Nurmat Otabekov: «Vaksina olishni majburiy qilish to‘g‘ri fikr»

Jamiyat 19:32 / 06.07.2021 13791

Aholini koronavirusga qarshi vaksina bilan majburiy emlash koronavirusga qarshi kurashishda yaxshi samara berishi mumkin. Bu haqda AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi Nurmat Otabekov ma'lum qildi.

Nurmat Otabekov karantin cheklovlarining 2020 yildagi kabi qat'iylashtirilishi aholi yashash sharoitiga salbiy ta'sir qilishi mumkinligi haqida gapirdi.

«2020 yil pandemiya boshlangan paytda qo‘llangan qat'iy va keskin karantin cheklovlar kasallik tarqalishining oldini olishga sabab bo‘lgan edi. Hozirgi kunga kelib yana koronavirusga chalingan bemorlar soni oshishiga qaramay avvalgiday qat'iy karantin qo‘llanmayapti. Chunki bunday karantin ko‘plab oilalarda iqtisodiy tanglikni keltirib chiqarishi mumkin. Shuning uchun ham bunday keskin choralar qo‘llanmayapti.

Maqsadimiz odamlarning ongiga ta'sir qilish, tushuntirish orqali vaziyatni izga solish, barqarorlashtirishdir», dedi Otabekov.

Shuningdek, koronavirusga qarshi vaksina olishning majburiylashtirilishi O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi tarqalishi bartaraf etilishiga yaxshi chora hisoblanishi aytib o‘tildi.

«O‘zbekistonda 3000dan ortiq emlash punktlari va 800dan ziyod mobil brigadalar emlash uchun shay qilingan. Hozir bu punktlar yana ko‘paytirildi. Lekin afsuski, shuncha punktlarda bir kunda 130-140 ming nafar fuqaro emlanyapti. Bu raqam juda kam, chunki aholining 60-70 foizi emlansagina koronavirusga qarshi ommaviy immunitet hosil qilish mumkin. Vaksina olishni majburiy qilish to‘g‘ri fikr nazarimda. Rossiyadagi kabi emlanmagan fuqarolarni ishga qo‘ymaslik kabi amaliyotni ham tatbiq etish kerakdir», dedi shtab a'zosi.

Ma'lumot o‘rnida, koronavirusga qarshi majburiy emlash jarayoni ayrim davlatlarda yo‘lga qo‘yilgan. Masalan, Tojikistonda 18 yoshdan katta aholi koronavirusga qarshi majburiy emlanishi e'lon qilindi. Moskvada esa aholining asosiy qismini majburiy emlash yo‘lga qo‘yilgan.

Ko‘proq yangiliklar: