“Aylanma yo‘llar orqali mahsulot olib kirish holatlarini bor ham, yo‘q ham deya olmaymiz” - Bojxona qo‘mitasi

Iqtisodiyot 16:59 / 28.07.2021 9723

“Aylanma yo‘llar haqida gapiradigan bo‘lsak, hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasining davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish ishlari deyarli yakunlangan. Faqatgina vodiy viloyatlarida ozgina uchastka ochiq qolgan. Sababi, u yerda qo‘shni mamlakat bilan kelishuv jarayonlari ketmoqda. Faqat shu yerlarda aylanma yo‘llar qolgan.

To‘g‘ri, aylanma yo‘llar orqali mahsulotlarni olib kirish holatlari yo‘q, demaymiz. Bor ham deya olmaymiz. Sababi, ushlab aniqlanganlarini OAV orqali kuzatishingiz mumkin, deyarli har kuni aniqlanyapti. Lekin hammasi aylanma yo‘llar orqali kiryapti, deyishimiz ham qiyin. Sababi xavf hech qachon yo‘qolmaydi. Xavf minimallashishi yoki yuqori bo‘lishi mumkin. Biz yuqori xavfni tizim orqali bartaraf qilishga harakat qilyapmiz. Lekin minimal havf ham o‘tib ketishi mumkin.

Masalan, siz yillar davomida halol tadbirkor bo‘lib ishlab kelgansiz, lekin sizning halol tadbirkor ekaningizdan foydalanib, qaysidir nohalol tadbirkor sizning yukingiz orasiga tovar tiqib olib kelishi mumkin.

Hozirda biz 70 foiz tovarni chiqib umuman ko‘rmayapmiz. Sababi, tadbirkorga ishonch bildiryapmiz. “Siz halolsiz, sizni tekshirmaymiz”, deyapmiz. Lekin u o‘zining halolligidan foydalanib, boshqasiga nohalol tovar tashishga imkoniyat yaratib berayotgan bo‘lsa, buni tizim yordamida aniqlash qiyin bo‘ladi.

Tadbirkorlarni har doim ogohlantirib o‘tamiz. Agarda holat aniqlangan taqdirda, tizim unga bir necha yillarga nohalol tadbirkor sifatida baho beradi va uni soddalashtirilgan tartibga umuman yaqinlashtirmaydi. Va uning kelgan barcha tovarlari to‘liq bojxona tizimidan, ekspertizadan o‘tkaziladi”, – dedi DBQ boshqarma boshlig‘i Farhod Olimjonov.

Ko‘proq yangiliklar: