«Bizni xavotirga solayotgan narsa, ayni paytdagi inflyatsion kutilmalar. Markaziy bank har oyda respublika bo‘yicha aholi va tadbirkorlarning kutilmalar bo‘yicha fikrini o‘rganadi.
Yil boshidan beri bu ko‘rsatkich 16 foiz atrofida shakllanyapti. Masalan, iyun oyida aholining kutilmalari 16,3 foizni tashkil qildi. Buning xavotirli tomoni doimiy ravishda kutilmalar baland shakllanib qoladigan bo‘lsa, bu makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha ma'lum nomutanosibliklarni keltirib chiqarishi mumkin.
Sodda tilda tushuntirib aytadigan bo‘lsak, iqtisodiyotdagi biror ishlab chiqarilayotgan mahsulotga boshqa omil ta'sir qilmasligi mumkin, lekin sotuvchi yoki ishlab chiqaruvchilarning kutilmalaridan kelib chiqib narx-navo oshadi. Kutilmalar pasaymayotganining asosiy sababi oziq-ovqat mahsulotlari narxlari yuqori bo‘layotgani bilan bog‘liq, chunki bu odamlarning qaror qabul qilishida bevosita ta'sir ko‘rsatadigan asosiy omil hisoblanadi.
Ikkinchi yana bir muhim omil, kutilmalarning pasayishida milliy valuta almashinuv kursining o‘rni ham muhim. Shu nuqtayi nazardan, hukumat va Markaziy bank tomonidan inflyatsion kutilmalarni pasaytirish uchun bevosita choralar ko‘rib boriladi.
Bugungi kundagi yana bir muhim omil — inflatsiya darajasi. Biz yilning boshidagi prognozlarimizda inflatsiyani 9-10 foizga tushiramiz deb aytganmiz. Bu prognozlar o‘zgarishsiz qoldi va yil oxirigacha inflatsiya 10 foiz yoki undan past darajagacha tushiriladi», – dedi Behzod Hamroyev.