Iyul oyida benzin 4 foizga, propan narxi esa 5,5 foizga qimmatlashgan

Iqtisodiyot 11:21 / 02.08.2021 17911

2021 yilning iyul oyida iste'mol bozoridagi tovarlar va xizmatlar narxi o‘rtacha 0,2 foizga arzonladi. Taqqoslash uchun, 2020 yilning iyul oyida tovarlar va xizmatlar oy davomida o‘rtacha 0,3 foizga, 2019 yilda esa 0,4 foizga arzonlagan.

Joriy yil boshidan iste'mol sektorida narxlarning o‘sish darajasi 4,2 foizni, o‘rtacha oylik o‘sish darajasi esa 0,6 foizni tashkil etmoqda.

Yillik nisbatda inflatsiya o‘sish darajasi 11,1 foizga yetdi. Ma'lumot uchun, 2020 yilning iyul oyida yillik umumiy inflatsiya darajasi 14,4 foizni, 2019 yilning iyulida esa 13,5 foizni tashkil etgan.

Iyul oyida oziq-ovqatlar 0,9 foizga arzonlashgan bo‘lsa, xizmatlar 0,2 foizga, nooziq-ovqatlar esa 0,5 foizga qimmatlashgan.

O‘tgan oy davomida mavsumiy omillar sabab mevalar va yong‘oqlar 7 foizga, sabzavotlar va dukkaklilar 4,2 foizga, sut mahsulotlari va tuxum 0,6 foizga arzonlashgan.

Shunday bo‘lsa-da, go‘sht mahsulotlari 1,2 foizga qimmatlashgan.

Yillik nisbatda yog‘-moy mahsulotlari (1,5 barobarga), sabzavotlar, ildizmevalilar va dukkaklilar (25,6 foiz), mevalar va yong‘oqlar (16,5 foiz), shakar, qandolat mahsulotlari va desertlar (15,7 foiz) sezilarli darajada qimmatlashgan.

Nooziq-ovqat mahsulotlari tarkibida iyul oyida eng katta narx o‘sishi benzin (4 foiz) va propan (5,5 foiz) hisobiga to‘g‘ri keladi. Yillik hisobda benzin 40 foizga ko‘tarilgan.

Ko‘proq yangiliklar: