Qashqadaryo viloyatida bir necha sohalarda o‘nlab korrupsion holatlar aniqlandi

Jamiyat 21:28 / 27.07.2021 11144

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimlari tomonidan joriy yil 6-14 iyul kunlari Qashqadaryo viloyatida davlat xaridlarini amalga oshirish holati o‘rganilgan. Ularda bir qator sohalarda o‘nlab korrupsion holatlar aniqlangan. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, o‘rganishlar davomida «dxarid.uz» maxsus axborot portaliga joylashtirilgan davlat xaridlariga oid amaldagi e'lonlar bo‘yicha 32 ta holatda 10,4 milliard so‘mlik ish va xizmatlar hali shartnomalar tuzilmasdan, e'lon muddati tugamasdan turib, pudratchilar tomonidan boshlab yuborilgan, hatto ishlar 100 foiz bajarilgan holatlar aniqlangan.

Jumladan:

– Qarshi shahar obodonlashtirish boshqarmasida 12 ta holatda 5 milliard 958,1 million so‘mlik;

– Kitob tumani tibbiyot birlashmasida 5 ta holatda 1 milliard 152 million so‘mlik;

– Nishon tumani xalq ta'limi bo‘limida 4 ta holatda 574 million so‘mlik;

– Shahrisabz tumani Axborot kutubxona markazida 1 ta holatda 553,7 million so‘mlik;

– Mirishkor tumani Obodonlashtirish boshqarmasida 2 ta holatda 527,6 million so‘mlik ishlar shartnomalar tuzilmasdan boshlab yuborilgan va ayrimlarida ishlar to‘liq bajarilgan.

Bundan tashqari, Qarshi tumani Obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i S.U. «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonunning 19-moddasini qo‘pol ravishda buzgan holda o‘zining singlisi S.Sh. ta'sischiligidagi «T.G.K.» fermer xo‘jaligi bilan 149,1 million so‘mlik gul ko‘chatlarini o‘tkazish bo‘yicha shartnoma tuzgan. 27,1 million so‘m asossiz xarajatlar hisobotga kiritilib, ortiqcha mablag‘ olinishiga yo‘l qo‘ygan.

Shahrisabz tuman Obodonlashtirish boshqarmasi buyurtmachiligidagi «Obod qishloq» dasturi asosida 2 ta mahallada piyodalar yo‘lagi qurish va tungi yoritish chiroqlarini o‘rnatishda «U.M.» MChJ tomonidan 67 million so‘mlik bajarilmagan ishlar qo‘shib yozilgan va smeta hujjatlariga materiallar narxlari asossiz oshirib ko‘rsatilgan.

Shuningdek, Respublika ixtisoslashtirilgan Narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qashqadaryo viloyat mintaqaviy filialida 2 dona tibbiy apparatdan 250 million so‘mlik kamomad mavjudligi ma'lum bo‘lgan.

Kitob tumanida joylashgan Qashqadaryo viloyat 2-son asab-ruhiy kasalliklar dispanserida Mobile X-Ray RU-510-rusumli bir dona rentgen apparatidan 582,8 million so‘mlik kamomad mavjudligi aniqlangan.

Tekshiruv davomida, 2-son asab-ruhiy kasalliklar dispanseriga yangi olib kelingan tibbiy apparat solingan katta hajmli quti xolislar, guvohlar ishtirokida ochib ko‘rilganida, uning ichida Mobile X-Ray RU-510 rusumli rentgen apparati mavjud emasligi, uning o‘rniga qog‘oz quti bilan o‘ralgan qizil rangdagi eski temir buyum (eski isitish qozoniga o‘xshash metall) turganligi ma'lum bo‘lgan.

Xalq ta'limi tizimi tashkilotlarida o‘tkazilgan o‘rganishlarda, Qarshi va Shahrisabz shaharlarida, Qamashi, G‘uzor, Dehqonobod, Mirishkor, Kasbi, Koson, Kitob, Nishon, Yakkabog‘ va Qarshi tumanlarida qonunbuzilishi holatlari aniqlangan. Ya'ni elektron do‘kon (milliy do‘kon) va elektron auksionlar orqali 2020 va 2021 yilning o‘tgan davri mobaynida «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonunning 40 va 43-moddalariga zid ravishda, davlat xaridlarini amalga oshirishning raqobatga asoslangan usullarini chetlab o‘tish maqsadida davlat xaridlari hajmini qismlarga bo‘lib tashlash holatlariga yo‘l qo‘yilgan.

Shuningdek, o‘rganishlar davomida xalq ta'limi bo‘limlarining 932 ta 3,5 milliard so‘mlik shartnomalari bo‘yicha davlat xaridlari hajmini qismlarga bo‘lib tashlab, noqonuniy ravishda shartnomalar tuzilganligi ma'lum bo‘lgan.

Ta'kidlanishicha, yuqorida aniqlangan qonunbuzilishi holatlari bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilish uchun tegishli materiallar Bosh prokuraturaga yuborilgan. Agentlikning hududlardagi o‘rganish tadbirlari davom etmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: