1 avgustdan eksport va import bilan shug‘ullanadiganlarga qanday imtiyozlar beriladi? Eksportchilar uyushmasi raisi Muxtor Umarov bilan suhbat

Iqtisodiyot 19:47 / 30.07.2021 14691

1 avgustdan bojxonada qanday imtiyozlar joriy etiladi?

«Hukumatning 2021 yil 8 iyuldagi «Bojxona ma'muriyatchiligi va tartib-tamoyillarini yanada soddalashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori va uni tadbirkorlarga yetkazadigan foydasi haqida aytib o‘tsam.

Qaror manfaatdor vazirliklar bilan hamkorlikda, tadbirkorlarning talablaridan kelib chiqqan holda eksportga keng yo‘l ochish maqsadida ishlab chiqildi. Avval ham ittifoq davridan keyin qabul qilingan «Toleng kontraktlari» degan rejim bo‘lgan. Lekin uni deyarli ishlatish imkonsiz edi. Sababi unda buyurtmachi bo‘lishi kerak va tadbirkorlarimiz faqatgina xizmat ko‘rsatadigan mavqeda turib qolardi. Shu nuqtayi nazardan avvalgi qaror ishlamasdi. Yangi qaror bo‘yicha esa tadbirkor xomashyoni o‘zi sotib olishi, maxsus bojxona shartnomalari asosida olib kelishi, QQS, aksiz va boj to‘lamasdan xomashyoni qayta ishlab 180 kun ichida eksportga yo‘naltira olishi mumkin. Yuqoridagi soliqlardan ozod qilinishi, mahsulot tannarxiga bevosita ta'sir etuvchi omil hisoblanadi.

Ikkinchi tarafdan, tadbirkor savdo-sotiq bilan shug‘ullanishi mumkin. Erkin bojxona ombori statusida xorijdan mahsulotni sotib olib, import    erkin savdoga chiqarish rejimiga qo‘ymasdan turib, uni ikkinchi yoki uchinchi mamlakatga eksport qilib yuborishi mumkin. Bu ham tadbirkorlarni QQSdan ozod qiladi.

Avval reeksport qilmoqchi bo‘lgan tadbirkor mahsulotni olib kirib, QQS to‘lardi, erkin savdoga chiqarib keyin chetga eksport qila olardi. Endilikda qaror bilan bu tartib ancha soddalashtirildi. Natijada Sharqiy Osiyo, Pokiston, Afg‘onistondan mahsulotlarni sotib olib Yevropaga sotishimiz imkoniyati yaratildi. Hozirgi vaqtda kema orqali yuk tashishga 40 kun ketsa, O‘zbekistondan Yevropaga mahsulotlarni yetkazib berish maksimal tezligi 7-8 kunni tashkil etyapti. Temir yo‘llarning jozibadorligi yuk tashuvlarida yildan yilga o‘sib boryapti, shu ma'noda qaror xalqaro savdo bilan shug‘ullanishda qo‘l kelishi shubhasiz.

Qaror xalqaro raqamli tijorat – digital trading uchun ham muhim o‘rin tutadi. Chunki tadbirkor mahsulotni ishlab chiqarib maxsus bojxona omboriga olib chiqib qo‘ya oladi. Chet eldan buyurtma kelgan zahoti mashinalarga yuklab chiqarib yuboradi. Raqamli tijoratda bir kun ham muhim rol o‘ynaydi. Misol uchun, Yevropadan kelgan buyurtmani 8 kun emas, 7 kun ichida yetkazib beradigan bo‘lsa bu tadbirkorga yanada ishonchni oshiradi. Shu ma'noda qaror raqamli tijoratni rivojlantirishda ijobiy rol o‘ynaydi.

Xalqaro savdo uchun qulay bo‘lgan geografik joylashuvimizdan samarali foydalana olsak va xalqaro savdoda o‘z o‘rnimizni topa olsak, bu mamlakatimizning tez rivojlanishiga katta hissa qo‘shadi», deydi Umarov.

Eksport va import tizimida qanday muammolar bor?

