Namangan: Yuksalish mahallasida sel xavfi hali arimadi – selxona yo‘li yopib tashlangan

O‘zbekiston 23:13 / 21.07.2021 18308

20 iyul kuni Namangan viloyatining ko‘plab hududlarida kuchli yomg‘ir yog‘di. Natijada Namangan Kosonsoy, Davlatobod, Yangi Namangan, Pop tumanlarida sel kelgan.

Davlatobod tumanining Yuksalish mahallasida bir nechta xonadonlar seldan qulab tushgan. Ko‘p qavatli uylar yerto‘lasini suv bosgan.

Anasxon Kamalovning so‘zlariga ko‘ra, Kosonsoydagi tanishlariga telefon qilganida tanishlari katta sel kelayotganini, ehtiyot choralarini ko‘rish kerakligini aytgan.

Shundan so‘ng u barcha qo‘ni-qo‘shnilarni uyma-uy ogohlantirib chiqqan.

“Daraxtlarga narvon qilib qo‘ydik. Sel kattaroq kelsa suzishni bilmaydiganlar tepaga chiqib oladi degan maqsadda”, deydi u.

Tuman FVB boshlig‘i o‘rinbosari Sardorbek Rahimovning aytishicha, mahalla ahli balandroq hududdagi 46-sonli MTT binosiga ko‘chirilgan. Xavfsiz yerga o‘tkazilgan fuqarolarga kerakli yordam berilgan.

Mahalla raisi Karima Jo‘rayevaning so‘zlariga ko‘ra, ikkita xonadon umuman uysiz qolgan va hozirda ijaraga joylashtirish, ijara pullarini qoplab berish ishlari amalga oshirilmoqda. Raisning aytishicha, 21 iyul kuni ham mahalladagi aholining ayrimlari o‘z uylarida emas, MTT hududida qolishini bildirishgan.

Aholi xonadonlarini sel olishiga nima sabab bo‘ldi? Buning oldini olish mumkinmidi?

Talafot sababini o‘rganishga harakat qildik. Mahalla yuqori qismida sel kelgan paytda suvni selxonaga yo‘naltiradigan kanal bor. Ushbu kanal uzoq yillar shu kabi talafotlarning oldini olib kelgan.

Biroq ikki yil avval ushbu kanal yoniga suv taqsimlash inshooti qurilgan, kanal pastki qismi atrofiga sanoat zonalari barpo etilgan.

ztv3PDEIgA-yGfhAqv7x6iYOoCAOgY41.jpg (1280×720)

Suv inshootiga o‘tishdagi ko‘prik quvuri shu darajada kichik qo‘yilganki, ariqdan ozgina katta suv kelsa yo‘lga toshishi va yo‘lni yuvib ketish ehtimoli yuqori. Aholi vakillarining aytishicha, kechagi selda aynan shunday holat kuzatilgan.

Bundan tashqari, sanoat zonasi qurilishida kanalning past qismining ba'zi joylari yopib yuborilgan, ba'zi joylari toraytirib yuborilgan. Ushbu holat ham selning noto‘g‘ri yo‘nalishga oqishiga sabab bo‘lgan.

Sel yuvib ketgan yerga maxsus texnikalar yetib kelgan. Yo‘llarni yuvgan qismlari shag‘allash orqali ta'mirlangan.

FVV Farg‘ona vodiysi viloyatlarida sel xavfi kelishi ehtimoli borligi haqida tez-tez ogohlantirish berib turibdi.

Sel kelishi xavfi hali yo‘qolmagan bo‘lsa-da, sel yo‘lidagi kanal tozalanmagan va ko‘prik quvuri kengaytirilmagan.

Albatta, mahalliy mutasaddilar aholini evakuatsiya qilish, seldan zarar ko‘rgan aholiga yordam berish ishlarini amalga oshirgan. Lekin eng avvalo sel kelsa yana toshishi va yana o‘sha atrofdan aholi tomonga yo‘lni yuvib ketishi aniq bo‘lgan joy haligacha tozalanmagan va to‘g‘rilanmagan.

Mutasaddilardan tezkor choralar ko‘rishni va ushbu holatga amaliy munosabat berishlarini kutib qolamiz.

Tohirjon Tursunov,
Kun.uz muxbiri

Ko‘proq yangiliklar: