Koronadayjest: Avstraliyada lokdaunlar, Myanma halokat yoqasida, JSST uchinchi to‘lqin xavfidan ogohlantirmoqda

Jahon 19:36 / 15.07.2021 16660
Foto: AFP

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Adhanom Gebreysus dunyo koronavirus pandemiyasining uchinchi to‘lqini boshlanish bosqichidaturganini ma'lum qildi.

«Dunyoda Covid-19 bilan kasallanishning so‘nggi o‘sishidan so‘ng Yevropa va Shimoliy Amerikaning o‘z fuqarolarini emlash bo‘yicha harakatlari natija bera boshlagandi, kasallanish va o‘lim holatlari ma'lum muddat pasaygan. Afsuski, hozir bu tendensiya o‘zgardi va biz Covid-19 pandemiyasi uchinchi to‘lqinining dastlabki bosqichida turibmiz», dedi u JSSTning favqulodda holatlar bo‘yicha qo‘mitasi yig‘ilishi ishtirokchilari qarshisida.

JSST rahbarining so‘zlariga ko‘ra, bir oydan buyon dunyo bo‘ylab kasallanish soni o‘sishi kuzatilmoqda. Shuningdek, 10 haftalik pasayishdan so‘ng virus qurbonlari soni yana o‘sa boshladi.

Bunday o‘sishga asosiy turtki koronavirusning «Delta»(«hindcha») shtammi tarqalishi ekani aytildi.

«Ayni vaqtda «Delta» shtammi dunyoning kamida 111 mamlakatida tarqalgan, u tez orada Covid-19’ning butun dunyoda aylanib yuradigan ustuvor shtammiga aylanishi kutilmoqda», deydi Gebreyyesus.

Tashkilot rahbari vaksinalarning mamlakatlarga notekis taqsimlanishiga e'tibor qaratgan va buni «shokka tushiruvchi nomutanosiblik» deb atagan. Shu sababli dunyoning turli burchaklarida pandemiya ikki xil yo‘l bilan rivojlanayotgani, vaksinalarga ega bo‘lgan mamlakatlar cheklovlarni bekor qilayotgani, ammo emlanmagan guruhlar katta xavf ostidaligi, vaksina olish qiyin bo‘lgan mamlakatlarda esa aholining aksariyati infeksiyaga qarshi himoyasiz bo‘lib qolayotgani ta'kidlangan.

U Covax global mexanizmi doirasida 100 million dozadan ortiq vaksina yetkazib berilgani, ammo bu kamlik qilishini qo‘shimcha qilgan, sentyabrga qadar har bir mamlakat aholisining kamida 10 foizini, shu yil oxirigacha kamida 40 foizini va kelasi yilning o‘rtalariga qadar kamida 70 foizini ommaviy emlash uchun 11 milliard doza vaksina kerak bo‘lishini qo‘shimcha qilgan.

Avstraliyadagi lokdaunlar
Avstraliyaning Viktoriya shtati va uning markazi Melburnda payshanba kuni kechqurundan lokdaun boshlanmoqda, bu hisob bo‘yicha ushbu shtatda beshinchi marta qat'iy karantin joriy etilishi bo‘ladi. Chorshanba kuni Sidneyda ham cheklovlar yana ikki haftaga uzaytirilgandi.

Avstraliyada emlanganlar soni kam va hukumat yangi to‘lqin boshlanmasidan virus tarqalishini jilovlamoqchi

Avstraliya hukumati «Delta» shtammi keng tarqalishidan xavfsiramoqda. So‘nggi kunlarda Viktoriyada koronavirusning ushbu varianti 18 kishida aniqlangan.

«Bizda faqat bir imkon bor - qat'iy choralar ko‘rish. Agar kutsak va shubha qilishda davom etsak, keyin ortga qaraganimizda kerakli choralarni vaqtida qabul qilmaganimiz uchun afsuslanamiz», degan mamlakat bosh vaziri Den Endryus.

Den Endryus cheklovlar besh kun amal qilishini aytgan, shu bilan birga, bu muddat uzaytirilishini istisno etmagan.

Shtatda yashovchilar uydan faqat hovlida badantarbiya mashg‘ulotlari o‘tkazish, zarur xaridlar, tibbiy yordam, yaqinlariga qarash, ish/o‘qish, shuningdek, vaksina olish uchun chiqishi mumkin.

Vaksina yetkazib berishdagi kechikishlar va boshqa tashkiliy muammolar tufayli Avstraliyada vaksinatsiya jarayoni sekinlik bilan ketmoqda. Mamlakatda shu vaqtgacha 2,3 mln kishi emlangan - bu mamlakat aholisining 10 foizdan ortiqroq qismidir

Myanmadagi bemorlar kislorod izlamoqda

Harbiy hukumat xususiy shaxslarga kislorod sotib olishni taqiqlagan, ammo odamlar baribir bu ishni qilishga majbur bo‘lishmoqda

Fevral oyida harbiy xunta davlat to‘ntarishi amalga oshirib, siyosiy beqarorlik yuzaga keltirilgan Myanmada Covid-19ga chalinganlar soni keskin ortishi tufayli gumanitar halokat yetilmoqda. Bu haqda BMTning Myanmadagi vakili Tom Endryus ogohlantirdi, u generallarni siyosiy jihatdan betaraf bo‘lgan xalqaro tashkilotlarni bemorlarga yordam berilishi uchun mamlakatga kiritishga chaqirdi.

Harbiy davlat to‘ntarishidan keyin mamlakatda sog‘liqni saqlash tizimi amalda o‘z vazifalarini bajarishni to‘xtatgan. Aholini test qilish va vaksinatsiya dasturlari barbod bo‘lgan. Odamlar o‘z uyida davolanishga harakat qilishmoqda, ijtimoiy tarmoqlar orqali davolanish usullari va qayerda kislorod borligi haqida so‘rashmoqda, hukumat taqiqiga qaramay, kislorod ballonlarini sotib olishmoqda.

Hafta boshida askarlar o‘z ballonlarini to‘ldirib olish uchun navbatda turgan odamlarga qarata o‘t ochgandi. Joriy haftada mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligi kuniga 4 mingdan ortiq yangi kasallanish holatlari haqida e'lon qildi, ammo bu raqamlar haqiqiy vaziyatni to‘la ifoda eta olmaydi - barcha hududlarda ham aholi test qilinmayapti.

Xitoy: emlanishsiz hech qayerga
Mahalliy hukumat Xitoy shaharlarida qat'iy tartiblar joriy etmoqda, unga ko‘ra koronavirusga qarshi vaksina qabul qilmagan fuqarolar o‘quv muassasalariga, shifoxonalarga, vokzal binolariga, savdo markazlariga va boshqa jamoatchilik joylariga kira olishmaydi.

Xitoyda vaksinatsiya faol olib borilmoqda, ammo «Delta» shtammi tufayli hukumat uni yanada tezlashtirmoqchi

Janubdagi Yunnnan viloyatining Chusyun shahrida 18 yoshdan kattalar 23 iyulga qadar vaksinaning birinchi dozasini, bir oy o‘tib ikkinchisini qabul qilishi majburiy qilingan, aks holda ular yuqorida sanalgan muassasalarga kira olishmaydi. Shunday instruksiya boshqa ko‘plab shaharlarda ham joriy etilmoqda.

Xitoy yil oxiriga qadar o‘z aholisining 64 foizini emlashni rejalashtirgandi, ammo Osiyo davlatlarida «Delta» shtammi shitob bilan tarqalayotgani bois, hukumat vaksinatsiya sur'atini yanada tezlashtirmoqchi. Seshanba kungi rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, mamlakatda 1,4 mlrd doza vaksina qo‘llab bo‘lingan, ammo aynan qancha odam emlanganiga aniqlik kiritilmagan.

Indoneziya kutilmaganda «Delta» shtammi tez tarqalayotgani tufayli mamlakatdagi vaziyat yomonlashishiga tayyorlanmoqda, Singapurdagilar kovidning yangi to‘lqinini karaoke-barlardan ko‘rmoqda.

Rossiyada o‘lim holatlari bo‘yicha yangi rekord

STANISLAV KRASILNIKOV / TASS

Rossiyada qatorasiga uchinchi kun Covid-19dan kunlik o‘limlar soni bo‘yicha pandemiya davridagi eng yuqori ko‘rsatkichlar qayd etilmoqda: so‘nggi bir kunda mamlakatda yana 791 kishi koronavirusdan vafot etgan (undan oldingi kunlarda 780 va 786tadan o‘lim holatlari ro‘y bergandi).

Sankt-Peterburgda 108, Moskvada 101, Irkutsk oblastida 33 bemor Covid-19 qurboniga aylangan.

Rossiyada pandemiya boshidan buyon kasallikdan o‘lim topganlar soni 145 mingdan oshiq. Ekspertlar haqiqiy raqamlar bundan ancha ko‘pligini aytishadi.

So‘nggi bir kunda Rossiyada 25 293 kishida kasallik aniqlangan. Shundan Moskvada 5237, Moskva oblastida 2444, Sankt-Peterburgda 1954 holat.

Olimpiyachilar mehmonxonasida o‘choq

Olimpiadaga kelgan jamoalar va delegatsiya vakillaridan shu vaqtgacha uch kishining koronavirusga topshirgan testi musbat natija bergan

Tokiodagi yozgi Olimpiada boshlanishiga o‘n kun vaqt qolganida braziliyaliklar jamoasi joylashgan mehmonxona koronavirus o‘chog‘iga aylandi.

Xamamatsu shahridagi mehmonxona xodimlaridan yetti nafarida virus aniqlangan. Tibbiyot xodimlari ma'lumotlariga ko‘ra, bu xodimlar sportchilar bilan aloqa qilishmagan.

Regbi bo‘yicha JAR olimpiyachilari jamoasi karantinga yo‘llangan: ular bilan Yaponiyaga birga uchgan yo‘lovchidan koronavirus chiqqan.

Umuman olganda, barchasi nazorat ostida: XOQ rahbari Tomas Baxning so‘zlariga ko‘ra, 8 ming sportchi va ularning hamrohlaridan olingan tahlillardan faqat uch holatda koronavirus aniqlangan.

Ko‘proq yangiliklar: