Hamrobekovdan Gutigacha. Superliga 2-davrasining eng muhim 10 transferi

Sport 14:42 / 02.08.2021 9781

5 iyuldan 1 avgust kuniga qadar O‘zbekistonda yozgi transfer oynasi ochiq bo‘lib, Superliga klublari o‘z tarkiblarini kuchaytirish harakatida bo‘lishdi. Moliyaviy jihatdan barqaror bo‘lgan klublar nomdor o‘yinchilar bilan kelishuvga erishgan yoki tarkibini deyarli yangilagan bo‘lsa, ba'zi jamoalar «ko‘rpaga qarab oyoq uzatishdi». Tribuna.uz Superliga 2021 yilgi mavsumi ikkinchi davrasidan oldin amalga oshirilgan eng muhim transferlar o‘nligini tuzdi.

1. Odil Hamrobekov

Sobiq klubi: «Shabab Al Ahli» (BAA)

Yangi jamoasi: «Paxtakor»

Transfer bahosi: 1 million yevro

Jaloliddin Masharipov va Igor Sergeyev singari o‘yinchilar mavsum boshida «Paxtakor»ni tark etgach, Odil Hamrobekov Transfermarkt portaliga ko‘ra Superliganing eng qimmat o‘yinchisiga aylangandi. Ammo 25 yoshli yarimhimoyachi ham 6 mart kuni BAAning «Shabab Al Ahli» jamoasiga o‘tgandi. Dubay klubida jarohat olgan Aziz G‘aniyev o‘rniga chaqirilgan Hamrobekov 5 oy o‘tgach, yana amaldagi chempion safiga qaytdi va transfer bahosi bo‘yicha yana Superliganing eng qimmatbaho ikki o‘yinchisidan biri bo‘lib turibdi. 

2. Dostonbek Hamdamov

Sobiq klubi: «Hatta» (BAA)

Yangi jamoasi: «Paxtakor»

Transfer bahosi: 1 million yevro

O‘zbekistonga qaytgan Superliganing yana bir qimmatbaho o‘yinchisi Dostonbek Hamdamov bo‘ldi. Amaldagi chempionning homiysi klubni tark etgach, «Paxtakor» moliyaviy muammolar sababli fevral oyida Hamdamovni BAAning «An-Nasr» klubiga transfer qilishga majbur bo‘lgandi. Bu klub esa 25 yoshli hujumkor yarimhimoyachini «Hatta» klubiga ijaraga berib yuborgan edi. Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev «Paxtakor»ga yangi homiylarni biriktirgach, poytaxt jamoasi rahbariyati Hamdamovni ortga qaytardi. Hamrobekov singari, Hamdamovning ham «Paxtakor»ga qaytishi klubni chempionlik uchun kurashda yana yaqqol favoritga aylantirdi.

3. Jasur Jaloliddinov

Sobiq klubi: «Andijon»

Yangi jamoasi: «Lokomotiv»

Transfer bahosi: 600 ming yevro

Jasur Jaloliddinov Rossiyaning «Lokomotiv» klubidan ortga qaytgach, barchasini yana boshidan boshlash uchun sobiq murabbiyi Otabek G‘ulomxo‘jayev qo‘l ostidagi «Andijon» safiga borib qo‘shilgandi. 19 yoshli yarimhimoyachi uchun mavsum yaxshi boshlangan, Jasur vodiy klubidagi yarim yillik faoliyati davomida avvalgi holatiga qaytishga erishgan bo‘lsa-da, klubining qoniqarsiz natijalari tufayli G‘ulomxo‘jayev iste'foga chiqarildi. Natijada Jasur ham birinchi davra tugashi bilan «Andijon»ni tark etib, 2-davra oldidan endi Toshkentning «Lokomotiv» jamoasi a'zosiga aylandi. Yosh yarimhimoyachi portugaliyalik mutaxassis Mikael Sekeyra qo‘l ostida yangi qirralarini kashf etishi mumkin.

4. Andriya Kaludjyerovich

Sobiq klubi: «Proletar» (Serbiya)

Yangi jamoasi: «Nasaf»

Transfer bahosi: 300 ming yevro

Qarshining «Nasaf» klubi yozgi transfer oynasida o‘z safini legioner hujumchi bilan kuchaytirdi. Nafaqat Superliga, OFK kubogida ham g‘oliblik uchun kurashishni maqsad qilgan Ro‘ziqul Berdiyev odatda bor e'tiborini mahalliy futbolchilarga e'tibor qaratib, 1 yoki 2 nafar legionerni jalb etadi va shunda ham mahalliy o‘yinchilardan bir bosh baland xorijliklarni jalb etadi. Bunga Dragan Cheran yoki Marko Stanoyevichni misol keltirish mumkin. Bu safar murabbiy Marko Stanoyevichning sobiq jamoadoshi Andriya Kaludjyerovichni Qarshi klubiga taklif etdi. Xorvatiya, Ispaniya, Shveytsariya, Avstraliya, Hindiston, Qatar va yana bir qator mamlakatlarda to‘p surishga ulgurgan tajribali hujumchi «Nasaf» hujum chizig‘ini kuchaytirish uchun chaqirilgan.

5. Boyan Matich

Sobiq klubi: «Partizan» (Serbiya)

Yangi jamoasi: «Paxtakor»

Transfer bahosi: 600 ming yevro

Moliyaviy jihatdan yana barqaror klubga aylantirilgan «Paxtakor» yozgi transfer oynasida kuchli tarkibini nomdor o‘yinchilar bilan yanada kuchaytirgan jamoaga aylandi. Hamrobekov va Hamdamovdan tashqari hujum chizig‘ida serbiyalik Boyan Matich ham taklif etildi. Serbiyaning «Partizan» klubi hujumchisi «Paxtakor»ni tark etgan Superliganing eng ko‘p maosh oluvchi hujumchisi Eren Derdiyo‘q o‘rnini to‘ldirish uchun taklif etilgan. Bungacha Serbiya, Janubiy Koreya va Gretsiyada faoliyat yuritgan 29 yoshli Matich joriy mavsumni Afinaning «Atromitos» klubida boshlagan bo‘lsa, yil yakunigacha O‘zbekistonda to‘p suradi.

6. Islom Kenjaboyev

Sobiq klubi: «Jyeju Yunayted» (J.Koreya)

Yangi jamoasi: «Qizilqum»

Transfer bahosi: 375 ming yevro

2020 yil yakunida «Nasaf»ni tark etgan Islom Kenjaboyevning xorijdagi faoliyati u qadar o‘xshamadi. 21 yoshli yarimhimoyachi yil boshida Janubiy Koreyaning «Jyeju Yunayted» klubi safiga o‘tgan bo‘lsa-da, turli sabablar tufayli legioner sifatida deyarli o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmadi. Natijada Koreyadagi 6 oylik faoliyatidan keyin klubi bilan kelishuvni o‘zaro bekor qilishga qaror qildi. Islomni Ro‘ziqul Berdiyev Qarshi klubiga chaqirgan bo‘lsa-da, Kenjaboyev o‘zi tug‘ilib o‘sgan Navoiyning «Qizilqum» klubiga o‘tishga qaror qildi.

7. Humoyun Murtazoyev va Sardor Abduraimov

Sobiq klubi: «Mash'al»

Yangi jamoasi: «Turon»

Transfer bahosi: 400 ming yevro / 350 ming yevro

Transfer reytingimizning 7-pog‘onasidan bir yo‘la ikki futbolchi joy oldi. Sababi Murtazoyev – Abduraimov juftligi bungacha «Nasaf» va «Bunyodkor»da ham birga o‘ynashgandi. Moliyaviy jihatdan kamtarona yillik budjeti bilan Superligada o‘rtamiyonalar safida borayotgan «Mash'al» klubi yozgi transfer oynasida ikki yetakchisini sotishga majbur bo‘ldi. Mavsum boshida tarkibini kuchaytirish uchun katta pul sarflagan «Turon» klubi 1-davradan keyin ham Superligada autsayderlar safini tark eta olmagach, 2-davra oldidan 10ga yaqin futbolchisi bilan xayrlashdi. Igor Shkvirin murabbiyligi qo‘l ostida bir qator yangi o‘yinchilar jalb etildi. Xususan, Muborak klubidan Humoyun Murtazoyev va Sardor Abduraimov transfer qilinib, ular bilan uzoq yillik shartnoma imzolandi. Bu futbolchilar tarkibi uchun katta xarajatlarni amalga oshirayotgan Yaypan klubini quyi o‘rinlardan yuqoriroq pog‘onaga olib chiqishi mumkin.

8. Bahrom Abdurahimov

Sobiq klubi: «Navbahor»

Yangi jamoasi: «Nasaf»

Transfer bahosi: 200 ming yevro

So‘nggi ikki yil davomida «Paxtakor», OKMK, «Navbahor» jamoalarida to‘p surgan Bahrom Abdurahimov yana «Nasaf»ga qaytdi. Ro‘ziqul Berdiyev andijonlik yarimhimoyachini maydon markazidagi raqobatni kuchaytirish uchun taklif etgan. Qolaversa, Abdurahimov OFK kubogida ham tajribasi bilan nisbatan yosh tarkibga ega vohaliklarga yordam berishi mumkin. Ammo Bahromning qaytishidan keyingi dastlabki o‘yini omadsiz chiqdi. Superliga doirasida «Lokomotiv»ga qarshi bahsda zaxiradan maydonga tushgan futbolchi qizil kartochka olib, mag‘lubiyatga (0:2) uchrayotgan jamoasini yanada qiyin vaziyatga tushirib qo‘ydi.

9. Martin Boake

Sobiq klubi: «Andijon»

Yangi jamoasi: OKMK

Transfer bahosi: 125 ming yevro

Italiya va Gana fuqaroligiga ega Martin Boake birinchi davrada «Andijon» safida o‘zini ko‘rsata oldi, deyish mumkin. 12 o‘yinda 2ta gol urgani yaxshi ko‘rsatkich emasdir, ammo 26 yoshli hujumchi jamoasining yarimhimoya chizig‘iga ham ko‘p yordam berdi. Boake o‘z o‘yini bilan Mirjalol Qosimov e'tiboriga tushgach, Olmaliq klubi bilan shartnoma imzoladi. Jismonan baquvvat o‘yinchi endi OKMKga sovrinli o‘rinlar uchun kurashishda yordam berishga intiladi.

10. Kosta Gutiner

Sobiq klubi: «Obolon Kiyev»

Yangi jamoasi: «Navbahor»

Transfer bahosi: 100 ming yevro

Yozgi transfer oynasida «Navbahor»dagi eng katta o‘zgarish tarkibida emas, murabbiylar shtabida ro‘y berdi. Samvel Babayan Namangan klubida rasman maslahatchi murabbiy sifatida ish boshlagan bo‘lsa-da, aslida norasmiy tarzda bosh murabbiy bo‘lib faoliyat olib borayotgani, tarkibga ham yangi o‘yinchilarni aynan u jalb etgani ko‘pchilikka sir emas. Ikkinchi davra oldi o‘tkazilgan yig‘inlar davomida 10dan ortiq futbolchilar, bir qator legionerlar ko‘rikdan o‘tkazilgan bo‘lsa-da, faqat 3 nafar xorijlik olib qolindi. Ular orasida klub Guti nomi ostida tanilgan braziliyalik Kosta Tenerio Guttiner bilan 2023 yil yakuniga qadar shartnoma imzoladi. Braziliya va Ukrainaning bir qator klublarida to‘p surgan 26 yoshli yarimhimoyachi Aziz Turg‘unboyevdan keyin «Navbahor» muxlislarining yoqimtoyiga aylanishi mumkin.

Usmon Ibodov

Ko‘proq yangiliklar: