Murojaat ortidan Andijon viloyati Baliqchi tumani tibbiyot birlashmasi joylashgan Chinobod shaharchasiga bordik. Muammoli holat birlashma hududidagi qozonxona binosining elektron onlayn auksionda sotilishi bilan bog‘liq.
2019 yil 2 oktabr kuni tadbirkor Sardorbek Zulunov onlayn auksionda qozonxona binosini yutib olgan. Mana uch yildirki, tibbiyotchilar bino noqonuniy sotuvga qo‘yilganini isbotlashga urinishadi.
Darhaqiqat, bino “Andijon viloyati issiqlik manbayi” DUK tasarrufida deya e'tirof etilib, auksionga qo‘yilgani qanchalik qonun doirasida bo‘lganiga nisbatan haqli savollar bor.
TTB: “Hududimizdagi bino sotilganini bilmay qoldik”
Baliqchi tuman tibbiyot birlashmasi mas'ullari o‘zlariga tegishli bo‘lgan hududdagi binoning sotilishidan bexabar qolganliklarini bildirishdi.
Ular mazkur holatning qonuniyligini o‘rganish uchun yuqori turuvchi organlar va huquq-tartibot idoralariga murojaat qilishgan. Adliya bo‘limi mazkur binoning sotuvga chiqarilishi davomida bir qator qonun talablari buzilganini aniqlagan.
“Mazkur bino – tibbiyot birlashmasining kadastr hujjatlarida uning devor bilan o‘ralgan hududida ko‘rsatib o‘tilgan. Demak, qozonxona binosi tuman tibbiyot birlashmasi hududi ichida. Bino “Issiqlik manbayi” tashkiloti balansida bo‘lishi mumkin, lekin uning yer maydoniga egalik huquqi tibbiyot birlashmasiga tegishli.
Markaziy shifoxonaga ayni paytda kuchaytirilgan fizioterapiya, laboratoriya xizmatlari, fitoterapiya uchun binolar yetishmaydi. Biz yuqoridagi xizmatlarni optimallashtirish hisobiga bo‘shagan joylarga olib kirganmiz.
Bu binoning elektron auksionga qo‘yilib sotilishini bilganimizda berib qo‘ymas edik. Birlashmamiz uchun egalik xuquqi bilan bog‘liq qonuniy hujjatlarni belgilangan tartibda rasmiylashtirish qiyin emasdi”, – deydi tibbiyot birlashmasi boshlig‘i o‘rinbosari Jahongir Isomiddinov.
Birlashma huquqshunosi Sadirdin Mirzaqulov qozonxona binosi sotilish jarayoni o‘rganib chiqilayotgani, binoni iloji boricha birlashmaga qaytarish yo‘lida harakat qilinayotganini bildirdi.
“Tuman prokuraturasiga va adliya boshqarmasiga murojaat bilan chiqqanmiz. Adliya bo‘limi binoning Baliqchi tuman Majburiy ijro byurosi tomonidan onlayn-auksionga chiqarilishida qonun hujjatlariga amal qilinmagani haqida xulosa berdi”, – deydi S.Mirzaqulov.
Tadbirkor: “Barcha hujjatlarimiz joyida”
Qozonxona binosining ayni paytdagi egasi tadbirkor Sardorbek Zulunov binoga egalik huquqini beruvchi barcha qonuniy hujjatlarni ko‘rsatdi.
Darhaqiqat tadbirkorning qo‘lida binoni onlayn auksionda sotib olgani haqida “G‘oliblik bayonnomasi” va kadastr hujjatlari mavjud.
Adliya bo‘limi: “Bino MIB tomonidan bir qator qonun talablari buzilgan holda sotuvga chiqarilgan”
Baliqchi tuman adliya bo‘limi boshlig‘i Farruxbek Kunaboyev holat bo‘yicha quyidagicha izoh berdi.
