Buxoro viloyatining bosh kutubxonasi qachongacha ta'mirtalab ahvolda qoladi?

Jamiyat 14:20 / 15.07.2021 7035

Buxoro shahri – ilgaridan ilm-fan beshigi sifatida yirik-yirik kutubxonalarga ega markaz bo‘lgan. Biroq afsuski, bugun viloyatning markaziy kutubxonasi og‘ir ahvolda.

Kutubxona 1921 yil 30 iyunda ochilib, 1938 yilda unga Abu Ali ibn Sino nomi berilgan. 1971 yilda kutubxonaning yangi binosi foydalanishga topshirilgan bo‘lsa, bino shundan beri kapital ta'mir qilinmagan.

Kutubxonada ichimlik suvi yo‘q. Sotib olay desangiz, oshxona ham, savdo shoxobchasi ham ko‘rinmaydi

Viloyat kutubxonasiga borganimizda, o‘qish zalida bor-yo‘g‘i bir-ikki nafar kitobxon o‘tirgandi. Viloyatning markaziy kutubxonasi kitobxonlar bilan gavjum bo‘lishi kerakmasmi?

Buxoro davlat universiteti va Buxoro muhandislik-texnologiya instituti kutubxonaga yaqin joylashgan. Ikkala oliygoh talabalari kitob o‘qish yoki zarur hujjatlarni izlab kutubxonaga kelib turishadi. Biroq yetarli sharoit yo‘qligi sabab kutubxonada uzoq qolisholmaydi. Chunki kutubxonada na ichimlik suvi, na oshxona va na biror savdo shoxobchasi bor. Buni Kun.uz'ga kutubxona xodimlari ham tasdiqladi.

“Kutubxonada 60dan ziyod kishi ishlaydi, kitobxonlar kelib ketadi, lekin kutubxonaning oshxonasi yo‘q. Kitobxonlarimiz ertalabdan kechgacha kutubxonada qolib ketishlari mumkin. Va tabiiyki, oshxonaga ehtiyoj sezadilar. Suv, o‘quv qurollari olish uchun ham sharoit yo‘q”, – deydi ismini ochiqlamaslik sharti asosida biz bilan suhbatlashgan kutubxona xodimi.

“Hech kim buni Buxoro viloyati bosh kutubxonasi demaydi. Qaysidir tumandagi kutubxona bo‘limiga o‘xshaydi”

BuxDU 2-kurs magistrant talabasining aytishicha, u 5 yildan beri kutubxonaga qatnaydi, ammo yetarli sharoit yo‘qligi, yozda isib ketishi sabab bu yerda uzoq qololmaydi.

“Talabalik davrimdan beri ibn Sino kutubxonasiga kelib turaman. Rahbariyat tez orada kutubxonani ta'mirlab beramiz, deb va'da berganiga ham guvoh bo‘lganman. Lekin 4 yil bakalavrni tugatdim, magistrda o‘qiyapman. Lekin hech qanday o‘zgarish bo‘lgani yo‘q.

Masalaning eng yomon tomoni shundaki, bu yerda juda qimmatli manbalar saqlanadi. BuxDUda ishlaydigan aksariyat professor domlalarimiz kelib, shu yerda ishlab ketishadi. Bu yerda ularga dissertatsiya ishlari uchun asos bo‘ladigan manbalar, 20-asr boshlariga oid gazetalar saqlanadi.

Kutubxona holati juda eskirgan, yozda o‘tirishning umuman iloji yo‘q. Tashqari 48-50 darajada, ichkari ham undan kam emas. Shunga qaramay, manbalar kerakligi uchun bu yerga kelishga majbur bo‘lamiz.

Adabiyotlar saqlanadigan shkaflar ham juda eskirgan. Qishda ham juda sovuq, biz shu sovuqda o‘tirib ishlashga majburmiz. Hech kim buni Buxoro viloyati bosh kutubxonasi demaydi. Qaysidir tumandagi kutubxona bo‘limiga o‘xshaydi”, – deydi u.

“Bu issiqda kutubxonada qovrilib o‘qishni hech kim xohlamaydi”

Kutubxona xodimining aytishicha, bu yer yozda issiq bo‘lishidan tashqari, qishgacha ham ancha sovuq bo‘ladi.

“Kutubxona issiqligidan o‘zimiz ham o‘tira olmaymiz. Qishda ham qachon isitish tizimini yoqishga ruxsat berishsa, yoqiladi. Ungacha oktyabr oyidan boshlab ichkari juda sovib ketadi.

Kitobxonlar yo‘q, deb bong urishadi. Unaqa emas. Yoshlar yaxshi sharoit bo‘lsa, yaxshi o‘qishadi. Bu issiqda kelib, kutubxonada qovrilib o‘qishni hech kim ham xohlamaydi”, – dedi u.

Arxiv kitob saqlashga mos emas, lift ishlamaydi

Hozirda kutubxona fondi 239 066 nusxa bo‘lib, viloyatdagi 450 ta ommaviy kutubxonalarga metodik rahbarlik qiladi. Kutubxonaning Sharq adabiyotlari bo‘limida Buxoroning so‘nggi amiri Mir Sayid Olimxonning mang‘it kutubxonasi va amirlikning mansabdor shaxslari kutubxonalarida to‘plangan kitoblar bor.

Kutubxonada kitob saqlash, tekislash, adabiyotlarga ishlov berish, kitobxonlarga xizmat ko‘rsatish, shahar abonementi, ilmiy-metodik, axborot-bibliografiya, gazeta va jurnallar, sharq adabiyotlari, o‘smirlar abonementi bo‘limlari, o‘lkashunoslik shu'basi va oilaviy qiroatxona mavjud.

1920-yillarga oid muhim hujjat va gazetalar ham arxivda turadi. Kutubxona xizmatchilaridan birining aytishicha, yozda kutubxonadagi issiq harorat arxiv hujjatlariga ham ta'sir o‘tkazyapti.

“Axborot kutubxona markazimiz 1971 yil tashkil topgan. Shundan beri biror marta kapital ta'mirlanmagan. Arxivimiz ham qariyb “avariyaviy” holat yoqasiga kelib qolgan. Issiqda kitobning jismoniy holati yomonlashadi. Bu yerda bir asrdan beri saqlangan gazetalar bor. Endi ularni o‘qish uchun varag‘ini ushlasangiz, darrov titilib, yirtilib qoladi”, – dedi u.

Kutubxonada asosan ayollar ishlaydi. Ular tez-tez gazeta, hujjatlarni, kitoblarni tashishlariga to‘g‘ri keladi. Ammo kutubxona lifti ishlamaydi.

“Liftimiz bor. Lekin ishlamaydi. Xodimlar o‘zi og‘ir kitoblarni zinadan ko‘tarib, tushirib yuradi. Bu yerda asosan ayollar ishlagani uchun juda og‘ir podshivkalarni ko‘tarish bizga qiyinchilik tug‘diradi”, – dedi kutubxonachilardan biri.

Kutubxona rahbari: “Binomiz sentyabrda kapital ta'mirlab topshirilishi kerak”

Holat bo‘yicha izoh olish uchun kutubxona rahbari Nasiba Aminovaga murojaat qildik. Uning ma'lumot berishicha, 2014 yilda kutubxonaning eshik-derazalari almashtirilib, fasad qismi kosmetik ta'mirlangan. Yaqinda viloyat qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi binoni “fuqarolar hayoti uchun xavfli bo‘lgan avariya holatida” deya xulosa bergan.

Biroq u binoning yerto‘la qismigina yomon, tepa qavatlari hali uzoq xizmat qiladi degan fikrda. Aminova inspeksiya bergan xulosadan norozi bo‘lib, Toshkentdan mutaxassislarni jalb qilgan holda, bino holatini takroran o‘rganib chiqish bo‘yicha viloyat hokimligiga xat jo‘natgan.

“Binoning buzilishini xohlamayman. Chunki bino qaytadan quriladigan bo‘lsa, kutubxonani joyidan ko‘chirishlari mumkin. Bu yer Buxoro davlat universiteti, Buxoro muhandislik-texnologiya instituti va Buxoro davlat tibbiyot institutiga juda yaqin. Eng ko‘p o‘quvchilarim shu talabalar; agar kutubxona boshqa joyga ko‘chadigan bo‘lsa, talabalar, kitobxonlarga juda katta qiyinchilik tug‘iladi va men ularni yo‘qotib qo‘yishim mumkin.

Ikkinchidan, hozirgi qurilayotgan binolarga ishonch yo‘q. Bu ta'mirni mahalliy hokimiyat qilyapti. Hokimiyat kitob fondi masalasida ham doimo yordamlashib, mablag‘ ajratib keladi. Agar kutubxona boshqatdan quriladigan bo‘lsa, respublika dasturiga kiritilishi kerak. Bu esa juda ko‘p vaqtni oladi deb o‘ylayapman.

Samarqandda ham xuddi biznikiga o‘xshagan binoni qayta ta'mirdan chiqarib, zamonaviy holga keltirib, ikki smenada kitobxonlarni qabul qilishyapti.

Kutubxonamizni kapital ta'mirlash bo‘yicha viloyat hokimining 2021 yil 2 aprelda 98F-sonli farmoyishi chiqqan. Unga asosan, kutubxona 2021 yilning 21 sentyabriga qadar kapital ta'mirlab topshirilishi kerak. Hozir barcha xarajatlar smetasi va mablag‘ tayyor. Biz bino holatini qayta o‘rganish bo‘yicha mutaxassislarni kutyapmiz. Shu jarayon kechikyapti”, – dedi kutubxona rahbari Nasiba Aminova.

Kitob va arxiv hujjatlari qanday sharoitda saqlanishi kerak?

Kutubxona fondi va arxiv hujjatlarining qanday sharoitda saqlanishi bo‘yicha Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi Qo‘lyozmalar, noyob va alohida qiymatga ega nashrlar xizmati bosh mutaxassisi Nargiza Zaitovaga murojaat qildik.

Unga ko‘ra, vaqt o‘tishi bilan sellyuloza polimer zanjirlarining buzilishi sodir bo‘ladi, sellyulozaga hamroh bo‘ladigan moddalarning kimyoviy tuzilishi o‘zgaradi. Saqlash rejimiga (harorat – namlik, yorug‘lik va sanitar-gigiyenik qoidalarga) rioya qilmaslik qog‘ozning buzilish jarayonini tezlashtirib yuboradi.

Agar hujjatlar saqlanadigan xonalarda havo harorati yuqori bo‘lsa, hujjatlarning eskirish jarayoni tezlashadi. Natijada, qog‘ozga salbiy ta'sir ko‘rsatadi: elastiklikni yo‘qotadi, sinuvchanlik hosil bo‘ladi, sarg‘ayadi.

“Fonddagi havo sharoiti kolleksiyada mavjud har bir obektning holati yomonlashuvi tezligiga har kuni 24 soat va haftasiga 7 kun ta'sir ko‘rsatadi. Hujjatlarni konservatsiya qilish, axborot kutubxona va nashriyotchilik ishi davlatlararo standartda ko‘rsatilishicha, hujjatlar saqlanadigan xonalarda havo harorati (18±2)°S, nisbiy namlik (55±5) foiz, pergament va teriga yozilgan hujjatlar uchun havoning nisbiy namligi (60±5) foiz bo‘lishi talab etiladi.

Agar hujjatlar saqlanadigan xonalarda havo namligi normadan yuqori bo‘lsa, qog‘ozga salbiy ta'sir ko‘rsatadi: mustahkamligi yo‘qoladi, hujjat deformatsiyalanadi, mikroorganizmlar rivojlanadi”, – dedi u.

Buxorodagi yagona jamoat kutubxonasining ahvoli shu bo‘lsa, shahar yoshlarini kitob o‘qishga targ‘ib qilishdan ma'no bormi?

O‘zbekistonda kitobxonlik faol targ‘ib qilinyapti. 2017 yilda prezidentning “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi qarori chiqqandi. Unda axborot-kutubxona faoliyatini kuchaytirish va kutubxonalar moddiy-texnik bazasini mustahkamlash masalasi ham qo‘yilgan.

Bundan tashqari, 2020 yilda Vazirlar Mahkamasining “2020-2025 yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash milliy dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori ham qabul qilindi. Qarorning 3-punktida 2022–2023 yillarda kitobxonlikka oid infratuzilmani mustahkamlash, degan joyi bor.

2019 yilda prezident ilgari surgan 5 tashabbus loyihasining 4-yo‘nalishi ham yoshlar ma'naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etishga yo‘naltirilgan.

Kitobxonlikka, kitobga e'tibor qaratish kutubxonalar fondini boyitish, kitobxonlar og‘rinmay kitob o‘qishlari uchun sharoit yaratishni ham o‘z ichiga olishi kerak emasmi?

Buxoro viloyati hokimligi matbuot xizmatidan bu masalada izoh so‘rashimiz javobsiz qoldi.

Ilm-fan, allomalar beshigi bo‘lgan Buxoroning eng asosiy kutubxonasi shu holatdaligi dilni xira qiladi. Aslida esa bu shaharga bir emas, bir nechta zamonaviy kutubxonalar yarashadi.

Va yana umid qilamizki, rejani tezroq bajarish uchun kutubxonani xo‘jako‘rsinga sifatsiz ta'mirlamasdan, ham xodimlar, ham kitobxonlar ko‘ngli to‘ladigan holda topshirishadi.

AOKAdan esa respublika bo‘yicha kutubxonalardagi sharoitlarni doimiy nazorat qilish va viloyatlarda jamoat kutubxonalari sonini oshirish masalasini ko‘rib chiqishni so‘raymiz.

Zuhra Abduhalimova,
Kun.uz muxbiri

Ko‘proq yangiliklar: