Iqtisodiyot assambleyasi, Eksportchilar uyushmasi raisi Muxtor Umarov Kun.uz'ga bergan intervyusida bugungi kunda hukumat va tadbirkorlar o‘rtasida to‘siq bo‘layotgan masalalarga to‘xtaldi.
«Hozirgi kecha-kunduzda tadbirkorlikka oid katta muammolarimizdan biri — davlat organlari bilan tadbirkorlar hamkorligi yo‘lga qo‘yilmaganida. Ko‘pincha aynan tadbirkorlar uchun qarorlar ishlab chiqiladi. Lekin tadbirkorlarimiz bu qarorlarni ishlab chiqishda faol emas.
Aslida qarorlar tadbirkorlarning talablariga asosan ishlab chiqilishi kerak. Biroq ularda bunday tushunchaning o‘zi yo‘q. Biz ma'lum bir qarorni chiqartirishimiz kerak deb to‘planib, maslahatlashib, huquqshunoslar yollab, qaror matnini tuzib, keyin bir taklif bilan hukumatga chiqish amaliyoti deyarli yo‘q bizda. Soddaroq aytsak, tadbirkorlar bilan hukumat idoralari bir-birlarini yaxshi tushuna olmaydi.
Hukumat idoralari vakillari ishlar bilan band, ularning vazifalari ko‘p. Tadbirkorlar ham xuddi shunaqa – o‘z tijoratini qilishi zarur. Qonun hujjatlari tadbirkorlikni rivojlantirishga ishlashi lozim. Qo‘pol qilib aytsak, hozirda tadbirkorlar boshqa tilda, hukumat boshqa tilda gaplashadi», deydi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumat tijoratchi emas, tadbirkorlar esa qonunchilikni yaxshi tushunmaydi. O‘rtada katta tushunmovchiliklar yuzaga keladi.
Muxtor Umarov hukumat va tadbirkorlar hamkorligida qaror ishlab chiqilganini ham ma'lum qildi.
«Iqtisodiyot assambleyasi mebelchilik sohasini rivojlantirish to‘g‘risida qaror qabul qilinishi bo‘yicha Prezident administratsiyasiga murojaat qildi. Tashabbusimiz qo‘llab-quvvatlandi.
Biz qarorni qaysidir vazirlikning majlislar zalida emas, aynan mebel fabrikasida o‘tirib ishlab chiqsak deb iltimos qildik. Mart oyida orzumiz amalga oshdi.
Mebelchilik fabrikasida barcha mutasaddi tashkilotlar rahbarlari tadbirkorlar bilan o‘tirib, ularning nozik muammolarigacha o‘rganib chiqishdi. So‘ngra qaror qabul qilindi. Ya'ni hujjat tadbirkorlarimiz qo‘ygan talablar asosida ishlab chiqildi. Tashabbusni qo‘lga olib vazirliklar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish vaqti keldi», deydi assambleya rahbari.
Ta'kidlanishicha, vazirliklar tadbirkorlarni eshitishlari kerak. Chiqariladigan qarorlar ularning foydasiga ishlaydigan bo‘lishi lozim.
«Hozirda tadbirkorlardagi katta muammo – jahon tajribasi yetishmayotganida, menejment va marketing tizimlari to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmayotgani, tadbirkorlarga kadrlar hamda chet el bilan aloqa va shartnoma qilish madaniyatining yetishmasligi bo‘lmoqda.
Bir muddat Amerika Qo‘shma Shtatlarida yashab, ishlaganman. U yerda davlat degan narsani deyarli ko‘rmaysiz. Soliq va bojxona qo‘mitasi yo‘q. Iqtisodiyot tadbirkorlarning qo‘lida, ular davlatni rivojlantiradi.
Iqtisodiyotni vazirlik rivojlantirmaydi, u faqat yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib, tadbirkor oldidagi to‘siqlarni olib tashlaydi. Vazirlik tijoratchi yoki tadbirkor emas.
Statistikaga ko‘ra, bugungi kunda iqtisodiyotda kichik va o‘rta biznesning ulushi 50 foiz. Ya'ni iqtisodiyotdagi tadbirkorlarning roli 50 foizni tashkil qilmoqda. Amerikada qancha desangiz, u yerda 92 foiz. Rivojlangan davlatlarda budjetning asosiy to‘ldiruvchisi bu kichik va o‘rta biznes hisoblanadi», dedi uyushma raisi.