Men AQShga ketish haqida doim o‘ylab yurib, bunga qattiq intilgan emasman. Universitet (O‘zbekiston davlat jahon tillari)da birga o‘qigan juda ko‘p kursdoshlarim hali o‘qish vaqtidayoq turli vizalarga, grantlarga harakat qilishardi, ketish yo‘llarini o‘rganib chiqishardi. Ulardan ba'zilari hozir Amerikada yashaydi. Men esa talabalik yillarimni o‘zim qiziqqan futbol jurnalistikasini o‘rganish, turli nashrlarda ishlab tajriba to‘plab, turli loyihalar qilib o‘tkazganman.
O‘qishni bitirish arafasida Toshkentning “Lokomotiv” futbol klubiga matbuot kotibi sifatida ishga chaqirishgan, u yerda bir yil ishladim. Keyin O‘zbekiston futbol federatsiyasining matbuot xizmati boshlig‘i Sanjar Rizayev o‘zi rahbarlik qilayotgan bo‘limga ishga taklif qilgan. Xullas, o‘zim qiziqqan yo‘nalishda faoliyatimni qurib, o‘ziga yarasha kichik qadamlarni tez-tez bosib o‘tayotgan paytlar edi.
Hozir eslasam, oldimga qo‘ygan maqsadlarimga erishayotganimga qaramay, iqtisodiy holatim yaxshilanmayotgani haqida o‘ylay boshlagan, nimanidir o‘zgartirish kerakligi haqida bosh qotirib yurgan ekanman.
O‘zgarish qilishdagi variantlarimdan eng oxirida “grin kard” arizasini to‘ldirish turardi. Uni to‘ldirib qo‘yganman-u, unutganman, chunki lotereyaga umid qilib reja tuzish – tentaklik. Lekin ariza to‘ldirayotganimda, viza chiqsa ketishimga ishonardim.
Turmush o‘rtog‘im ham, men ham ingliz tilini bilamiz. Farzandimiz juda yosh, hali tili ham chiqmagandi. Iqtisodiy ahvolni o‘sha yerda turib yaxshilay olganimizda ham, biz ta'sir o‘tkazolmaydigan boshqa ijtimoiy-maishiy muammolar yetarlicha... Oila va yaqinlarning buguni, farzandlar kelajagi uchun – ketish, qolishdan ko‘ra yaxshiroq yo‘l deb bilganmiz.
Xullas, “grin kard” chiqqan va “sehrli diyor”ga yo‘l olganmiz.
Biz duch kelgan ilk muammolar
Birinchi muammo – AQShga ketayotganimda u yerda yordam berishi mumkin bo‘lgan tanishlarim deyarli yo‘q edi. AQSh – katta mamlakat, qayerga boraman, nima qilaman? Birgina ilinj bor edi: sinfdoshim Florida shtatining Orlando shahrida yashayotgani va borsam kutib olishi mumkinligini aytgan. U bizni kutib olib, avvaldan gaplashib qo‘ygan bir uyga olib bordi, boshpana masalasi vaqtincha shunday hal qilingan.
AQShga katta mablag‘ bilan ketmagandim, qolaversa, oilam ham birga ekani sababli ish topish muammosi paydo bo‘lgan. Grin-karta va boshqa hujjatlar AQShga kirib kelganimizdan keyin 30-40 kun ichida pochta orqali yetib kelishini hisobga olsak, ish variantlari karrasiga kamayib ketgandi. Bir oy ishlamay kutishni hamyon ko‘tarmasdi.
Sinfdoshim pitsseriyada ishlaydigan tanishi orqali pitssa yetkazib beruvchilikka ish gaplashib berdi. Ertasiga bor pulimning yarmiga eskiroq avtomobil sotib olib, O‘zbekistonda olingan haydovchilik guvohnomasini ro‘yxatdan o‘tkazib, sug‘urta olib, italyancha pitssaxonaga, o‘sha yigit yoniga borib, ish o‘rgandim. Keyingi kundan mustaqil ishlay boshladim. AQShga kelganimga uch kun bo‘lgandi o‘shanda. Birinchi ishim shu bo‘lgan. Keyinroq ajoyib tasodif tufayli logistika yo‘nalishida ish topdim. Aniqrog‘i, ish meni topgan. Keyin shu sohani yaxshilab o‘zlashtirganman.
Darvoqe, ingliz tilini bilganim bilan, til masalasida baribir muammolarim bo‘lgan. Birinchidan, bu yerga kelguncha doimiy muloqotga ehtiyoj bo‘lmaganidan, ehtiyoj tug‘ilganda ham ingliz tilini xuddi bizdek xorijiy til sifatida ishlatadiganlar bilan gaplashilgani bois, amerikaliklarni tushunishda yetarlicha qiyinchiliklar bor edi. “Iltimos, sekinroq gapiring...” deb yurardim o‘sha paytlar.
Amerika hayratlari
Dastlabki yillarda uzoq vaqt madaniy shok holatida yurganman va har kuni hayratlanish uchun yangi sabab topilavergan.
O‘lchov birliklari. Amerikacha empirik o‘lchov birliklari – g‘irt jinnilik. Masalan, og‘irlik funtda o‘lchanadi. Inglizchada pounds. Qisqartmasi – LB. Qisqartmadagi harflar so‘zning o‘zida yo‘q. Mayli. Bir funt – 45 gramm atrofida. Xo‘p, funt nimadan tashkil topgan? Unsiyalardan. Bir funt necha unsiya bo‘ladi shunda? 10mi? 100mi? Yo‘q – 16! O‘N OLTI. Mantiq? Bilmadim. Bu birgina og‘irlik o‘lchovi. Mil, fut, dyuym, yard, gallonlar haqida so‘ramay ham qo‘ya qoling. Yaxshisi telefonga maxsus dastur o‘rnatvoling va ko‘nikkuncha shundan foydalaning.
Tabassumlar. Ha, amerikaliklar juda sertabassum. Hech qachon ko‘rmagan va yana ko‘rib qolish ehtimoli kam bo‘lgan yetti-yot begonaga ham tabassum qilib o‘tib ketadi. Avvaliga g‘ayritabiiy, hatto o‘ng‘aysiz holat bo‘ldi. Ko‘pincha hayron bo‘lib yurganimdan javob tariqasida kulib qo‘yish ham esimdan chiqib ketardi. Hozir beixtiyor bu ishni qilishga o‘rganib qoldim. Hatto birinchi bo‘lib tabassum qilishim ham mumkin!
Amerikaliklar deyarli choy ichmaydi. Choy – estatlar, hipsterlar va immigrantlar uchun. Hamma kofe shaydosi. Do‘konlarda paketli choylar sotiladi. Lekin yaxshi bargli choy topish uchun do‘konlarni biroz aylanish, qidirish kerak.
Small talk. Navbatda yoki liftda o‘z xayollaringiz bilan turgan bo‘lsangiz, mutlaqo begona inson birdan: “Ishlar qalay? Havoni ajoyibligini qarang!” deya gap tashlab qolishi mumkin. “Small talk”lar amerikaliklar o‘rtasida juda keng tarqalgan va bu odatiy hol hisoblanadi. Biror aktualroq mavzu haqida luqma tashlab qo‘yishi yoki kiyimingizga “kompliment” qilib ketishi mumkin. Odatga ko‘ra, o‘sha navbat tugaguncha, liftda etajingiz kelguncha suhbatni quvvatlab turishingiz lozim. Bu ham meni hayratlantirgan o‘ziga xosliklardan biri.
Amerikada maishiy masalalar: maktab, bog‘cha, ish, uy, ijara, avtomobil, turli kommunal to‘lovlar...
Avtomobil. Sanoqli shaharlarni hisobga olmasa, AQShda avtomobilsiz yashash juda qiyin. Infratuzilma ham deyarli hammada avtomobil bo‘lishini nazarda tutadi. Kerakli joylar oralig‘ida masofalar uzoq, jamoat transporti juda kamqatnov va sekin.
AQSh – avtomobillar mamlakati. 330 millionga yaqin aholisi bor AQShda ro‘yxatdan o‘tgan avtomobillar soni 300 millionga yaqin. Ko‘p oilalar voyaga yetgan oila a'zolari soni bilan teng avtomobilga egalik qilishadi. Avtomobilda hamma ishingizni hal qilsangiz bo‘ladi. Bankka borsangiz ham, restorandan yegulik olsangiz ham, do‘kondan bozorlik qilsangiz, mashinadan tushish shartmas. Hamma bino katta avtoturargohi bilan quriladi.
Shunga yarasha, avtomobil olish ham oson. Avtomobillar bozorida raqobat o‘ta kuchli bo‘lgani sababli mijozlar uchun yengillik yaratadigan turli aksiyalarni topsa bo‘ladi. Oylik maoshdan kelib chiqib 5-6 yil bo‘lib to‘lashmi, banklardan qarz olish deysizmi – bari oson. Eskiroq mashinalarning narxi ancha arzon. Chunki yangisini o‘rtachadan kamroq oylik oladigan inson ham sotib olishga qurbi yetadi.
Ijara va uy. Amerikaning deyarli 45 foiz aholisi ijara uylarda yashaydi. Uyni ijaraga olish yoki xarid qilish – juda katta va doimiy muhokamalar mavzusi. Har ikki tomon fikrini qo‘llaydigan argumentlar yetarlicha.
Odatda quruvchi kompaniyalar yer sotib olib, maxsus, ijaraga berishga mo‘ljallangan uylardan iborat majmualar qurishadi. Har bir kompleksda uning ijarasi, uylarga xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanadigan maxsus ofislar qilinadi. Ijarachilarning juda katta qismi shunday komplekslarda yashashadi. Jumladan, men ham. To‘laydigan ijara pulingiz evaziga sizning uyingizda paydo bo‘ladigan qandaydir nosozliklarni ta'mirlash, uyingiz oldidagi maysalarni tekislab o‘rib turish, daraxtlarga qarash kabi ishlarning barchasini ma'muriyat o‘z zimmasiga oladi. Kompleksdagi basseyn, sport zallaridan qo‘shimcha haq to‘lamay foydalanish mumkin.
Amerikaliklar juda ko‘p ko‘chadigan, mobil xalq. Ish taqozosi, ob-havo yoki boshqa joyda barchasini yangidan boshlash kabi sabablar bilan juda ko‘p ko‘chishadi. Uy xaridi esa sizni o‘sha joyga bog‘lab qo‘yadi. Shuning uchun ham uy xaridi katta qaror hisoblanadi. Agar uzoq muddat bir joyda yashashingizga amin bo‘lsangiz, xarid qilgan yaxshi, albatta. Chunki 5-10 yillik ijara to‘lovni o‘z uyingiz uchun to‘laydigan bo‘lsangiz, ancha qismini “yopib qo‘yasiz”.
AQShga kelganimizga 4 yil bo‘lgan bo‘lsa, shundan ikki yarim yilini Florida shtatining Orlando shahrida yashadik, bir yarim yildan beri Ohayo shtatining Kolumbus shahrida istiqomat qilyapmiz.
Bog‘cha va maktab. Amerikaga ko‘chib kelgan vaqtimiz qizim Samira bir yarim yosh edi. Hali ikki yoshga to‘lmasdan bog‘chaga berganmiz. Bu yerda hatto tug‘ilganiga 3-4 oy bo‘lgan chaqaloqlar uchun ham maxsus guruhlar bo‘lishini ko‘rib, hayron qolgandim.
Samira maktabga chiqqunicha uch xil bog‘chaga bordi. Bog‘chalarning menga yoqqan tarafi – elektron pochtaga kun davomida bolangiz nimalar qilgani, qanday mashg‘ulotlarda qatnashgani, qancha uxlagani, qaysi kitoblarni o‘qigani, qaysi taomdan qancha tanovul qilgani, qaysi vaqtlarda hojatga borgani kabi o‘ta kichik detallargacha keltirilgan hisobot yuborilardi. Har bir bola uchun maxsus. Undan tashqari, mobil ilova orqali kun davomida ham bu hisobotlarni, mashg‘ulotlardan rasmlarni tomosha qilib tursa bo‘lardi.
O‘tgan yili avgustdan (o‘quv yili shu oydan boshlanadi) qizim bizdagi nolinchi sinfga to‘g‘ri keladigan bosqichda maktabga qatnay boshladi. Uni maktabga joylashtirish mobaynida o‘zimiz uchun maktablar uch xil turga bo‘linishini kashf qildik: davlat maktablari (public school), xususiy maktablar (private school) va charter maktablar.
Charter maktablar xuddi davlat maktablari singari bepul, ammo xususiy maktablardek mustaqil. Dasturni o‘zlari tuzishadi, o‘z ichki qoidalari bo‘yicha faoliyat yuritishadi. Charter maktablar qisman davlat va qisman homiylar tomonidan moliyalashtiriladi. Samira xuddi shunday charter maktablardan birida boshlang‘ich bosqichni tamomlab, yuqori ballar bilan birinchi sinfga muvaffaqiyatli o‘tdi. Pandemiya sabab darslari onlayn tarzda o‘tkazildi. Birinchi sinfni esa maktabning o‘zida, oflayn boshlaydigan bo‘ldi.
“Kelganiga yillar o‘tgan bo‘lsa-da, biror so‘z o‘rganmaganlar bor”
AQShda “o‘ziniki” bo‘lib ketish uchun bu yer endi uy ekanini anglash kerak. Uyi qayerda bo‘lsa, o‘yi o‘sha yerda. Umrining asosiy qismi bu yerda o‘tsa-da, unga ishxona yoki vaqtincha deb qarasa, o‘ziniki bo‘lmaydi. Buning ham yomon tarafi yo‘q. Hamma o‘z maqsadlari bilan keladi. Juda ko‘pchilikni bilaman, AQShga kelganiga yillar o‘tgan bo‘lsa-da, ingliz tilini o‘rganishga qunt qilmagan. Atrofi – o‘zining tilida gapiradiganlar. Ishni ham ko‘p gapirish kerak bo‘lmaganidan topadi. O‘zbek kanallarini ko‘radi, o‘zbekcha kontent iste'mol qiladi. Atrofida bo‘layotgan voqealardan bexabar bo‘lsa-da, o‘zbek estradasi, shov-shuvlardan xabardor. Chunki unga shu qulay. Unga bu yerda “o‘ziniki” bo‘lib ketishning keragi yo‘q. Qaytish fikri bilan yashaydi, qachon qaytishi noma'lum bo‘lsa ham.
Shu jamiyatning bir qismi bo‘lishni istagan va intilgan odam ijtimoiylashib keta oladi. Til o‘rganadi, tanishadi, muloqot qiladi, o‘qiydi, tahlil qiladi, munosabat bildiradi. Lekin hamma ham o‘zida bunga ehtiyoj sezmasligi mumkin.
“Har qanday kamsitish – irqiy yoki milliy – keskin qoralanadi”
Insonning biror belgisi (irqi, millati, jinsi, juz'iy kamchiligi) uchun kamsitish – eng qaltis va nozik masala bo‘lsa kerak. Bu masalada hatto hazil qilish ham o‘ta xavfli. Juda ko‘p mashhur stendap komiklar monologlarida shu mavzuda biror narsa deb yuborgani uchun ijtimoiy tarmoqlar, ommaviy axborot vositalari orqali hujumlarga uchraydigan holatlar tez-tez bo‘lib turadi.
Men bunga shu qadar ko‘nikib ketganimdan, Telegram-guruhlari yoki boshqa tarmoqlarda o‘zbekistonlik tanishlarim “n” harfi bilan boshlanuvchi so‘zni bemalol ishlatishsa, seskanib ketaman.
Shtatlar, shaharlar, qishloqlar – o‘zingizga mosini tanlang!
AQShga nima maqsadda, necha yoshda, qanday oilaviy holatda kelishga qarab, turli shtat va shaharlar mos kelishi mumkin. AQSh haddan tashqari katta. U alohida 50 mamlakatdan iborat desa ham bo‘ladi. Qaysidir biri sizga ko‘proq, qaysidiri kamroq mos kelishi tabiiy. Hamma uchun mana bu shahar eng zo‘ri deb ayta olmayman.
Masalan, siz talaba yoki o‘qishni endi bitirgan yoki kuchli bilimga ega bo‘lsangiz, qandaydir loyihalar qilish va dunyoni o‘zgartirish maqsadida kelsangiz, Kaliforniya eng mos keladigani bo‘lsa kerak. Gigant kompaniyalarga ishga kirishingiz, loyihangizga tezroq investor topishingiz mumkin.
Tilni bilmasangiz va hali nima ish qilishni o‘zingiz uchun aniqlab olmagan bo‘lsangiz, Nyu-Yorkda moslashishingiz osonroq kechishi mumkin. Bu yerda o‘zbek diasporasi kattaroq. Yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib, qo‘llab yuborishlari mumkin.
Siz yuk mashinasi haydovchisi bo‘lib ishlamoqchi bo‘lsangiz, sizga ko‘proq Ohayo, Kentukki, Illinoys taraflar mos kelishi mumkin. Logistik kompaniyalar ham ko‘p, shu yo‘nalishda tashishga yuklar ham ko‘p, bemalol katta mashinangiz bilan kirib-chiqish osonroq.
Sovuqroq havo ma'qul bo‘lsa Viskonsin, Michigan taraflar; issiq iqlim yoqsa, Florida, Texas, Arizona taraflar mos kelar... Tanlov ko‘p. Juda ham.
Biz qanday qilib Floridaga kelib qolganimizni yuqorida aytib o‘tdim. O‘sha yerda logistika sohasini o‘rgandim. Tajriba to‘pladim. Ohayoga kelib, o‘z kompaniyam – “Leo Logistics” logistik kompaniyasiga shu yerda asos soldik. Issiq iqlim va dengizni yaxshi ko‘rganim uchun Florida menga juda yoqdi. Yangi imkoniyatlar eshigi ochilgani va to‘rt fasllik iqlimi O‘zbekistonnikiga o‘xshab ketgani uchun Ohayoga ham mehrim tushdi.
“Masjidlarda turli diniy va dunyoviy to‘garaklar bor”
AQSh nomusulmon davlat bo‘lishi mumkin, lekin musulmonlarga qarshi mamlakat ham emas. Katta-katta musulmon jamiyatlari bor va ular emin-erkin, musulmoncha hayot tarzini kechirib yurishibdi. Masalan, biz yashaydigan Kolumbus shahrida 20ga yaqin masjid, 10ga yaqin islomiy maktablar bor.
Ko‘p masjidlarda odam sig‘maganidan juma namozlari ikki marta o‘qiladi. Soat 13:00da va 14:00da. Birinchisiga ulgurmay qolsangiz, keyingisiga kiraverasiz. Masjidlarda turli diniy va dunyoviy to‘garaklar bor. Bolalar maktabdan keyingi vaqtini masjidda imkon qadar ko‘proq o‘tkazishi uchun turli sport to‘garaklar, o‘yin maydonchalari tashkil qilingan.
Ishxonalar, maktablar, universitetlar hammaning o‘z diniy qonun-qoidalariga ko‘ra kiyinishiga hech qanday to‘sqinlik qilmaydi. Agar shunda ham farzandi dinni unutib yuborishidan qo‘rquvi bo‘lsa, unda ota-onaning o‘zi mas'uliyatdan qochayotgan bo‘ladi. Jamiyat o‘zi xohlaganidek hayot tarzini qurishiga imkon yaratib bergan, uning tarbiyasini bo‘yniga olmagan.
Xulosa
Intervyu davomida AQShga keluvchilarga iloji boricha maslahat va tavsiyalar berishdan qochdim. Chunki bu yurtga keladiganlarga tavsiyalar internetda ham, OAVda ham, tanish-bilishlar orasida ham to‘lib yotibdi. Til o‘rganing, mobil va tirishqoq bo‘ling, xushmuomala bo‘ling, ko‘proq o‘qing kabi siyqasi chiqqan va doim takrorlanuvchi tavsiyalarni bergim kelmadi. Ha, bu tavsiyalar muhim, men aytmasam ham hamma biladi. Qolaversa, bu yerga keluvchi har bir odamning tarixi, qismati o‘zgacha va yondashuv ham turfa.
Bir narsa aniq – AQSh astoydil yashash va ishlashni istagan odam uchun katta imkoniyatlar mamlakati. Tavakkal qiling.
Abror Qodirov