“Baliqchi tuman adliya bo‘limi tomonidan 2021 yilning aprel oyida tuman tibbiyot birlashmasi rahbariyatinining murojaati o‘rganib chiqildi. Ushbu murojaatda Baliqchi tuman tibbiyot birlashmasi hududida kadastr qilingan “Issiqlik manbayi” DUK foydalanuviga tegishli bo‘lgan qozonxona binosini tuman Majburiy ijro byurosi tomonidan auksion.uz portali orqali xususiy tadbirkorlarga sotib yuborilgani holati qonuniyligini o‘rganib berishimiz so‘ralgan.
Murojaatni vakolat doirasida o‘rganib chiqqanimizda, bir nechta qonun buzilish holatlari aniqlandi. Xususan, Fuqarolik kodeksining 214-moddasiga ko‘ra, bevosita davlatga tegishli bo‘lgan mulkni xususiylashtirishga Oliy Majlis, prezident va hukumat rahbariyati hamda bevosita ushbu davlat mulkini nazorat qiluvchi idoralar rahbariyatining roziligi yoki boshqa qonun hujjatlarida ko‘zda tutilgan tartibda xususiylashtirish, begonalashtirish yoki sotilishi mumkin edi. Jarayonda kodeksning ushbu talabi buzilgan.
Bundan tashqari, “Sud xujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, auksion.uz savdo maydoniga chiqarishdan oldin Majburiy ijro byurosi xodimlari yoki davlat ijrochisi bevosita Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Andijon viloyat hududiy boshqarmasiga xabarnoma kiritishi shart edi.
Amaldagi qonun hujjatlari bo‘yicha, davlat mulkini sotish bo‘yicha alohida ishchi organ bu – O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va uni hududiy boshqarmalari hisoblanadi. Andijon viloyatida ham bu boshqarma mavjud. Majburiy ijro byurosi bu holatda umuman ular bilan kelishuvni amalga oshirmagan. Qonun hujjatlari talabi buzilgan.
Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2018 yildagi 454-sonli qarorida aynan davlat mulki obektlarini sotish va davlat mulkini ijaraga berish bo‘yicha elektron savdolar o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangan. Jarayonda nizom talablariga amal qilinmagan.
Shu tariqa, davlatga tegishli mol-mulk sotilishida qonun hujjatlari talablariga amal qilmaslik holatlari aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirildi. Holat yuzasidan qonunbuzilishlariga yanada kengroq o‘rganish, xolisona huquqiy baho berib, qonuniy chora ko‘rish uchun to‘plangan materiallar tuman prokuraturasiga taqdim qilindi. Hozirda prokuratura tomonidan o‘rganish ishlari ketmoqda.
Shuningdek, tibbiyot birlashmasi rahbariyatiga, tadbirkor va davlat tashkiloti o‘rtasidagi nizoli holatlar sud tartibida ko‘rib chiqilishi, sudga murojaat qilish tartibi tushuntirildi”, – deydi Farruxbek Kunaboyev.
Adliya bo‘limi mutaxassislarining bizga taqdim qilgan hujjatda, ob'ektni e-auksion.uz maydoni orqali sotuvga chiqarilganidagi “mulk haqidagi ma'lumotlar” ruknida ham mol-mulkka egalik huquqini tasdiqlovchi hujjat (guvohnoma) mavjud emasligi aks etgani ko‘rinib turibdi.
Xulosa o‘rnida
Tuman adliya bo‘limining xulosasiga ko‘ra, binoning Baliqchi tuman MIB tomonidan qonun hujjatlariga amal qilmay auksion savdosiga chiqarilishi – davlat tashkiloti, aholi va tadbirkor o‘rtasida ziddiyatli muammolarni keltirib chiqarmoqda.
Biz prokuratura o‘rganishi natijalari chiqqach, mavzuga yana qaytamiz.
Elmurod Ermatov,
Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi va montajchilar:
Jahongir Mahmudov,
Azizbek Ismoilov.