O‘zbekiston | 15:33
10135
4 daqiqa o‘qiladi

Yo‘llardagi qoidabuzarliklar uchun jarima ballari to‘g‘risidagi qaror loyihasi e’lon qilindi

Muhokamaga qo‘yilgan qarorga ko‘ra, jarima ballari haydovchilarga nisbatan faqat YHXX xodimlari tomonidan rasmiylashtirilgan ma’muriy bayonnomalar asosida hisoblanadi. Loyihada jarima ballari belgilanadigan qoidabuzarliklar ham sanab o‘tilgan.

Foto: Kun.uz

«Yo‘l harakati qoidabuzarliklarini jarima ballari asosida baholash tizimini joriy etish to‘g‘risida»gi hukumat qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.

Loyihaga ko‘ra, jarima ballari haydovchilarga nisbatan faqat YHXX xodimlari tomonidan rasmiylashtirilgan ma’muriy bayonnomalar asosida hisoblanadi.

Jarima ballari «E-jarimaball» moduli orqali, inson omilisiz, avtomatlashtirilgan tartibda hisoblab boriladi.

12 oy mobaynida yo‘l harakati qoidalarini buzmagan haydovchilarga rag‘batlantirish tariqasida birinchi jarima bali hisoblanmaydi.

Haydovchilarning oxirgi huquqbuzarligi uchun jarima bali hisoblangan vaqtdan boshlab, 6 oy davomida boshqa qoida buzmasa, umumiy jarima balidan ikki ball ayirib tashlanadi. Agar jarima balining umumiy miqdori ikki jarima balidan kam bo‘lsa, barcha jarima bali ayirib tashlanadi hamda jarima balini hisoblash muddati birinchi huquqbuzarlik sodir etilgan vaqtdan yangidan boshlanadi.

Haydovchilar o‘zining jarima ballari haqidagi ma’lumotlarni «E-jarimaball» moduli va maxsus mobil ilova hamda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali bilib olishi mumkin. Jarima bali haqida SMS xabar yuboriladi.

Jarima bali asosida transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxslarning elektron ma’lumotlar bazasi joriy etiladi.

Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimi orqali qayd etilgan yo‘l harakati qoidabuzarliklari bo‘yicha jarima ballarini hisoblanmaydi. Bu amaliyot qachondan boshlanishi noma’lum. Qaror loyihasida Ichki ishlar vazirligiga foto-video qayd etish tizimi orqali haydovchilarning shaxsiga aniqlik kiritish imkoniyati yaratilgandan keyin bu tizim orqali qayd etilgan qoidabuzarliklar uchun ham ball hisoblash yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga xulosa kiritish topshirig‘i ko‘zda tutilgan.

Qoidabuzarlik uchun qancha jarima ballari quyidagicha bo‘lishi belgilangan:

  • Texnik reglamentga muvofiq bo‘lmagan ko‘zgusimon va ruxsatnomasiz qoraytirilgan oynali transport vositalaridan foydalanganlik uchun - 0,5 ball;
  • Belgilangan harakat tezligini 20 km/soatdan ko‘p bo‘lmagan kattalikda oshirib yuborish - 0,5 ball;
  • Belgilangan harakat tezligini 20 km/soatdan ko‘p, 40 km/soatdan ko‘p bo‘lmagan kattalikda oshirib yuborish - 1 ball;
  • Belgilangan harakat tezligini 40 km/soatdan ko‘p, 60 km/soatdan ko‘p bo‘lmagan kattalikda oshirib yuborish - 1,5 ball;
  • Belgilangan harakat tezligini 60 km/soatdan ko‘p, 80 km/soatdan ko‘p bo‘lmagan kattalikda oshirib yuborish - 2 ball.
  • Svetoforning taqiqlovchi signaliga bo‘ysunmasdan o‘tish - 1 ball.
  • haydovchining yo‘lning qarama-qarshi tomoniga yoki bo‘lagiga chiqishi, xuddi shuningdek avariya holati yuzaga kelishiga sabab bo‘lsa - 2 ball.
  • Yo‘l-transport hodisasi yuz bergan joydan ketib qolish – 2 ball.

Haydovchilar huquqbuzarliklari uchun jarima ballari tizimi joriy etilishi haqida «Avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini ishonchli ta’minlash va o‘lim holatlarini keskin kamaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori 2022 yil aprelida qabul qilindi. Unda har bir yo‘l harakati qoidabuzarligi uchun 12 oy davomida alohida jarima ballari hisoblab borilishi belgilangan edi.

Qaror loyihasi muhokamasi 4 aprelgacha davom etadi. Qaror 2025 yil 1 maydan kuchga kiradi.

Mavzuga oid