Koronadayjest: Rossiyada yangi antirekord, Fransiya murvatlarni qotirmoqda

Jahon 17:43 / 14.07.2021 25620

Yer yuzida pandemiya boshidan buyon koronavirusga chalinganlar soni 188,6 mln kishini tashkil etmoqda. Bu davr mobaynida virus 4 mln.dan ortiq kishini hayotdan olib ketgan. Bugungi kungacha dunyoda koronavirusga qarshi emlanganlar soni 3,4 mlrd kishiga yetgan.

Rossiya: yangi antirekord
Rossiyada koronavirusdan kunlik o‘limlar soni bo‘yicha navbatdagi eng yuqori ko‘rsatkich qayd etildi. Rasmiy statistikaga ko‘ra, so‘nggi bir kunda 786 nafar rossiyalik virus tufayli vafot etgan. So‘nggi kunlarda mamlakat bo‘ylab barqaror ravishda 24 ming atrofida yangi holatlar qayd etilmoqda.

Sankt-Peterburgda so‘nggi bir kunda 102 kishi, Moskvada - 109, Irkutsk oblastida - 32 kishi koronavirus qurboniga aylangan.  Bundan avvalgi antirekord 13 iyul kuni qayd etilgandi - 780ta o‘lim holati.

Rossiyaning barcha regionlarida yangi holatlar qayd etilmoqda, eng ko‘p holatlar Moskva shahri va Moskva viloyatida (mos ravishda 5 ming va 2,5 ming). Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, butun Rossiyada shu vaqtgacha 145,3 ming kishi koronavirusdan vafot etgan. Shu vaqtgacha kasallangan 5,8 mln kishidan 5,2 mln kishi tuzalgan.

Britaniya: niqobni bekor qilish bo‘yicha bahslar

19 iyul - Boris Jonson hukumati Angliyada deyarli barcha koronavirus cheklovlarini bekor qilishni mo‘ljallagan sana yaqinlashmoqda. Britan ekspertlari jamoasi esa ogohlantirmoqda: kasallanish holatlari va shifoxonalarga yotqizilayotganlar soni o‘sayotgan mahalda bu qaror halokatli bo‘lishi mumkin.

«Vaziyat aniq hozirgidan yomonroq bo‘ladi, quyi nuqta qayerda bo‘lishini bilmaymiz», degan Lafboro universiteti vakili, ma'lumotlar tahlili bo‘yicha mutaxassis Dankan Roberson.

«Bu xuddi yadro reaktoridan boshqaruv tayoqchasini olib tashlashga o‘xshaydi», deydi Roberson.

Britaniya tibbiyotchilari assotsiatsiyasi kengashi raisi Chaand Nagpolning qayd etishicha, Angliya aholisining ko‘p qismi hali emlanmagan va cheklovlarning bekor qilinishi virusga «o‘z pozitsiyasini mustahkamlash»ga va sog‘liqni saqlash tizimiga yuklama haddan tashqari ortishiga olib keladi.

Vaziyatni oldindan prognoz qilib bo‘lmasligi - rasmiylar uchun eng qiyin tomoni. Britaniya ilk marta kasallanish holatlari ortishini «tabiiy sharoitlar»da o‘tkazishga tayyorlanmoqda - o‘tgan yili kasallik o‘sishi cheklov choralari bilan to‘xtatib turilgandi.

Bu safar britaniyaliklar yangi holatlar to‘lqini o‘z-o‘zidan pasayishiga umid qilishmoqda. Dunyoda hech bir mamlakat yangi shtamm keng tarqalayotgan mahalda cheklov choralarini bekor qilish qarorini qabul qilmagandi.

Qirollikning bosh sanitar vrachi Kris Uitti va uning maslahatchilari hukumat qarorini qo‘llab-quvvatlamoqda, ammo hukumatga yaqin boshqa bir qator tibbiyotchilarda savollar bor.

Xususan, mutaxassislar 19 iyuldan keyin majburiy niqob bo‘yicha qonuniy talab kuchini yo‘qotishiga e'tibor qaratishmoqda. Ekspertlarni niqob taqish bekor qilinishining o‘zi emas, bu qaror jamoatchilikka bundan keyin epidemiyani nazorat qilishga hojat yo‘qligi haqida signal yuborishidan xavotirlantirmoqda.

Niqob masalasi shu kunlarda eng munozarali mavzuga aylanmoqda - hukumatning ayrim a'zolari jamoat ko‘p to‘planadigan binolar ichkarisida niqob taqish tartibini saqlab qolish kerak degan fikrda.

Britaniya hukumati qarori Yevropa bo‘ylab reaksiyalarga sabab bo‘lmoqda: seshanba kuni Germaniya sog‘liqni saqlash vazirligidagi amaldorlardan biri buni katta tavakkalchilikka asoslangan tajriba deb atadi.

AQSh: Johnson & Johnson vaksinasi bo‘yicha yangi ogohlantirish

AQSh Oziq-ovqat va dori-darmonlar sifatini nazorat qilish boshqarmasi Johnson & Johnson kompaniyasi vaksinasi annotatsiyasiga ayrim hollarda asab tizimida nojo‘ya ta'sirlar keltirib chiqarishi haqidagi ogohlantirishni qo‘shib qo‘ydi.

Hukumat organidan kompaniyaga yo‘llangan maktubda Johnson & Johnson vaksinasini qabul qilish ayrim kishilarda Giyen-Barre sindromi keltirib chiqarishi mumkinligi aytilgan.

Giyen-Barre kam uchraydigan autoimmun kasallik bo‘lib, asab tugunlarini yallig‘lantiradi va mushaklarning kuchsizlanishiga, og‘riqqa, karaxtlikka va harakatlanishda qiyinchiliklarga olib keladi.

Og‘ir holatlarda Giyen-Barre sindromi nutq va yutinish qobiliyatini susaytirishi mumkin. Sindrom har qanday yoshdagi odamlarga ta'sir qilishi mumkin, ammo u ko‘pincha kattalar va erkaklarda uchraydi.

Boshqarma ma'lumotiga ko‘ra, ushbu preparatni qabul qilgan 12,8 mln kishidan 100 nafarida sindrom kuzatilgan, shundan 95 kishida - shifoxonaga yotishni talab etadigan darajada og‘ir shaklda. Shuningdek, bir bemor o‘limi haqida xabar qilingan.

Fransiya: Makron murvatlarni buramoqda

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 21 iyuldan mamlakatda do‘konlar, barlar va kinoteatrlarga kirish uchun emlanganlik haqida ma'lumotnoma yoki yaqin vaqt ichida topshirilgan koronavirus testining manfiy natijani ko‘rsatish talab etiladi.

«Men sizlardan nima so‘rayotganimni tushunaman va siz bunga tayyor ekaningizni bilaman. Qaysidir ma'noda bu sizning o‘z burchingizni anglashingiz bo‘lishi kerak», degan Makron telemurojaatida.

Avvalroq sog‘liqni saqlash vaziri Olive Veran 15 sentyabrga qadar Fransiyadagi barcha tibbiyot xodimlari majburan vaksina qilinishi, aks holda ular maoshlardan ayrilishi mumkinligi haqida ma'lum qilgandi.

Prezidentning bayonotidan keyin Fransiyada vaksinatsiya uchun slotlar buyurtma qilinadigan Doctolib sayti foydalanuvchilar oqimi oshib ketgani tufayli ishlamay qoldi.

Fransiyada «Delta» shtammi tufayli kasallanganlar va shifoxonalarga yotqizilganlar soni oshib bormoqda. Keyingi oyda mamlakatda epidemiyaning navbatdagi to‘lqini kuzatilishi kutilmoqda, ekspertlarning hisoblashicha, virus ustidan samarali nazoratga erishish uchun aholining 95 foizini emlash talab etiladi.

Hozirda mamlakat aholisining yarmidan ortiq qismi kamida bir doza vaksina olgan, ikki doza olganlar miqdori esa 40 foiz atrofida.

«Lyambda» «Delta»ga qarshi: koronavirusning yangi varianti qanchalik xavfli?

Koronavirusning «Lyambda» varianti (genetiklar tilida S.37) bir oy oldin, 14 iyun kuni rasmiy nomini olgandi, ammo o‘tgan vaqt ichida bu shtamm 30dan ortiq mamlakatlarda aniqlandi.

«Lyambda» Lotin Amerikasidan kelib chiqqan. Shtamm ilk bor o‘tgan yilning dekabrida Peru poytaxti Limada aniqlangan, joriy yilning apreliga kelib yangi variant mamlakat bo‘ylab keng tarqaldi va amalda boshqa shtammlarni siqib chiqardi. Hozirda Peruda qayd etilayotgan yangi kasallanish holatlarining har 100tasidan 97tasi «Lyambda» shtammi bilan bog‘liq.

Peruda koronavirusdan o‘lim darajasi yuqori ekani (bu mamlakatda har mingta kasallanish holatiga 6 o‘lim to‘g‘ri keladi), aholi soniga nisbatan o‘lim ko‘rsatkichlari ko‘pligi bo‘yicha reytingda birinchi o‘rindaligi (ikkinchi o‘rindagi Vengriyadan ancha katta farq bilan oldinda - Peru 31 million aholiga ega, 2 milliondan ortiq kasallanish holati va 200 mingga yaqin o‘lim, Vengriya 9,6 million aholiga ega, 808 mingdan ortiq kasallanish holati va 30 ming o‘lim) tufayli mamlakatda keng tarqalgan «Lyambda» shtammi koronavirusning boshqa variantlariga qaraganda xavfliroq, yuquvchanroq va o‘limvorroq ekanini taxmin qilish mantiqan to‘g‘ri.

Ammo aslida bunday emas.

14 iyun kuni JSST «Lyambda»ni «qiziqish uyg‘otuvchi variant»lar kiritiladigan global ro‘yxatga qo‘shdi. Bu versiyaning bir qancha mutatsiyalari uchrab, u katta hududlarga tarqalishi xavfi yuzaga kelgach shunday qarorga kelingandi.

JSST atamashunosligida «qiziqish uyg‘otuvchi variant» atamasi asosiy xarakteristikasiga ta'sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan (yuquvchanlik, kasallikning og‘ir shaklini chaqirish, immun himoyasini buzib o‘tish) mutatsiyalari bor viruslarga nisbatan qo‘llanadi.

Ayrim ekspertlar chindan ham noodatiy mutatsiyalarga, buning evaziga «Lyambda»ning yuquvchanligi oshishiga urg‘u qaratishmoqda. Shu tufayli «Lyambda»ni koronavirusning avvalgi versiyalari uchun ishlab chiqilgan antitanalarga qarshi ko‘proq himoyalangan deyish mumkin.

Ammo antitana - immun javobning yagona tarkibiy qismi emas (shunchaki ularni aniqlash oson): undan tashqari inson organizmida boshqa himoya mexanizmlari ham mavjud.

Bu shtamm virusning yuqumlilik xususiyatini oshiruvchi yoki uning antitanalarga chidamliligini kuchaytiruvchi mutatsiyaga ega, ammo bugungi kunda olimlarda «Lyambda» varianti jiddiy tahdid tug‘dirishi bo‘yicha ishonchli dalillar yo‘q. Faqat hali e'lon qilinmagan ikki ilmiy ish bor, ularda Pfizer yoki Moderna bilan emlanganlarning immun himoyasi samaradorligi bu shtamm tufayli kuchsizlanishi mumkinligi aytilgan. Ammo ularning mualliflari ham bu pasayish sezilarli darajada bo‘ladi deb hisoblashmaydi.

Bu esa «Lyambda» JSSTning rasmiy klassifikatsiyasida hamon «qiziqish uyg‘otuvchi variant» (VOI) sifatida qolayotgani, hozircha «xavotirli variant» (VOC)ga o‘tkazilmaganini izohlaydi.

Ko‘proq yangiliklar: