Surxondaryoda voyaga yetmagan bolalar «Kamaz»da yuk tashib yurgani aniqlangan

Jamiyat 19:52 / 09.07.2021 3451

Surxondaryo viloyati Qiziriq tumanida voyaga yetmagan bolalar «Kamaz» yuk mashinasini boshqarib ketayotganda YPX xodimlari tomonidan to‘xtatilgan. Bu haqda viloyat IIB YHXB xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, joriy yil 8 iyul kuni davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan 4R-103 avtomobil yo‘lining Qiziriq tumanidan o‘tgan 17-kilometrida tuman IIB YHXB xodimlari tomonidan «Kamaz» yuk mashinasi to‘xtatilgan. Ma'lum bo‘lishicha, «Kamaz»ni voyaga yetmagan bolalar boshqarib ketayotgan bo‘lgan.

Qayd etilishicha, bolalarning biri 13 yoshda, ikkinchisi 16 yoshda bo‘lib, ular Sherobod tumanidagi maktablardan birining o‘quvchilari ekani aniqlangan. Surishtiruv davomida bolalar «Kamaz»ni otasining ruxsati bilan boshqarganini ma'lum qilgan. Ular «Kamaz»ga ortilgan g‘ishtni Qiziriqqa olib kelib to‘kib, orqaga qaytayotganini bildirgan.

Ta'kidlanishicha, «Kamaz» jarima maydonchasiga joylashtirilgan. Voyaga yetmagan bolalarga yuk mashinasi boshqaruvini topshirgan shaxslarga Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 135-moddasi 1,2-qismlari bilan chora ko‘rilgan.

Ko‘proq yangiliklar: