3 avgust kuni o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida prezident va tadbirkorlar o‘rtasida rejalashtirilayotgan muloqotga oid ma'lumotlar taqdim etildi.
«Joriy yil 9 oy yakunida budjetga 93 trillion so‘m soliq va 23 trillion so‘m bojxona tushumlari ta'minlanishi lozim.
Markaziy bank yil yakuniga qadar iqtisodiyotga ajratilgan kredit hajmini 135 trillion so‘mga yetkazish, shundan oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 9 trillion so‘m kreditlar ajratishni ta'minlasin.
Shuningdek, yillik inflatsiya darajasining prognoz ko‘rsatkichlari doirasida (10 foiz) bo‘lishini ta'minlash bo‘yicha barcha zaruriy choralarni ko‘rib borsin.
Umuman olganda, Qo‘chqorov yil yakuni bo‘yicha iqtisodiy o‘sish 6,5 foiz darajadan kam bo‘lmasligi uchun tarmoq va hududlar kesimida haftalik nazorat o‘rnatib, mavjud muammolarni hal etish va qo‘shimcha imkoniyatlarni ishga solish choralarini ko‘rib borishi kerak», degan davlat rahbari.
Yig‘ilishda tadbirkorlar bilan o‘tkazilishi rejalashtirilgan ochiq muloqot bo‘yicha ham to‘xtalib o‘tilgan.
«Xabaringiz bor, kelgusi haftada biznes vakillari bilan ochiq muloqot o‘tkaziladi. Bugungi kunga qadar respublika shtabiga tadbirkorlardan 10 mingdan ortiq taklif va mulohazalar kelib tushdi.
Toshkent shahridan – 1 ming 150ta, Toshkent viloyati – 950 ta, Qashqadaryo – 930 ta, Surxondaryo – 920 ta, Samarqand – 900 ta, Andijon – 880 ta, Namangan – 850 ta, Farg‘ona – 820 ta, Buxoro – 740 ta, Xorazm – 680 ta, Jizzax – 560 ta, Sirdaryo – 470 ta, Navoiy – 345 ta va Qoraqalpog‘istondan – 420 ta murojaat.
Ularda ko‘tarilgan masalalarning 8 mingdan ortig‘i yoki 86 foizi shaxsiy masalalarga oid bo‘lib (kredit va subsidiya ajratish, bo‘sh binolarni ijaraga olish, infratuzilmaga ulanish, soliq qarzdorligi, xususiy mulk himoyasi), hozirgi kungacha ularning yarmi joylarda hal etildi.
Qoraqalpog‘iston – 41 foiz, Andijon – 32 foiz, Buxoroda – 36 foiz, Jizzaxda – 36 foiz, Qashqadaryo – 34 foiz, Navoiy – 33 foiz, Namangan – 33 foiz, Samarqand – 32 foiz, Surxondaryo – 41 foiz, Sirdaryo – 37 foiz, Toshkent – 32 foiz, Farg‘ona – 39 foiz, Xorazm – 35 foiz va Toshkent shahrida – 21 foiz murojaatlar hal qilingan.
Shunday bo‘lsa-da, «Koll markazlar»ga kuniga 1 mingtagacha murojaat kelib tushmoqda.
Shu sababli, tadbirkorlarni qiynayotgan masalalar bo‘yicha qamrovni yanada kengaytirish maqsadida, murojaatlarni qabul qilish 10 avgustga qadar davom etadi.
31 ta vazirlik va idora rahbarlari o‘rinbosarlari hokimlar bilan birga, murojaatlarni tezkorlik bilan hal etishga shaxsan mas'ul bo‘ladi.
Hech bir murojaat o‘z holiga tashlab qo‘yilmasligi, Bosh vazir virtual qabulxonasida elektron ro‘yxatga olinishi va nazorat qilinishi kerak», deya prezidentning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Avvalroq prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti avgust oyining boshida bo‘lib o‘tishi va shu sabab takliflar 31 iyulgacha qabul qilinishi aytilgandi.
Davlat rahbarining matbuot kotibi Sherzod Asadov 2 avgustdagi brifingda Shavkat Mirziyoyev va tadbirkorlar uchrashuvi nima sababdan keyinroqqa qoldirilganiga izoh berdi.
«Murojaatlarning dinamikasidan kelib chiqqan holda shtab murojaatlarni qabul qilish muddatini yana bir necha kunga uzaytirmoqda. Kecha olgan ma'lumotlarimizga ko‘ra, bu muddat 5 avgustgacha cho‘zilyapti», degan Asadov.
Bundan avval bosh vazir o‘rinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov tadbirkorlardan tizimli takliflar kutayotganini aytib o‘tgandi.