Moliya vazirligi tomonidan “Davlat qarzi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi va jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Hujjatda davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining davlat qarzini boshqarishdagi vakolatlarini belgilash, qarz mablag‘larini boshqarishda parlament va jamoatchilik nazoratini o‘rnatish nazarda tutilmoqda.
Tahlil qilinishicha, O‘zbekiston nomidan mablag‘ jalb qilish va davlat kafolatini berish o‘ndan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solingan. Ammo respublika nomidan qarz olish va davlat kafolatini berishga oid amaldagi qonun va qonunosti hujjatlarida bir qancha kamchiliklar mavjud. Xususan:
- davlat qarzini boshqarishning asosiy prinsiplari va maqsadlari aniqlanmagan;
- davlat qarzini boshqarish siyosatini belgilovchi asosiy hujjat – davlat qarzini boshqarish strategiyasini ishlab chiqish va tasdiqlash jarayoni qonuniy belgilanmagan;
- davlat qarzini boshqarish bo‘yicha yagona vakolatli organ qonun darajasida belgilanmagan;
- davlatning shartli majburiyatlari qonun bilan tartibga solinmagan.
Natijada davlat qarzining tez sur'atlar bilan o‘sib borishi kuzatilmoqda, davlat qarzi bo‘yicha zarur mablag‘larni o‘z vaqtida to‘lashda qiyinchiliklar vujudga kelmoqda. Bu kelgusida davlat qarzi va shartli majburiyatlar hajmining keskin o‘sishi hamda makroiqtisodiy barqarorlik uchun xatarlarning ortishiga olib kelishi mumkin. Shu sababli davlat qarzi va davlatning shartli majburiyatlari bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish zaruriyati yuzaga keldi va “Davlat qarzi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.
Mazkur qonun bilan davlat qarzini boshqarish sohasini davlat tomonidan tartibga solishda Oliy Majlis, prezident, Vazirlar Mahkamasi, Moliya va Iqtisodiyot vazirliklari, Hisob palatasi, Markaziy bank vakolatlari belgilanmoqda. Hujjatda keltirilishicha, Moliya vazirligi davlat qarzini boshqarish sohasida yagona vakolatli organ bo‘ladi.