Davlat aktivlarini boshqarish agentligi rahbari Akmalxon Ortiqov Buyuk Britaniyaning «bne IntelliNews» nashri bilan bo‘lgan suhbatda O‘zbekistondagi xususiylashtirish jarayoni haqida fikr bildirdi.
Ta'kidlanishicha, 2021 yilning birinchi yarmida 1,1 trillion so‘mlik (105 million dollar) davlat mulki sotilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan to‘rt yil ichida 150 million dollarga teng bo‘lgan.
«Biz endi iqtisodiy o‘sishni yanada rivojlantirish uchun yangi turtkilarni ko‘rib chiqmoqdamiz. Ushbu yangi kuchning xususiylashtirish jarayoni bilan ta'minlanishiga ishonamiz. Davlat yaxshi menejyer emas. Iqtisodiyotda davlatning yuqori darajadagi ishtiroki taxminan 50 foiz yoki undan ortiqroq. Bu esa raqobatbardosh bozorni yaratishga xalaqit beradi», dedi Ortiqov.
Xususiylashtirish jadallashtiriladi
2021 yilning birinchi yarmida sotilgan 105 million dollarlik davlat mulkining 80 million dollari 10ta yirik ko‘chmas mulk obektlarini, xususan, «Ichan Qal'a» mehmonxonasi va Toshkent markazidagi xavfsizlik xizmatining sobiq ma'muriy binosini sotishdan tushgan.
«Ko‘chmas mulk obektlari davlat korxonalari kabi tayyorgarlikni talab qilmaydi, lekin biz ko‘chmas mulk bilan cheklanib qolmaymiz. Bunga parallel ravishda davlat korxonalari tayyor holatga kelganidan keyin, ularni ham xususiylashtirishni boshlaymiz. Bu yil jami 900 dan ortiq davlat aktivlari sotuvga qo‘yiladi. Natija biz kutgandek bo‘lsa, bu yil xususiylashtirish jarayonidan 600 million dollar ishlab topishni rejalashtirmoqdamiz. Hozirda sotuvga qo‘yiladigan aktivlar orasidagi eng asosiy obektlar sifatida Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi, «Coca-Cola Bottlers Uzbekistan» MChJ aksiyalarining 57 foiz ulushi, «Kafolat» sug‘urta kompaniyasidagi davlat ulushini ko‘rsatish mumkin», dedi Ortiqov.
Mutaxassis 2020 yilda korxonalarni baholash bo‘yicha yangi standartlar qabul qilingan bo‘lsa ham, baholashni bu sohadagi muammolardan biri sifatida aytib o‘tgan. Uning fikricha, ilgari xususiylashtirish muvaffaqiyatsiz tugashining asosiy sababi bozor kutilmalariga mos kelmaydigan baholashning mavjudligi bo‘lgan.
«Ayni paytda biz ushbu yangi standartlarni tanqidiy jihatdan baholamoqdamiz, chunki ular xalqaro moliya institutlari ko‘magi bilan ishlab chiqilgan bo‘lsa-da, nima uchundir ko‘ngildagidek ishlamayapti», dedi Ortiqov.
Agentlik 1990 yillarning boshlarida Polshaning muvaffaqiyatli xususiylashtirish tajribasidan foydalanish uchun maslahatchilarni, shu jumladan, sobiq xususiylashtirish vazirini jalb qilgan. Kommunizm qulaganidan so‘ng darhol «shok terapiyasi» islohotlarini boshlagan Polshadan farqli o‘laroq, ko‘plab yirik o‘zbek kompaniyalari shu paytgacha davlat qo‘lida bo‘lib kelganligi aytib o‘tilgan.