Bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev Oliy Majlis Senatining o‘n yettinchi yalpi majlisida joriy yilning dastlabki yarim yilligi bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining hisobotini e'lon qildi.
Qayd etilishicha, joriy yilning dastlabki yarim yilligida davlat budjeti daromadlari 74,9 trillion so‘mni tashkil qilgan. Shundan 61 trillion so‘mdan ortig‘i soliq tushumlari, qariyb 15 trillion so‘mga yaqin mablag‘lar bojxona organlari tomonidan undirilgan mablag‘lar hisobiga to‘g‘ri keladi.
O‘z navbatida mazkur davr mobaynida davlat budjetining barcha xarajatlari 79,3 trillion so‘mni tashkil etib, shundan 51 foizdan ortig‘ini ijtimoiy sohaga ajratilgan xarajatlar tashkil etgan.
Birinchi yarim yillikda o‘zlashtirilgan investitsiyalar prognozlarga nisbatan 30 foizga yuqoriroq bo‘lgan. Eksport hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 12 foizga ortgan.
Musayevning ma'lum qilishicha, birinchi yarim yillikda 4,8 milliard dollarlik investitsiyalar o‘zlashtirilgan. Bu yil boshidagi prognozlarga nisbatan 30 foizga ko‘pligi ta'kidlab o‘tildi.
2021 yilning dastlabki olti oyi davomida respublika bo‘yicha eksport hajmi 7 milliard dollardan ortiq bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 12 foizga ko‘pdir.
Shuningdek, «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturi doirasida 7794ta mahallalarda 20,8 trillion so‘mlik qurilish, ta'mirlash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilishi belgilangan.
Qayd etilishicha, aholining oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha chorvachilik sohasida 7,2 trillion so‘mlik 1828ta loyihalar tijorat banklari tomonidan moliyalashtirilmoqda.