Ma'lum qilinishicha, O‘zbekiston CAF (Charities Aid Foundation) xayriya jamg‘armasi tomonidan 2021 yilgi pandemiya yiliga bag‘ishlangan (World Giving Index-2021) jahon reytingida 114 mamlakat orasida 2018 yildagi 53-o‘rindan 29-o‘ringa ko‘tarilgan.
Mamlakatlar reytingi uchta yo‘nalishdagi o‘rtacha qiymat ko‘rsatkichlariga bog‘liq:
- xayriya tashkilotlariga tushgan mablag‘lar;
- aholining muhtoj qatlamiga yordam ko‘rsatish;
- ko‘ngilli sifatida ko‘mak berish.
Ta'kidlanishicha, 2020 yilda yuz bergan global pandemiya muammolariga qaramay, bir-biriga g‘amxo‘rlik qilgan insonlarning mehr-oqibati, hamjihatligi, saxiyligi pandemiyaning og‘ir muammolarini jahon miqyosida bartaraf etishga yordam bergan.
O‘zbekiston 2020 yilda xayriya tashkilotlariga ajratilgan mablag‘lar bo‘yicha 18-o‘rinni (46 foiz), muhtojlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri saxovat yordami ko‘rsatgan odamlar soni bo‘yicha 58-o‘rinni (57 foiz), ko‘ngilli sifatida ko‘mak berish bo‘yicha 62-o‘rinni (16 foiz) egallagan.
Indoneziyada 2020 yilgi jahon reytingida birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, Afrika qit'asining ikki davlati Keniya va Nigeriya yuqori uchlikni egallagan. Mutaxassislar ushbu mamlakatlarda xayriya yordamining ko‘payishini kambag‘al aholi qatlamlarining ahvoli yomonlashayotgani, shuningdek, fuqarolik jamiyati va ko‘ngillilar harakati faollashgani bilan izohlashmoqda.
Shu bilan birga, odatda, doim birinchi o‘ntalikka kirgan mamlakatlar (AQSh, Buyuk Britaniya, Irlandiya, Kanada, Niderlandiya) o‘z pozitsiyalarini ilgari hech qachon yuqori pozitsiyani egallamagan mamlakatlarga bo‘shatib bergan.
Reytingdagi so‘nggi o‘rinni (114) Yaponiya egallab turibdi. Qayd etilishicha, Yaponiyaning bunday pozitsiyani egallashi aholining madaniyati va mentaliteti, muhtojlarning davlat tomonidan yuqori darajada ta'minlanganligi hamda mamlakatda xayriya yordami ko‘rsatish bo‘yicha tartib-qoidalarning murakkabligi bilan izohlanadi.
Ma'lumot uchun: World Giving Index (jahon xayriya indeksi) CAF (Charities Aid Foundation) xayriya jamg‘armasi tomonidan 2009 yildan buyon 15 yosh va undan katta yoshdagi aholi o‘rtasida tasodifiy tanlov asosidagi so‘rovnoma natijalariga binoan e'lon qilib kelinadi.
Mazkur tadqiqotlar 2020 yilda 114 mamlakatda o‘tkazildi. Koronavirus pandemiyasi sababli so‘rov telefon orqali tashkil etildi. Gallup kompaniyasi har bir mamlakat bo‘yicha so‘rovlarni har yili yangilab boradi. CAF hisobotlarini tayyorlashda ham ularning 2020 yilning may oyidagi ma'lumotlaridan foydalanilgan.