O‘zbekistonning navbatdagi xalqaro obligatsiyalari ikki transhda – 635 mln AQSh dollari va 2,5 trln so‘m miqdorida London fond birjasida joylashtirildi.
Moliya vazirligi xabariga ko‘ra, qimmatli qog‘ozlar AQSh dollarida 3,9 foiz kupon bilan 10 yil muddatga, o‘zbek so‘mida 14 foiz kupon bilan 3 yil muddatga chiqarildi.
Qayd etilishicha, mazkur xalqaro obligatsiyalardan tushgan mablag‘lar Barqaror rivojlanish maqsadlarini (BRM) moliyalashtirish va davlat budjeti defitsitini qoplash uchun yo‘naltiriladi. Xususan, 2021 yilgi davlat budjeti taqchilligini qoplash uchun 2,2 mlrd dollar davlat qarzi jalb qilinishi ko‘zda tutilgan.
Manbada milliy valutadagi xalqaro obligatsiyalar respublikaning Barqaror rivojlanish maqsadlarini moliyalashtirish uchun ishlab chiqilgan BRM obligatsiyalari dasturi doirasida chiqarildi.
Avvalroq, O‘zbekiston ikki transhda 870 mln dollar ekvivalentida yevrobondlar chiqarishi xabar qilingandi. Shuningdek, respublikaning navbatdagi suveren obligatsiyalari jahon bozoriga milliy valutada chiqarilishi bildirilgan.