Qo‘yliq va Chorsu dehqon bozorlaridagi ulgurji narxlar internetda e'lon qilib boriladi

Iqtisodiyot 20:19 / 30.07.2021 20593

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Qo‘yliq dehqon bozoridagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va Chorsu bozoridagi go‘sht mahsulotlarining ulgurji narxlarini e'lon qilib borish amaliyotini yo‘lga qo‘ydi.

Vazirlik boshqarma boshlig‘i Akrom Mo‘minov Kun.uz'ga bergan intervyusida mazkur jarayonning muhim jihatlariga to‘xtaldi.

“Ichki bozorda o‘tgan yili narxi arzon bo‘lgan mahsulot bu yil qimmat bo‘layotgani yoki qimmati o‘ta arzonligi ko‘p kuzatilmoqda. O‘rganishlar natijasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarda yetarli ma'lumotlar bazasi mavjud emasligi ushbu muammoning bosh omili ekani aniqlandi.

Mazkur masalaga yechim topish maqsadida, fermerlar va dehqon xo‘jaliklariga ayni paytda respublikamiz ichki bozorida shakllanayotgan narxlar to‘g‘risida ma'lumot berish tizimini yo‘lga qo‘ydik”, – deydi vazirlik vakili.

Ma'lum qilinishicha, ushbu amaliyot bozordagi ulgurji narxlar balansini me'yorga keltirish va boshqa bir necha o‘rinlarda yaxshi samara beradi.

“Mazkur amaliyot natijasida fermer yoki dehqon xo‘jaligi dalaning o‘zida turgan, o‘z mahsulotini sotish bo‘yicha shartnoma tuzayotgan paytda qo‘lida hozirgi narxlar bo‘ladi.

Shuningdek, doimiy ravishda narxni kuzatib borgach, muayyan ma'lumotlar bazasiga ega bo‘lamiz. Bu narxlar tartibi doimiy ravishda bazada saqlanadi. Qachonki, fermer yoki dehqon xo‘jaligi xohlasa, o‘sha davrdagi narxni ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Qolaversa, mazkur jarayon respublikada oziq-ovqat va narxlar barqarorligini ta'minlash imkonini beradi”, – deydi Akrom Mo‘minov.

Uning aytishicha, jarayon davomida narxlar har kuni e'lon qilib boriladi. Haftaning juma kuni esa narxlar dinamikasi bo‘yicha tahliliy materiallar chop etiladi.

Qayd etilishicha, Qo‘yliq dehqon bozoridagi 27 turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, xususan, meva, sabzavot, poliz va dukkakli mahsulotlarning ulgurji narxlari o‘rganiladi va e'lon qilib boriladi.

Chorsu dehqon bozori bo‘yicha esa qo‘y va mol go‘shtlarining ulgurji narxlari ma'lum qilinadi. Bu ma'lumotlar fermer, dehqon xo‘jaliklari va chorvachilik sohasi vakillari uchun signal vazifasini bajarib beradi.

Qo‘yliq ulgurji bozorida 27 turdagi meva, sabzavot va poliz mahsulotlari narxlari bo‘yicha ma'lumotlar ertalab soat 5:00 dan 7:00 ga qadar; Chorsu bozorida mol va qo‘y go‘shti narxlari bo‘yicha ma'lumotlar ertalab soat 5:00 va 8:00 oralig‘ida yig‘iladi.

Quyida 30 iyul kungi narxlar keltirib o‘tiladi.

Ko‘proq yangiliklar: