Uzbeklife chet eldagi hamyurtlarimiz bilan suhbatlarni davom ettiradi. Navbatdagi suhbatdoshimiz Chexiya poytaxti Praga shahrida tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan Bahodir Kuchakov bo‘ldi.
Suhbat Chexiyadagi hayot, biznes yuritish va yangi maqsadlar haqida kechdi.
Hayotda muvaffaqiyatga erishish uchun diplomli bo‘lish shart emas
Namangan viloyatida tug‘ilganman. Hozirda Chexiyada tadbirkorlik bilan shug‘ullanaman. Oliy ma'lumotli emasman, lekin maktabni a'lo baholarga tamomlaganman. Universitetda o‘qimoqchi bo‘lib hujjat topshirdim, lekin kira olmadim. Hozir o‘qimaganimga afsuslanmayman. Sababi kichik bo‘lsa-da o‘z biznesimga egaman. Hayotda muvaffaqiyatga erishish uchun oliy ma'lumot shart emas, deb o‘ylayman. Yurtimizda ham biznes bilan shug‘ullanganman. Otam kichiklikdan maqsadni katta qo‘yishni o‘rgatgan. Va men oldimga katta maqsadlar qo‘yganman.
Sarmoya va yaxshi biznes g‘oya bo‘lishi kerak
Bolaligimdan dunyo kezish orzum edi. Shu sababli besh yil oldin, tanishim bergan taklif bilan Chexiyaga keldim. Boshida biroz qiynaldim. Lekin tezda moslashib ketdim. Chexiyada yashash sharoiti ancha yaxshi. Men dastlab Chexiyaga ish vizasi bilan 2 yilga kelganman. Har oy davlatga 250 dollar atrofida soliq to‘lar edim. Soliq ichiga tibbiy sug‘urta ham kirib ketadi. Bizga sug‘urta kartasi berishadi. Kasal bo‘lganingizda kasalxonaga borib bemalol bepul davolansangiz bo‘ladi. Tibbiyot tizimi yaxshi rivojlangan. Shu bilan birga, biror joyda tadbirkorlik qilmoqchi bo‘lsangiz, sizdan alohida soliq olmaydi. Tadbirkorlik solig‘i ham shu 250 dollar ichiga kirib ketadi. Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lganlarga davlat tomonidan barcha shart-sharoitlar yaratib berilgan. Sarmoya va yaxshi biznes g‘oya bo‘lsa, davlat sizga biznesingizni yuritishda yordamini ayamaydi.
Bu yerda shaxsiy mashinani emas, jamoat transportini afzal ko‘rishadi
Hozirda Praga shahrida istiqomat qilaman. Praga tarixiy shahar. Juda tartibli va ozoda. Chexiyada tug‘ilish kam bo‘lgani uchun chetdan ishchi kuchiga ehtiyoj sezadi. Biz bu yerlarda yashashni orzu qilsak, mahalliy aholi Germaniya, Fransiyaga ketishni xohlaydi. Bu yerda oziq-ovqat mahsulotlari oylikka nisbatan arzon. Davlat nazoratda ushlab turadi. Birdaniga narxlar oshib ketmaydi. Poytaxtda jamoat transporti a'lo darajada. Metro, tramvay va avtobus harakati tizimli yo‘lga qo‘yilgan. Uzoq vaqt kutib qolmaysiz. Tizim shunday ishlab chiqilganki, shaharning istalgan burchagiga jamoat transportida yetib olish mumkin. Odamlar shaxsiy mashinalardan ko‘ra jamoat transportini afzal ko‘radi. Bunga sabab arzonligi, qulayligi va tartibli harakati deb o‘ylayman. Shaxsiy mashinam bor, lekin metro yoki tramvayda yurishni yaxshi ko‘raman. Yo‘l harakatiga ham amal qilish a'lo darajada. Odamlar ko‘chada mashina bo‘lmasa ham qizil chiroq yonsa, kutib turishadi. Haydovchilar ham bir-biriga xushmuomala.
Tizimni o‘rganishga 2 yil sarfladim
O‘zim boshida arab restoranida menejyer lavozimida ishladim. Til bilmasligim menga pand bera boshladi. Shu sababli ingliz tilini o‘rganishga kirishdim. Ham ishlab, ham o‘qidim. Ikki yil davomida shu arab restoranida ish va biznes yo‘l-yo‘riqlarini o‘rgandim. Shu ikki yil vaqtimni Praga shahridagi vaziyatni o‘rganishga, tizim qanday ishlashini, mijozlar bilan muloqot qilishni, hujjatlarni qanday olib borishni, xullas, ko‘plab masalalarni o‘rganishga sarfladim. Sababi bilardim, agar yuqoridagi kategoriyalarni hisobga olmasam, biznes olib bora olmas edim.
Tajribalarimga tayanib keyinchalik “Fayz kebab pizza” kafesini ochdim. Barcha kerakli hujjatlarni tayyorlab, ijaraga oladigan joyni aniqlab kerakli tashkilotga hujjatlarni topshirdim. Bu yerda arizamga 1 haftada javob berishdi. Ortiqcha qog‘ozbozlik, yugur-yugur bo‘lmagani bir tomondan xursand qilsa, bir tomondan hayron qoldirdi. Davlat idoralariga ishim tushgani uchun shu narsani aytib o‘tmoqchiman, bu yerda vaqt masalasiga diqqat qilinadi. Ertalab 8 da ochilib, 5 da yopiladi deyilsa, haqiqatda shunday bo‘ladi. Kech ochilib yoki erta yopilib qolmaydi. Har qanday soha vakillari u xoh politsiya, xoh shifokor bo‘lsin sidqidildan vazifasini bajaradi.
Kafega boshlanishiga 25 ming dollar atrofida sarmoya kiritdim. Bu pul o‘zini to‘liq qopladi deb ayta olmayman. Chunki pandemiya boshlanib, turistlar oqimi sezilarli pasaydi. Bilamizki, Chexiyada asosiy YaIM turistlar hisobiga keladi. Shu sababli mijozlar soni biroz kamaydi. Ammo davlat bizni tashlab qo‘ymadi. Karantin davomida oyiga o‘rtacha 1000 dollar atrofida bizga pul to‘landi. Kafeda men, bitta chex va bitta Ukraina fuqarosi birgalikda ishlayman. U yerda pitssa, lavash va fast food’lar tayyorlanadi.
Boshida qiynalganimning asosiy sababi til bilmasligim bo‘ldi. Rus tilida gapirsam javob bergilari kelmaydi. Shu sababli asta-sekin til o‘rgandim. Chexlarning mehnat migrantlariga munosabati yaxshi. Yuqorida aytganimdek, tug‘ilish kamligi uchun ko‘plab sohalarda mehnat muhojirlarini uchratish mumkin. Shu vaqtgacha yomon muomalaga duch kelmadim.
Ingliz va chex tillarini bilish muhim
Chexiyaga ishga keladiganlar ishchi vizasini Toshkentdagi elchixonadan olishlari mumkin. Elchixona navbat tizimini yo‘lga qo‘ygan. 1 oyda taxminan 18 kishiga ishchi vizasini berishadi. Til bilishi muhim deb o‘ylayman. Ingliz tilini bilsa ishlay oladi, lekin chex tilini bilsa yaxshi ish topishi mumkin. Chexlar o‘z tilida gapirganlarga yaxshi muomala qilishganining ko‘p guvohi bo‘ldim. Migrantlar asosan qurilish, zavod va fabrikalarda ishlashadi. Chexiyada eng kam ish haqi 1100 dollar atrofida. Bu yerda ishlayotganlar o‘rtacha 2000–3000 dollar topishadi. Ishi yaxshi bo‘lsa undan ko‘p ham topishi mumkin. Ishlash uchun firmalar bilan shartnoma tuzib kelsa ishi osonlashadi. Yotoqxona, ovqat firma hisobidan bo‘lishi mumkin. Chexiyada hamma ishlayotganlar shartnoma asosida ishlashadi. Shartnomasiz ishga qabul qilishmaydi. Yashirincha ishlayotganlar ham bor. Ular past oylikka ishlashadi. Qo‘lga tushib qolishsa, deport qilib yuborishi ham mumkin.
Yurtimiz mahsulotlarini dunyoga tanitishni niyat qilganman
Kelajakda milliy taomlarimiz uchun alohida restoran ochish niyatim ham bor. Bundan tashqari, yaqinda quruq va ho‘l mevalar sotiladigan do‘kon ochmoqchimiz. Albatta, mahsulotlar O‘zbekistondan keltiriladi. Shu yo‘l bilan yurtimiz mahsulotlarini dunyoga tanitishni, iqtisodiyotimizga biroz bo‘lsa ham hissamni qo‘shishni va bir qancha yoshlarni ishga olishni niyat qilganman. Umuman olganda kelajakdan maqsadlarim ko‘p. Birma-bir ularga yetishaman.
Muzaffar Habibullayev suhbatlashdi.