“Yil oxirigacha bolalarni bog‘chalarga qamrab olish 67 foizga yetkaziladi” - Behzod Musayev

O‘zbekiston 22:13 / 31.07.2021 3935

“Maktabgacha ta'lim qamrovini yil boshidagi 60 foizdan yil yakuniga qadar 67 foizga yetkazishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Shunga asosan 2021 yilning o‘zida 225ta MTT qurish va rekonstruksiya qilish ishlari bajarilmoqda.

Prezident qaroriga muvofiq, MTT bilan qamrov darajasi past bo‘lgan 53ta tumanda alohida manzilli ish olib borish belgilangan. Unga asosan 2021-2022 yillarda 2 mingta oilaviy nodavlat MTT faoliyati yo‘lga qo‘yiladi, 50 ming nafar tarbiyalanuvchi uchun yangi o‘rinlar yaratiladi.

Umumiy quvvati 11 ming o‘rindan ziyod bo‘lgan 100ta davlat-xususiy sherikchilik asosidagi bog‘chalar ish boshlaydi. Shuningdek, quvvati 7,5 ming o‘ringa teng bo‘lgan 50ta MTT yangi quriladi. Qolaversa, davlat va nodavlat MTT tarmog‘ini kengaytirish hisobiga ularning soni 20 mingtaga yetkaziladi va 7,5 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi”, – deya Behzod Musayevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Avvalroq maktabgacha ta'lim vaziri o‘rinbosari Maqsud Yo‘ldoshev 2021 yilda maktabgacha yoshdagi bolalarning 65 foizi bog‘chaga qamrab olinishini aytgandi.

Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi rahbari Ulug‘bek Toshkenboyev maktabgacha ta'lim muassasalariga qamrov bo‘yicha qo‘shib yozish holatlari avj olayotganini ta'kidlagan.

Davlat xizmatlari agentligi bino va o‘rinlar kamligi uchun salkam 1,2 mln nafar bola davlat bog‘chalariga borish imkoniyatiga ega emasligi, har yili o‘rtacha 700 ming nafar boladan faqatgina 500 mingiga bog‘chaga yo‘llanma berilishini ochiqlagandi.

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ayni paytda bolalarni bog‘cha bilan qamrab olish darajasi 60 foizni tashkil etishi, maktabgacha ta'lim qamrovini oshirish uchun 100 million dollar ajratilishini ma'lum qilgan.

Senat raisi Tanzila Norboyevaga ko‘ra, O‘zbekistonda maktabgacha ta'lim qamrovini 2025 yilga qadar deyarli 100 foizga yetkazish maqsad qilingan.

Ko‘proq yangiliklar: