Samarqand viloyati Payariq tumanida qarzdor ota ikki nafar farzandi uchun 166 million so‘m aliment pullarini to‘lab bergan. Bu haqda tuman MIB bo‘limi xabar bermoqda.
Ma'lum qilinishicha, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Ishtixon tumanlararo sudining qarori bilan fuqaro B.H.dan undiruvchi N.P.ga ikki nafar farzandi moddiy ta'minoti uchun daromadining uchdan bir qismi miqdorida aliment undirish belgilangan.
Bu holat bo‘yicha Majburiy ijro byurosi Payariq tuman bo‘limi tomonidan ijro ishi yuritilgan. Ammo fuqaro B.H. aliment to‘lovlarini to‘lamasdan kelgan. MIB xodimlari tomonidan qarzdor B.H. bilan tushuntirish ishlari o‘tkazilgan va unga farzandlarni moddiy qo‘llab-quvvatlash har bir otaning burchi ekani tushuntirilgan.
Bunday maslahat va suhbatdan o‘ziga to‘g‘ri xulosa chiqargan qarzdor ota o‘sha kuni farzandlari ta'minotini o‘ylab, shu paytgacha bo‘lgan qarzi 166 million 625 ming so‘m pulni to‘lab bergan.