«Sertifikat berish tizimini mutlaqo yangicha tarzda ko‘rib chiqish kerak. Barcha sertifikatlar raqamli tarzda amalga oshiriladigan, inson faktori deyarli ishtirok etmaydigan tarzda, qisqa muddatda beriladigan mexanizmlarni yaratishimiz zarur.

Bundan tashqari, bank mexanizmlarini ham yo‘lga qo‘yishimiz kerak, bank instrumentlarini ishlatish, ayniqsa, xalqaro savdolarda nihoyatda muhim.

Chunki xalqaro savdoda turli xil bank instrumentlari mavjud, masalan, eng soddasi letter of credit, ya'ni kredit xati, akkreditiv, discounting – bular bizda deyarli ishlamaydi. Bu narsa xalqaro savdolarni amalga oshirishimizda kattagina to‘siq bo‘lyapti.

Bank, logistika, tranzit yuklarni o‘tkazishda va boshqa eksportga oid sohalarda islohotlarni jadallik bilan olib borishimiz kerak. Buni qaysidir katta doiradan ruxsat berishini kutmay, tashabbus bilan chiqib joy kuydirish bilan bajarsa bo‘ladi.

Raqamli tijoratni hamma xohlayapti: hukumat ham, tadbirkorlar ham. Lekin amalda raqamli savdolarda natija yo‘q desam mubolag‘ali emas. Katta-katta miqdordagi tovarlarimiz haliyam eski usulda amalga oshyapti, buni tadbirkordan xaridorga yetkazib berish bo‘yicha bank sohasida muammolar bor.

Mutasaddi rahbarlar bunga e'tibor qaratishi zarur. Misol uchun peymi sistemasi ishlamaydi. Peymi ishlamasa, tadbirkor Amazon orqali tovar sota olmaydi. Shu uchun tadbirkorlarimiz uchinchi mamlakatlarda hisob raqam ochib, o‘sha hisob raqamga pul o‘tkazib, keyin savdoga kirib boryapti.

To‘g‘ri, Amazon yaqinda O‘zbekistonni o‘zining rasmiy hamkorlariga qo‘shdi. Lekin bunday to‘lov tizimlarining ishlamasa, uyda o‘tirib, deylik, hunarmandchilik mahsulotlarini sota bo‘lmaydi. Boshqa davlatlar kelib bizdan ko‘tara olib ketib, 10 baravar qimmatiga donalab sotyapti. Demak, biz iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishni istar ekanmiz, bu boradagi og‘riqli nuqtalarimizni o‘nglashimiz darkor.

Tadbirkorlarimiz esa qaysi platforma bo‘lmasin, Amazon, Alibaba yoki boshqa platformalarni o‘rganib chiqishlari zarur. Biz ham shu bo‘yicha maxsus kurslar tashkil qilyapmiz. Lekin shunisi ham borki, biz butun respublikani qamrab ololmaymiz.

Vaziyat shunga boryaptiki, kelajakda raqamli tijoratsiz savdo qilish qiyin. Pandemiya ham shuni ko‘rsatyapti. Bu tizim orqali nafaqat savdo qilish, balki investitsiyalar jalb etish ham mumkin.

Eksportchilar uyushmasi nodavlat-notijorat tashkiloti hisoblanadi. Bir necha eksport kompaniyalari birlashib shu tashkilotni tuzganmiz. Hukumatga yuqoridagi qarorni qabul qilish bo‘yicha ham uyushma tashabbus bilan chiqqan edi. Mana, natija bo‘lyapti.

3-8 sentyabr kuni mebelchilarni Yevropadagi eng katta mebel ko‘rgazmalaridan biriga olib ketyapmiz. Ularga qariyb 350 kv/metrdan oshiq maydon ajratildi va barcha xarajatlar davlat tomonidan qoplab berildi. Bu tadbirkorlarga katta yengillik beradi, chunki juda katta va qimmat ko‘rgazma sanaladi. Tarixda ilk bor mebelchilarimiz Istanbuldagi yirik ko‘rgazmada qatnashadi», deydi suhbatdosh.

Islombek Umaraliyev suhbatlashdi
Tasvirchi va montaj ustasi — Muhiddin Qurbonov

Ko‘proq yangiliklar: