O‘zbekiston Markaziy banki yarim yillik yakunlari natijalaridan kelib chiqib, iqtisodiy o‘sish sur'atlarini qayta baholadi.
YaIM prognozlari qanday?
Yangilangan prognozlarga ko‘ra, 2021 yil yakunlari bo‘yicha YaIM hajmining real o‘sishi birinchi chorak yakunlari bo‘yicha prognoz qilingan dastlabki (4,5-5,5 foiz) ko‘rsatkichlardan 1 -1,3 foizga yuqori bo‘lib, 5,8-6,8 foiz doirasida bo‘lishi kutilmoqda.
Markaziy bank iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlashda asosiy omillarni keltirdi:
- 2021 yilda ham iqtisodiyotni fiskal rag‘batlantirishning davom ettirilishi;
- 2020 yilning 4-choragi va 2021 yil 1-yarim yilligida pul-kredit sharoitlarining o‘zgarishsiz saqlanib qolishi fonida yalpi talabning tiklanib borishi;
- iqtisodiyotni erkinlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tarkibiy islohotlar natijasida xususiy investitsiyalar jalb qilinishining jadallashishi.
Inflatsiya darajasi bo‘yicha kutilmalar qanday?
Regulyator 2021 yil uchun inflatsiya bo‘yicha prognozlarni 9-10 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi.
Iste'mol xarajatlari qanchaga o‘sadi?
Prognozlarga ko‘ra, yakuniy iste'mol xarajatlarining real o‘sishi 7-8 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Xususan, uy xo‘jaliklari iste'mol xarajatlarining 7,5-8,5 foizga va davlat boshqaruvi organlari xarajatlarining 7-8 foizga o‘sishi prognoz qilinmoqda.
Iste'mol hajmining real hisobda o‘sishi pandemiya sababli kechiktirilgan talabning yuzaga chiqishi hamda uy xo‘jaliklari daromadlarining tiklanishi bilan izohlanadi.
Investitsiyalar hajmi bo‘yicha prognozlar qanday?
Asosiy kapitalga investitsiyalar hajmi yil yakuni bo‘yicha 13-18 foizga, xususan, markazlashgan investitsiyalar hajmi 24-26 foizga, markazlashmagan investitsiyalar hajmi esa 10-16 foiz atrofida o‘sishi prognoz qilinmoqda.
Eksport importga nisbatan o‘sishi mumkin
Eksport hajmlari (oltin eksportini hisobga olmaganda) o‘tgan yili pandemiya sababli keskin kamayishidan so‘ng, ichki va tashqi iqtisodiy faollikning tiklanishi hisobiga joriy yilda 20-25 foiz atrofida, import hajmlarining esa 12-15 foizga o‘sishi kutilmoqda.