Qishloq hayoti, nemis dehqonlari siri – Germaniyadagi o‘zbek agronomi bilan suhbat

Jamiyat 16:44 / 31.07.2021 15660

Uzbeklife xorijdagi vatandoshlar bilan intervyularni davom ettiradi. Navbatdagi suhbatdoshimiz Sanjar Mahkamov Germaniya Weihenstephan-Triesdorf amaliy fanlar universitetida xalqaro agrar menejment mutaxassisligi bo‘yicha magistr darajasini egallagan.

U nemis qishloq xo‘jaligi yutuqlari, qishloq hayoti va turmush tarzi haqida hikoya qilib berdi.

«Yoshlikdan agronomlikka qiziqish bo‘lgan»

Germaniyaga ilk marta 2009 yilda kelganman, u vaqtlarda Toshkent Irrigatsiya instituti talabasi edim va talabalik amaliyotini shu davlatda o‘tkazdim. 2010 yil O‘zbekistonga qaytdim.

O‘zim asli Jizzax viloyati Forish tumanida tug‘ilib o‘sganman. Yoshligim olis tog‘lar bag‘rida o‘tgan desam ham bo‘ladi. Biz tomonlarda sug‘oriladigan maydonlar yo‘q, barchasi lalmi yerlar va chorvachilik uchun juda qulay maydonlar hisoblanadi. O‘zbekistonda qishloqda o‘sgan inson borki, u albatta, yo chorvachilik, yoki dehqonchilikdan xabardor bo‘lib o‘sadi. Ko‘pincha kelajak kasbini ham shunga yaqin sohalarda davom ettiradi. Men ham yoshlikdan agronomlikka qiziqish va dunyo ko‘rishga bo‘lgan havas tufayli bakalavrdagi muvaffaqiyatli tahsildan so‘ng o‘qishni xorijda davom ettirishga qaror qildim.

O‘qishni tamomlab, magistraturada ta'lim olish uchun yana Germaniyaga keldim va Germaniya Weihenstephan-Triesdorf amaliy fanlar universitetida xalqaro agrar menejment mutaxassisligi bo‘yicha magistr darajasini oldim. Magistr darajasiga erishib, shu yerda qishloq xo‘jaligida ish boshladim.

«Aholining ikki foizigina qishloq xo‘jaligi sohalarida ishlaydi»

Qariyb 8 yildan beri agronom sifatida ishlab kelaman va ayta olamanki, ikki davlat qishloq xo‘jaligi, yerga munosabat tamoman farq qiladi. Bu nimalarda ko‘rinadi? Birinchidan, O‘zbekistonda haligacha qo‘l mehnati asosiy o‘rinda turadi; bu yerda esa texnikalar qishloq xo‘jaligini egallab bo‘lgan, keng ko‘lamda foydalaniladi. To‘g‘ri, qulupnayni mashina tera olmasligi mumkin, lekin umuman, qishloq xo‘jaligini texnikasiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Bunga olib kelgan omillar va ehtiyoj ham bor, albatta, masalan, jadal sanoatlashuv, industriyaning rivojlanishi ishchi kuchiga bo‘lgan talabni oshirgan. Aholining atigi 2 foizi qishloq xo‘jaligi va shunga oid sohalarda ishlaydi, lekin samaradorlik o‘ta yuqori.

Ikkinchidan, bu yerda dehqon har bir kilogramm g‘alla uchun o‘zida kuchli bosim his qiladi, yerdan maksimal foydalanadi, dorilarni ham o‘z vaqti va me'yorida beradi. Davlat dori va o‘g‘itlarni kamaytirish uchun harakat qilyapti, shu jihatdan dehqonlarga biroz qiyinchilik bor. Lekin bu ham aslida ekologiya va inson salomatligi uchun amalga oshirilayotgan tadbir aslida, chunki mineral o‘g‘it va dorilar yer osti suvlariga o‘tishi va sirkulyatsiya oxiri borib inson sog‘lig‘iga ta'sir etishi mumkin.

O‘zbekistonda esa vaziyat tamoman boshqacha, fermer yerning yakkayu yolg‘iz egasi emas, nima ekishni o‘zi mustaqil hal etolmaydi, fermer ishiga aralashuvlar ko‘p. Pishib yetilgan hosil ham tabiiyki davlatga topshiriladi.

Germaniyada nimani qancha ekishni dehqonlarning o‘zi hal qiladi. To‘la mustaqil bo‘lgan dehqon foydasini ko‘zlab harakat qiladi, barcha ishning tadbirini qiladi, qolaversa, ko‘rgan foydasi ham zarari ham o‘ziga. Qaysidir amaldor yoki organ xodimlari uning hosili o‘rimiga qarab, qanchasini o‘rdi, qanchasi qoldi, deb o‘tirmaydi. Xohlasa omborga joylaydi, xohlasa birdan sotib yuboradi.

Yaqinda o‘zim o‘sib-ulg‘aygan qishloqda bo‘lib qaytdim va yerda ter to‘kib ishlayotgan qishloqdoshlarim mehnatiga achindim. Xabaringiz bor, bu yil bahor qurg‘oqchil keldi, bu ayniqsa lalmi yerlardagi hosilga ta'sir qildi. Odamlar bir gektar yerdan 150 kilogramm bug‘doy olganini aytyapti, Germaniyada bunday natija uchun harakat ham qilib o‘tirmaydi. To‘g‘ri, bu o‘rinda Germaniya tabiatining o‘ziga xos xususiyatlari, lalmi yerlar uchun qulayligini ham ta'kidlab o‘tish kerak. Yog‘ingarchilik yil bo‘yi kuzatiladi.

Germaniyada qishloq xo‘jaligi yerlarining asosini lalmi yerlar tashkil qiladi. Joriy yil sersuv keldi, lekin o‘tgan 3 yil ancha qurg‘oqchil bo‘lgandi, shunda ham eng kam hosil beradigan qumloq, toshloq yerlarda kamida 1,5-2 tonnacha hosil olingan. Dehqonlar 25 foizdan ortiq zarar ko‘rmagan. Odatda lalmi hosildorligi yuqori yerlardan 10 tonnadan ziyod bug‘doy olsa bo‘ladi. Germaniyada yil davomida o‘rtacha 700 mm atrofida yog‘ingarchilik kuzatiladi. O‘zbekistonda o‘rtacha 200-300 mm yomg‘ir yog‘adi, lekin shu ham bir maromda bo‘lmaydi, suv kerak bo‘lgan aprel oylariga borib yomg‘ir yog‘may qoladi. Yog‘ingarchilik kutiladigan faslda yog‘inning kam bo‘lishi lalmi hosilga juda katta ta'sir qiladi.

O‘qishni tamomlab, dastlab SESVanderHave Deutschland biotexnologiya kompaniyasida ishladim. U yerda shakar lavlagi gibrid urug‘i ishlab chiqarish, urug‘lar seleksiyasi bilan shug‘ullandim. Taqdim etilayotgan urug‘larni sinov maydonlarida ekib yil davomida har xil kasalliklarga chidamligi, navlarning o‘ziga xosliklaridan ma'lumotlar jamlab parvarishlab oxirida olingan ma'lumotlarni tahlil qilib, mavjud navlardan farqini asoslab berardim.

2017 yildan buyon o‘simliklarni himoya qiluvchi dorilar, pestitsidlarni sinovdan o‘tkazadigan Field Research Support – dala tadqiqotlarini qo‘llab-quvvatlash kompaniyasida faoliyat olib boraman. Konsernlar dorilarni registratsiyadan o‘tkazib, bozorga olib chiqishdan oldin sertifikat olishdan avval dorilarni registratsiya beradigan kompaniyalarga taqdim etadi, ekin dalalarida sinovdan o‘tkazilgan va belgilangan talablarga javob beradigan dorilar registratsiya qilinadi.

O‘zbekistonda bu sohada qilinishi kerak bo‘lgan ishlar talaygina. O‘simliklarni himoya qiladigan, zararkunandalarga qarshi foydalaniladigan dorilarni xorijdan olib kirishda registratsiyadan o‘tkazish, nazorat qilish, qandaydir bir standartga tushirish O‘zbekistonda qat'iy tartibga solinmagan. Bu yerda vaziyat shundayki, qo‘lidan ish keladigan biznesmen dorilarni olib kelib registratsiyadan o‘tkazdirib olishi mumkin. Aksar hollarda byurokratiyaga duch kelinadi, bu katta-katta konsernlarning shundoq ham qiziqish past bo‘lgan O‘zbekiston bozoridan o‘zlarini tortishiga olib keladi.

Boshqa tomondan bu dorilarning zararli ta'siri degan tushuncha ham bor. Qaysidir meva yoki sabzavotga sepilganda dorining ma'lum foizi o‘sha mahsulotda qolib ketishi ham mumkin. Bu, albatta, sohaga oid bilimni, tajribani shakllantirishni va yuqori nazoratni talab qiladi.

Nemis qishloqlari nimasi bilan farq qiladi?

Bu ikki mamlakat rivojlanish jihatdan bir-biridan qanchalik farq qilsa, qishloqlari ham shu darajada farqli deya ayta olaman. Bu yerda siz ko‘zingiz o‘rgangan doimgi qishloqlarni ko‘rmaysiz, qishloq odamlarining har birida mol, qo‘y-echki, tovuq yoki oziq-ovqat yetishtiradigan tomorqa degan narsalar yo‘q. Uy hayvonlari boqiladigan bo‘lsa ham, o‘rnatilgan tartiblarga rioya qilish kerak, aksincha chorva yoki boshqa hayvon boqishga ruxsat berilmaydi. Odatda 1-2 sotixdan kattaroq tomorqani topa olmaysiz, bunda ham gullar va manzarali butalar parvarish qilinadi. Qishloqlari unchalik katta emas, ixchamgina, xo‘jaliklar soni ham u qadar ko‘p emas.

Germaniya chuqur sanoatlashgan mamlakat. Qishloq odamlari bir qismi shunday zavod-fabrikalar, supermarketlar, turli savdo va xizmat ko‘rsatish tarmoqlarida ishlaydi, umuman bu yerda ish turining o‘zi ham, ish ham ko‘p. Germaniyada yana bir tur kasb bor, ular kasallarni parvarish qilish, uyma-uy yurib bemorlarga yordam berish bilan shug‘ullanadi.

Qishloq hayoti

Rivojlangan davlatlar, jumladan, Germaniyada ham shahar va qishloq odamlari bir-biridan deyarli farq qilmaydi, ya'ni bir ko‘rishda bu shaharlik yoki qishloqlik ekanini bilmaysiz. Odamlarning suhbat mavzusi ham butunlay o‘zgacha, O‘zbekistonda oddiy qishloq odamlari gurungi qancha hosil olgani, bozordagi narx-navo, qimmatchilik, yog‘ yetishmasligi, pul yetishmasligi kabilar haqida bo‘lsa, Germaniyada bunday narsa yo‘q. Yuqorida ham aytdim, umumiy aholining 2 foizigina qishloq xo‘jaligi yoki dehqonchilikka oid sohalarda ishlaydi, bundan tashqari doimiy ish joyi va yuqori oylik-maosh, qishloq joylarda ham barcha maishiy muammolarning hal etilgani sabab bo‘lsa kerak. O‘zbekistonda qishloqda hamma dehqonchilik bilan bevosita shug‘ullanadi.

O‘xshash taraflari ham yo‘q emas, masalan, bu yoqda ham qishloqliklar samimiyroq, biroz mehmondo‘st va oqibatli, shaharlar esa o‘tkinchiroq desa bo‘ladi. Umuman nemis qishloqlari tasvirini beradigan bo‘lsak, qishloqlar faqat shaharlardan biroz uzoqdaligi bilangina farq qiladi, ya'ni oqova suv, gaz, elektr kabi maishiy muammolar uchramaydi. 8 yildan beri qishlog‘imizda bir marta bir soat o‘chirishgan, avvaldan ogohlantirib. Ta'lim bu yerda qishloqda ham, shaharda ham bir xil: maktab binosi-yu o‘quv sifatigacha. Agar kichikroq qishloqlarda maktablar bo‘lmasa, eng yaqin maktabga avtobusda borish imkoniyati yaratilgan.

Yigitali Mahmudov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: