Holat bo‘yicha Toshkent shahar IIBB rasmiy munosabat bildirdi. Unda aytishicha, IIB xodimini otaxonning farzandi chaqirtirgan.
“2021 yil 8 iyul kuni taxminan soat 10:40larda Shayxontohur tumanida istiqomat qiluvchi 1972 y.t. Dilmurod M. 102 raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, otasi 1935 y.t. Abdufattoh M. mast holatda bo‘laturib, uyda janjal, to‘polon ko‘targanini ma'lum qilib, yordam so‘ragan.
Hodisa joyiga tezkorlik bilan Shayxontohur tumani IIO FMB profilaktika inspektori mayor Ulug‘bek Yaxshiboyev yetib kelgan.
Profilaktika inspektori Abdufattoh M.ni ichki ishlar bo‘limiga olib borib holatni batafsil o‘rganmoqchi bo‘lganda, janjalga qo‘shnilar aralashishgan. Vaziyatdan to‘liq xabardor bo‘lmagan qo‘shnilar noto‘g‘ri xulosa chiqarib, inspektorning xizmat faoliyatiga to‘sqinlik qilishgan va profilaktika inspektori bilan janjallashgan”, – deyiladi IIBB axborotida.
Boshqarma o‘z bayonotida “mahalla aholisi ichki ishlar organi xodimining faoliyatiga faol qarshilik ko‘rsatgan” deb hisoblashini bildirdi.
Fuqarolar “vaziyatni bilmasdan, holatni to‘liq o‘rganmasdan, profilaktika inspektori bilan konstruktiv tarzda suhbatlashmasdan, unga qo‘pollik qilishgan, uning xizmat kiyimiga shikast yetkazishgan”, deb hisoblamoqda shahar IIBB. Biroq videoda ko‘rish mumkinki, fuqarolar IIB xodimini muloqotga taklif qilgan, ya'ni IIBB bayonotidagi “konstruktiv tarzda suhbatlashmagan” iddaosini xodimga nisbatan ham ishlatish mumkin.
Hozirda holat yuzasidan tekshiruv o‘tkazilmoqda.
Profilaktika inspektoriga nisbatan ham xizmat tekshiruvi tayinlangan.