Jaziramadan saqlanish choralarini to‘g‘ri qo‘llash bo‘yicha tavsiyalar

Light 18:24 / 08.07.2021 67441

Konditsioner

Xonani sovitishning eng effektiv usuli. Lekin bu texnikadan to‘g‘ri foydalanilmasa, ko‘pgina zararli holatlarga sabab bo‘lishi sir emas.

Sovuq havo haroratining inson uchun me'yori – 18 daraja. Ko‘chada 40 darajadan oshiq harorat bo‘lsa-yu, xonadagi haroratni 18 darajadan pasaytirib yuborsangiz, bu salomatlik uchun yaxshi oqibatlarga olib kelmaydi.

Konditsionerdan chiqayotgan sovuqlik oqimi to‘g‘ridan to‘g‘ri tanaga urmasligi kerak. Doimiy ravishda sovuq havo oqimi ta'sirida bo‘lish immunitet pasayishiga olib keladi.

Ventilyator

Issiqdan saqlanishning arzon va ommabop bu usuli xonaning o‘zidagi haroratni shamol orqali yetkazadi xolos. Agar xonadagi harorat 35 darajadan yuqori bo‘lsa, ventilyatorni o‘chirib qo‘ygan ma'qul. Chunki bu haroratda uning issiq shamoli inson terisini quritib, suvsizlantirib qo‘yishi mumkin.

Ventilyatordan foydalanganda shamol yo‘nalishiga qarab muzli baklajkalar qo‘yilsa, xonaga salqin shamol purkaydi.

Bu texnikalarni xarid qilishga qurbi yetmagan aholi qatlami nima qiladi? Elektr energiyasida uzilish bo‘lganda-chi?

Issiq kunda issiq choy

O‘zbek xalqi azaldan yozning issig‘ida ham qaynoq choy ichishni kanda qilmaydi. Ayniqsa keksalar orasida bu udum keng tarqalgan. Issiq havoda issiq choy qanchalik mutanosib?

Mutaxassislarga ko‘ra, issiq choy tana haroratining sovishiga xizmat qilar ekan. Ichilgan choy inson tanasini ichdan isitadi va ko‘proq ter ajralib chiqishini ta'minlaydi. Ter ajralishi, ya'ni moddalar almashinuvi natijasida esa insonning tana harorati soviydi. Lekin uning o‘rnini to‘ldirib turish, tana suvsizlanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak.

Albatta, bu yerda gap o‘ta qaynoq choy emas, me'yoriy darajadagi issiq choy haqida ketmoqda.

Derazalarni ochish

Bu chora tashqaridagi havo ichkaridagiga nisbatan salqinroq bo‘lgandagina yordam beradi. Agar tashqarida xonadan ko‘ra issiq bo‘lsa, derazalarni ochmagan ma'qul. Ularni kunning issiq paytida oq mato yoki choyshab bilan to‘sib qo‘yish tavsiya etiladi.

Agar quyosh nurlari to‘g‘ridan to‘g‘ri xonaga tushib, uyni haddan ortiq isitib yuborayotgan bo‘lsa, derazaga folga qog‘ozni yopishtirish ham mumkin. Bu usul deraza orqali quyoshdan kelayotgan issiqni qaytaradi.

Xonani namlantirish

Sovuq suv xonani sovitishda yordam beradi. Baklajkani muzli suv bilan to‘ldirib, vaqti-vaqti bilan uni xonaga suv purkagich yordamida purkab turilsa, xona salqinlashadi.

Xonadagi havoni tozalash maqsadida bu suvga yalpiz, limon suvi, efir moyi kabilardan birortasi qo‘shilsa, yaxshi hid ham taratadi.

Surp yoki bo‘z matolar, choyshablar, sochiqlarni muzdek suvda namlab xonaga yoyib qo‘yish ham mumkin. Matolarni namlab, muzlatkichda bir muddat saqlab, keyin yoyilsa, yanayam salqinlik bag‘ishlaydi.

Uy ichidagi elektr texnikalardan kamroq foydalanish

Televizor, kompyuter, lampochkalar, elektr choynak, kofe qaynatgich, dazmol kabi texnikalar ham xonada issiqlikni oshiradi. Shuning uchun zarur bo‘lmaganda ularni o‘chirib qo‘yish kerak.

Uyning ichki eshiklarini ochib qo‘yish xonalararo havo almashinuvini yaratadi.

Terini namlantirish

Suv yordamida yuz terisini, bo‘yin terisini ozgina bo‘lsa ham namlantirishga erishish mumkin. Terini namlantirish uchun har xil losonlar, spreylardan foydalansa bo‘ladi. Yuz va bo‘yin terisi insondagi eng sezuvchan a'zolardan bo‘lgani sababli insonda butun tanada soviganlik tuyg‘usini keltirib chiqaradi va yengillik beradi.

Ulardan foydalanishda e'tiborli bo‘lish kerak, ho‘l teri bilan konditsioner qarshisida o‘tirmaslik lozim.

Salqin ichimliklar

Haddan ortiq muzdek ichimliklarni ichish ham tavsiya etilmaydi, chunki ular tufayli tomoq og‘rig‘ini orttirib olish mumkin. Yana shuni ham aytib o‘tish kerakki, muzdek ichimliklar ichki tana a'zolarini muzlatib, tana sirtida qon aylanishini tezlashtiradi va buning oqibatida harorat ko‘tarilib ketadi.

Bir kunda ichiladigan suyuqlik miqdori 3 litrdan kam bo‘lmasligi kerak va ular orasida ko‘k choy, limon choy, mevalardan tayyorlangan sharbatlar bo‘lishi tavsiya etiladi.

Gulmira Toshniyozova

Ko‘proq yangiliklar: