“Oziq-ovqat bo‘yicha strategiya ishlab chiqish uzoq vaqt talab qiladi” - Behzod Hamroyev

Iqtisodiyot 21:00 / 30.07.2021 12306

Aprel oyidagi matbuot anjumanida Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov O‘zbekistonda oziq-ovqat narxlari barqarorligini ta'minlash borasida yagona davlat strategiyasi ishlab chiqilayotgani borasida ma'lumot bergandi.

Unda oziq-ovqat narxlari o‘sishini sekinlashtirish uchun 3ta chora ko‘rilishi aytilgandi. Bular:

  • importni diversifikatsiya qilish;
  • transport xarajatlarini pasaytirish;
  • yetishtirilayotgan va ishlab chiqarilayotgan oziq-ovqat hajmlarini oshirish.

Bu borada ishlar boshlandimi, oziq-ovqat narxlari muammosini hal qilish bo‘yicha strategiya qachon ishlab chiqiladi, kabi savollar bilan Kun.uz muxbiri Markaziy bank boshqaruvining 29 aprelda bo‘lib o‘tgan navbatdagi yig‘ilishidan keyingi matbuot anjumanida MB raisi o‘rinbosari Behzod Hamroyevga yuzlandi.

Hamroyevga ko‘ra, strategiya ishlab chiqish – uzoq muddatli chora, tezda qabul qilishning iloji yo‘q. Uning ta'kidlashicha, bu strategiya qachon ishlab chiqilishi ham aniq emas.

“Oziq-ovqat mahsulotlari, ayniqsa shakar va yog‘ narxlarining oshishi o‘tgan yilning sentyabr-oktyabr oylaridan boshlangan. Mart-aprel oylariga kelib, eng yuqori oshish darajalariga yetdi.

Narx oshishiga qarshi qisqa muddatli va tez ta'sir qiladigan yoki fundamental va uzoq muddatli choralar ko‘rish mumkin. Fundamental, uzoq muddatga mo‘ljallangan choralar muammoning barcha sabablari bilan yechishga qaratiladi.

Qisqa muddatli choralar, masalan, o‘simlik yog‘ining QQSdan ozod qilinishi bo‘ldi. U qaysidir ma'noda tezkor ko‘rilgan chora.

Oziq-ovqat muammosini hal qilishga qaratilgan strategiya juda ham muhim. Tegishli vazirliklar hukumat komissiyasi bilan birgalikda bu borada ishlayapti. Biroq uni tezda yaratib bo‘lmaydi. Chunki aholimiz bugungi kunda 35 millionga yaqinlashgan bo‘lsa, 3-4 yildan keyin 40 millionga yetishi mumkin. Shu davrda qancha mahsulot ishlab chiqaramiz, qanday yetishtiramiz va resurslar – yer, suv ham chegaralangan. Bu ko‘proq ilmiy izlanishlar orqali hosildorlikni ko‘paytirish, yangi navlarni yaratishni taqozo etadi. Chorvachilikda mol soni oshgani bilan ichki bozorda go‘sht narxi pasaymasligi mumkin. Sababi, chorvani ozuqa bilan ta'minlash, iqlimga mos bo‘lgan navlarni yaratish uzoq muddatni oladi.

Bu strategiya, albatta, zarur, biroq tezda qabul qilinadigan narsa emas. Qachon qabul qilinishini esa aniq ayta olmayman”, – dedi Hamroyev.

Ma'lumot o‘rnida, 2021 yilning iyun oyidagi yillik inflatsiya darajasi 10,9 foizni (so‘nggi 4 yildagi eng past ko‘rsatkich) tashkil etdi. Bunda oziq-ovqat guruhi bo‘yicha yillik inflatsiya darajasi nisbatan yuqori – 14,7 foiz darajasida saqlanmoqda.

Markaziy bank boshqaruvining kechagi yig‘ilishidan keyin e'lon qilingan relizda regulyator hukumatni dori-darmon va oziq-ovqat narxlari keskin oshishi ehtimolidan ogohlantirgan.

Ko‘proq yangiliklar: