Insoniyat umrining uzoqligiga avvalambor uni o‘rab turgan atrof-muhit, iqlim, irsiyat, turmush tarzi, har xil kasalliklar kabi omillar bevosita ta'sir ko‘rsatadi.
Dunyoda yashayotgan odamlarning o‘rtacha yoshi o‘tgan asrning boshlarida 35 yoshni tashkil qilgan bo‘lsa, zamonaviy tibbiyotning va yangi texnologiyalarning yordami tufayli bugungi kunda ushbu ko‘rsatkich 72 yoshni tashkil etmoqda.
Odamzot azaldan o‘lat, vabo, chinchechak, poliomiyelit kabi yuqumli kasalliklar bilan kasallangan va katta talafotlar ko‘rgan.
Insoniyat yangi ming yillikka qadam qo‘ygan bir davrga kelib, yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar batamom tugatilib, ularning o‘rniga odamlar ilgarilari ko‘rmagan va bilmagan yangi, ko‘plab o‘lim beradigan, o‘ta xavfli virusli kasalliklar paydo bo‘lmoqda.
Yer sharida atrof-muhitning, iqlimning va aholi turmush tarzining o‘zgarishi, aholi zichligi, migratsion jarayonlarning faollashuvi ba'zi bir virusli yuqumli kasalliklarning dunyo bo‘ylab epidemiya, pandemiya tarzida keng tarqalishiga sabab bo‘lmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining bashoratiga ko‘ra, 2050 yilga borib, dunyo aholisining soni 10 milliardga yetadi, bu esa o‘z navbatida aholi orasida migratsiya va urbanizatsiya jarayonlarini yanada tezlashtiradi.
O‘tgan yildan buyon davom etayotgan Covid-19 infeksiyasining pandemiyasi insoniyat tarixida xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan o‘ta xavfli favqulodda vaziyat sifatida tan olindi.
Tabiatda va jamiyatda yangi-yangi viruslarning paydo bo‘lishi, odamlar orasida tarqalishi va kasallik chaqirishi bu tabiiy holat. Insoniyat va jahon tibbiyoti esa ushbu kasalliklarga qarshi kurashishga, ularning oldini olishga har doim tayyor turmog‘i lozim.
Covid-19 pandemiyasi butun dunyo sog‘liqni saqlash tizimi oldiga o‘ta muhim va jiddiy muammolarni qo‘ydi.
Covid-19 pandemiyasi O‘zbekistonni ham chetlab o‘tmadi, bizning mamlakatimizda ham ushbu infeksiya tarqaldi. Respublikamizda epidemiologik vaziyat nisbatan turg‘un bo‘lishiga qaramay, dunyodagi tahlikali vaziyat, viruslarning yangi-yangi shtammlari paydo bo‘lishi, zudlik bilan ushbu kasallikning oldini olishni taqozo qiladi.
Covid-19 infeksiyasiga qarshi kurashishning eng samarali usuli bu aholini ushbu kasallikka qarshi ommaviy emlash. O‘zbekistonda joriy yilning 1-aprelidan boshlab aholini bepul, ommaviy emlash ishlari boshlab yuborildi.
O‘zbekistonda ommaviy emlash uch xil vaksina bilan amalga oshirilmoqda, ushbu vaksinalar: ZF-UZ-VAC 2001, SPUTNIK V, AstraZeneca. Uchala vaksina ham klinik sinovlardan o‘tkazilgan.
Covid-19 infeksiyasining og‘ir kechishi, ko‘plab o‘lim berishi, jiddiy asoratlar qoldirishi deyarli barchamizga ma'lum. Ushbu kasallikni dori-darmonlar yordamida davolash ham katta samara bermaydi, shunday ekan, ushbu kasallikning oldini olish, kasallikdan saqlanishning birdan bir yo‘li bu vaksinatsiya.
Ko‘pgina yuqumli kasalliklarga qarshi profilaktik emlash aholi orasida uzoq yillardan buyon qo‘llanilib kelinayotgan samarali tadbir. Emlash tufayli insoniyat orasida chinchechak, poliomiyelit, difteriya kabi yuqumli kasalliklar batamom tugatilgan, ko‘k yo‘tal, qizamiq, qoqshol, parotit kabi kasalliklar keskin kamaytirilgan.
Immunoprofilaktika yuqumli kasalliklarga qarshi kurashda eng samarali tadbirlardan biridir. Yuqumli kasalliklarga qarshi kurashda erishilgan yutuqlar aynan emlash ishlari bilan bog‘liq bo‘lgan. Odamlar orasida ayrim yuqumli kasalliklarning (chinchechak, poliomiyelit va boshqalar) batamom tugatilishi ham aholini yoppasiga emlash tufayli amalga oshgan.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining yuqumli kasalliklarga qarshi kurashish, odamlar orasida ayrim yuqumli kasalliklarni batamom tugatish, ba'zilarini keskin kamaytirish dasturi ham aynan immunoprofilaktikaga asoslanadi.
O‘zbekistonda emlash Dasturini amalga oshirish borasida muayyan yutuqlarga erishilgan. Aholini yuqumli kasalliklarga qarshi emlash – davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan bo‘lib immunoprofilaktika strategiyasi mamlakatimizdagi amaldagi qonunlarga, JSST tavsiyalariga asoslangan bo‘lib, bu jarayon qulay, bepul va aholining keng qatlamlarini qamrab olishga qaratilgan. Yangi Covid-19 sog‘liqni saqlash vazirligi, sanitariya epidemiologiya xizmati, barcha toifadagi shifokorlar, hamshiralar oldiga ushbu kasallikka tashxis qo‘yish, uni davolash va profilaktikasi borasida muhim vazifalarni yechish muammosini qo‘ydi.
Sog‘liqni saqlash vazirligining 2021 yil 15 fevraldagi “Koronavirus infeksiyasiga qarshi ommaviy emlash jarayonlariga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish to‘g‘risida”gi 31-sonli buyrug‘ida belgilangan vazifalar ijrosini ta'minlash, amalga oshirilayotgan emlash ishlarining kunlik monitoringini olib borish koronavirus infeksiyasining immunoprofilaktikasini tashkil qilib, 18 yoshdan katta aholining yoshi bo‘yicha ro‘yxatlari tuzildi, birinchi navbatda emlash kerak bo‘lgan aholi 65 yoshdan kattalar, tibbiyot xodimlari, o‘qituvchilar, maktabgacha ta'lim muassasalari xodimlari, qurolli kuchlar shaxsiy tarkibini emlash uchun ajratilgan vaksinalar bilan navbatdagi emlash ishlari olib borildi.
Bugungi kunda (13.07.2021 holatiga) dunyo aholisining 13 foizi Covid-19’ga qarshi emlangan. O‘zbekistonda bu raqam 10 foizni tashkil qiladi. Emlanganlarda emlashdan keyin jiddiy asoratlar va o‘lim holatlari kuzatilmadi.
Emlanganda kasallik batamom yuqmaydi, degan tushuncha ko‘pchilikning ongiga singib ketgan. Aslida esa profilaktik emlash kasallik yuqishini 100 foiz bartaraf etmaydi, viruslar emlangan kishilarga ham yuqishi mumkin, ammo ularda kasallik yengil shaklda, asoratlarsiz kechadi.
Emlash ishlarida mavhum, ishonchsizlik va asossiz targ‘ibotlarga duch keladigan holatlar ham uchraydi. Tibbiyot sohasida mutaxassis bo‘lmagan, tibbiyotdan xabari yo‘q kishilar ba'zida ommaviy axborot vositalari orqali emlashga qarshi, ayniqsa, yangi vaksinalar haqida, har xil targ‘ibot-tashviqot ishlarini ham olib borishadi, natijada emlash haqida ko‘pchilikda salbiy fikr paydo bo‘ladi. Shuning uchun emlash va vaksinalar haqidagi ma'lumotlar ishonchli, asoslangan manbalardan olinishi maqsadga muvofiq.
Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkilotining oxirgi ma'lumotlariga ko‘ra, ko‘pchilik ilmiy-tadqiqot muassasalarida Covid-19’ga qarshi 200 dan oshiq vaksinalar ishlab chiqilgan, ularning ko‘pchiligi klinik sinovlardan ham o‘tkazilgan, shundan 15 ta vaksinalar amaliyotga tavsiya etilgan. Ko‘pchilik fuqarolar 2-3 marotaba emlash haqida qiziqib, bunday emlash nimaga kerak, deb so‘rashadi.
Vaksinalar odatda emlanuvchi organizmga bo‘lib-bo‘lib (2-3 marta), ma'lum oraliq muddatlar bilan kiritiladi. Bunday emlash tibbiyotda azaldan qo‘llaniladi, vaksinani emlanuvchi organizmiga qayta kiritish emlashning samaradorligini oshiradi, antitela hosil bo‘lishi kuchayadi, antitela uzoq saqlanadi bu o‘z navbatida emlangan kishining infeksiyaga qarshi kurashish quvvatini kuchaytiradi.
Covid-19’ga qarshi vaksinalarning deyarli barchasi bilan ikki yoki uch marotaba emlanadi, bu esa o‘z navbatida vaksinaning himoya kuchini oshiradi.
Dunyodagi ko‘pgina tibbiyot muassasalarida o‘tkazilgan ilmiy-tadqiqotlar natijalariga ko‘ra Covid-19’ga qarshi vaksinalarni emlanuvchi organizmga ikkinchi marotaba qayta kiritish, vaksinaning himoya kuchini bir necha barobar oshiradi. Birinchi marotaba emlangandan ikki hafta keyin kasallikdan himoya qilish 52 foiz kuzatilgan. Isroillik olimlarning tadqiqot natijalariga ko‘ra, Covid-19’ga qarshi ikki marotaba emlanganlarga antitelalar titri, bir marotaba emlanganlarga nisbatan 6-12 marta ko‘proq ekanligi aniqlangan.
Aholini qiziqtiradigan savollardan yana biri Covid-19 vaksinasini qaysi holatlarda olish kerak? Qaysi holatlarda emlash kerak emas?
Mutaxassislarning fikricha, har qanday kasallikka qarshi emlashda, uning foydasi va zararini hisobga olish lozim. Bugungi kunda Covid-19 infeksiyasiga emlashga qarshi ko‘rsatmalar mavjud: 18 yoshga to‘lmaganlar, homiladorlar, emizikli onalar, o‘tkir kasalliklar xuruji davridagi bemorlar va vaksina oqsillariga o‘ta sezuvchanligi bor kishilar emlanmaydi.
Ba'zi bir fuqarolar so‘rashadi: Covid-19’ga qarshi emlashdan ko‘ra, ushbu kasallik bilan kasallanib o‘tish yaxshi emasmi? To‘g‘ri emlashni har bir kishi o‘zi mustaqil yoki davolovchi shifokori ishtirokida mavjud bo‘lgan epidemiologik vaziyat va o‘zining salomatlik holatidan kelib chiqqan holda hal qiladi. Shuni nazarda tutish kerakki, agar emlashga qarshi ko‘rsatma bo‘lmasa, emlash sog‘liq uchun ko‘proq foyda keltiradi, chunki emlashdan keyin paydo bo‘ladigan immunitet, kasallanib o‘tgandan keyingi immunitetdan kuchliroq bo‘ladi. Shu bilan birga Yer yuzida yashayotgan aholining 22 foizi yoki beshtadan bittasida Covid-19’ning og‘ir klinik shakliga sabab bo‘luvchi qo‘shimcha kasalliklar mavjud, kasallikdan keyin kuzatiladigan asoratlar, bemorlarning ish kunlarini yo‘qotilishi, qo‘llaniladigan dorilarning nojo‘ya ta'siri, kasallikning oila a'zolariga yuqishi kabi salbiy oqibatlar, bemorlarni davolagandan ko‘ra, aholini emlab kasallikning oldini olish nihoyatda afzal ekanligini ko‘rsatadi.
Covid-19 pandemiyasi, dunyodagi barcha mamlakatlarning, u yerdagi mutaxassislarning hamkorlikda, qo‘lni-qo‘lga berib, ilmiy-tadqiqot ishlarining natijasini amaliyotga birgalikda tatbiq etishni, kasallikning oldini olish, tashxis qo‘yish va davolash usullarini ishlab chiqishni, shuningdek, ushbu kasallikka qarshi samarali vaksinalarni ishlab chiqishni taqozo qiladi.
Bugungi kunga kelib ko‘pchilik shifokorlar va fuqarolar Covid-19 infeksiyasi borasida o‘zlarini “infeksionist”, “virusolog”, “immunolog”, “epidemiolog” deb faraz qilishyapti, bu tibbiy madaniyatni oshirish nuqtayi nazaridan balkim yaxshidir. Ammo lekin aholi, keng jamoatchilik ommaviy-axborot vositalarida ba'zi bir “firibgarlar” tarqatayotgan, ilmiy asoslanmagan, yolg‘on-yashiq ma'lumotlarga ishonmasligi va aldanib qolmasligi kerak.
Covid-19 infeksiyasiga erta tashxis qo‘yishda, davolashda va kasallikning oldini olish va unga qarshi emlashda barcha tibbiyot xodimlari, fuqarolar, keng jamoatchilik vakillari ushbu soha olimlari, yetakchi mutaxassislarning fikrlariga, ilmiy asoslangan tavsiyalariga amal qilishlarini tavsiya etamiz.
A.K. Shadmanov