbekiston tashqi qarzining umumiy hajmi 33,8 mlrd dollarni, 2020 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra esa 24,6 mlrd dollarni tashkil qilgan. 

Davlat tashqi qarzining asosiy qismi Osiyo taraqqiyot banki (5 mlrd dollar), Jahon banki (3,8 mlrd dollar) va Islom taraqqiyot banki (0,9 mlrd dollar) hissasiga to‘g‘ri keladi.

Ko‘proq yangiliklar: