O‘zbekistonliklarning ish haqi statistikasi e'lon qilindi
Statqo‘m ma'lumotlariga ko‘ra, eng ko‘p maosh moliyachilarda, eng kami esa shifokorlar va ijtimoiy soha vakillariga to‘g‘ri keladi. Hududlar kesimida eng yuqori maosh oluvchilar Toshkent shahrida yashaydi.
Sohalar bo‘yicha oylik ish haqlarining o‘sishini bu yerda ko‘rish mumkin.
Markaziy bank yil oxirigacha YaIM 6,8 foizga o‘sishini prognoz qildi
O‘zbekiston Markaziy banki o‘tgan chorakda YaIM o‘sish prognozini 5,8 foiz qilib belgilagan bo‘lsa, endi bu miqdorni 6,8 foizga oshirdi.
Markaziy bank asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi
Hafta davomida Markaziy bank asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Shu bilan birga, MB foiz koridori ±2 foiz bandga kengaytirildi hamda pul-kredit instrumentlari to‘plamiga bir qator o‘zgartirishlar kiritildi.
Fermerlarning bo‘shagan yerlarini aholi ijaraga olishi mumkin
Vazirlar Mahkamasining agrosanoat klasterlari va fermer xo‘jaliklari ixtiyoridagi g‘alladan (paxtadan) bo‘shagan yer maydonlarini aholiga berish nazarda tutilgan qaror loyihasi e'lon qilindi. Unda yerni “daftarlar”ga kiritilganlar va ishsizlarga 10 yilga ijaraga berish ko‘zda tutilgan. Savdo-sanoat palatasi loyihaga qarshi pozitsiya bildirdi.
Pensiya va nafaqalar miqdori oshiriladi
Joriy yilning sentyabr oyida pensiya miqdorlarini o‘rtacha 10 foizga oshirish nazarda tutilgan. 2020 yilda pensionerlarimizning pensiya miqdorlari bir marta 10 foizga, ikkinchi marta 7 foizga oshirilgan edi.
Qo‘yliq va Chorsu dehqon bozorlaridagi ulgurji narxlar internetda e'lon qilib boriladi
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Qo‘yliq dehqon bozoridagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va Chorsu bozoridagi go‘sht mahsulotlarining ulgurji narxlarini e'lon qilib borish amaliyotini yo‘lga qo‘ydi.
Ma'lum qilinishicha, ushbu amaliyot bozordagi ulgurji narxlar balansini me'yorga keltirish va boshqa bir necha o‘rinlarda yaxshi samara beradi.
Markaziy bank dori-darmon va oziq-ovqat narxlari keskin oshishi ehtimolidan ogohlantirdi
Kelgusi oylarda pandemiya bilan bog‘liq vaziyatning o‘zgarishi sharoitida dori-darmonlar, tibbiy xizmatlar va asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlari keskin oshishi mumkin. Markaziy bank hukumatni buning oldini olish bo‘yicha chora ko‘rishga chaqirdi.
O‘zbekistonda neft mahsulotlari ishlab chiqarish 32 foizga qisqardi
2021 yilning 1-yarmida O‘zbekistonda neft mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb uchdan bir qismiga kam bo‘ldi.
Yilning 6 oyida neft mahsulotlarini ishlab chiqarish (jami sanoatdagi ulushi – 2,6 foiz) 32,1 foizga qisqargan. Biroq buning sabablari keltirilmagan.
Fuqarolarning ishlamaydigan turmush o‘rtoqlari ham pensiyaga chiqishi mumkin
Endilikda ishlovchi fuqarolarga ishlamaydigan turmush o‘rtoqlari kelgusida pensiyaga chiqishi uchun o‘z daromadlaridan ixtiyoriy ravishda ijtimoiy soliq to‘lash huquqi beriladi.
Yilning birinchi yarmida 105 million dollarlik davlat mulki sotilgan
2021 yilning birinchi yarmida 1,1 trillion so‘mlik (105 million dollar) davlat mulki sotilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan to‘rt yil ichida 150 million dollarga teng bo‘lgan. 2021 yil yakunigacha xususiylashtirish jarayonlaridan budjetga 600 million dollar tushum bo‘lishi kutilyapti.