Samarqandlik shaxs BMW mashinasi bilan Jizzaxda Nexia’ni yo‘ldan siqib chiqarib YTH sodir etdi va qochib ketdi

O‘zbekiston 17:05 / 03.08.2021 2601

Samarqand shahrida yashovchi shaxs o‘z boshqaruvidagi BMW mashinasi bilan Toshkentga ketayotib, Jizzax viloyati hududida Qashqadaryo viloyatida yashovchi shaxs boshqaruvidagi Nexia mashinasini siqib yo‘l chetiga chiqarib yuborgan. Oqibatda Nexia yo‘l-transport hodisasiga uchrab, shikastlangan. Unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan shaxs tan jarohatlari olgan. Bu haqda Jizzax viloyati IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, joriy yil 30 iyul kuni soat 14:35larda M39 Almati-Toshkent-Termiz xalqaro avtomobil yo‘lining Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani hududidan o‘tgan 976-kilometrida inson hayotiga xavf solgan yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan. Samarqand-Toshkent yo‘nalishida ketayotgan Samarqand shahrida yashovchi, 1988 yilda tug‘ilgan haydovchi, davlat raqam belgisi 10N020RA bo‘lgan BMW523 mashinasi bilan shu yo‘nalishda harakatlanayotgan Qashqadaryo viloyati, Nishon tumanida yashovchi, 1995 yilda tug‘ilgan haydovchi boshqaruvidagi Nexia mashinasining yo‘lini keskin siqib, uni yo‘l chetiga chiqarib yuborgan. Natijada, Nexia haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l o‘rtasidagi to‘siqqa borib urilib, ag‘darilib ketgan. BMW523 haydovchisi Nexia’ning beton to‘siqqa urilib ag‘darilganini ko‘rib to‘xtamagan va voqea joyidan qochib ketgan. Hodisa ular bilan bir yo‘nalishda kelayotgan yuk mashinasiga o‘rnatilgan videokuzatuv kamerasiga yozib olingan.

Olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari natijasida ushbu yo‘l-transport hodisasining kelib chiqishiga sababchi bo‘lgan BMW523 mashinasi haydovchisining shaxsiga aniqlik kiritilib, transport vositalari vaqtincha saqlash uchun jarima maydoniga qo‘yilgan.

Qayd etilishicha, mazkur yo‘l-transport hodisasida hech kim jiddiy tan jarohati olmagan. Faqat Nexia’da bo‘lgan bir nafar yo‘lovchiga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Hozirda holat yuzasidan Sharof Rashidov tumani IIB YHXB tomonidan surishtiruv olib borilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: