«Korrupsiya oqibatlari bilan emas, sabablariga qarshi kurashish kerak» – Obidjon Latipov

Jamiyat 21:50 / 06.07.2021 8591

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mutaxassisi Obidjon Latipov Iqtisodiyot assambleyasining «Fidoyilar klubi» muloqotida korrupsiyani yengishda ko‘rilishi zarur bo‘lgan ayrim choralarga to‘xtaldi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Aytish kerakki, jamiyatda antikorrupsion dunyoqarash hali shakllanmagan. Bizda hozir korrupsiya qadriyat darajasida. Odamlar orasida korrupsiyaga targ‘ib qilish kuchli. Misol, ko‘chada «GAI» to‘xtatib jarima yozsa, «yaramas ekan, yozib yubordi», deyishadi. «Baraka topsin, men qoida buzgandim, shartta yozdi. Pul berdim, olmadi», demaydi. Ya'ni oqni qora deb aytishadi. O‘sha haydovchining tanishi ham «Uch-to‘rt so‘m bermabsan-da», deydi. Jamiyatning o‘zi buzuqlikka targ‘ib qiladi. Qonun buzilishini qadriyat darajasiga ko‘targan. Pora berishni rag‘batlantiradi.

Hatto ibora darajasiga chiqqan gap bor: pul olmaydigan domla bo‘lmaydi, pora bera olmaydigan talaba bo‘ladi, deyishadi. Ya'ni pora berib ishini bitira olmaslik noshudlik, landavurlik deb talqin qilinadi. Pora berib yurgan odam ustomon, ishbilarmon. Buni jamiyat normal qabul qiladi», dedi u.

Latipovning so‘zlariga ko‘ra, hammada korrupsiyaga nisbatan jirkanish instinkti shakllanishi kerak.  

«Bog‘chadan boshlab bolalar tarbiyasiga halollik, to‘g‘riso‘zlik va poklikni singdirish kerak. Birovning haqiga xiyonat, yolg‘onchilikka nisbatan nafrat paydo qilish lozim.

Ikkinchidan, maktablarda davlat va huquq asoslari fani ichiga korrupsiyaga qarshi kurashish darslarini ham kiritish kerak. Korrupsiya nimaligi, uning oqibatlari qanday bo‘lishini o‘rgatish zarur. Bu illatning jamiyatdagi xavf-xatarini har bir bola bilsin.

Bola bo‘lsa, bola tilida, katta kishi bo‘lsa, u tushunadigan jihat bilan singdirish kerak. Boshqa yosh toifasidagilarga bittagina yo‘l bor – ommaviy axborot vositalari orqali targ‘ib qilish mumkin. Kino, serial, rolik, teatr kabi barcha choralardan foydalanishimiz kerak. Korrupsiyaga nisbatan nafrat uyg‘otish zarur», dedi u.

Uning ta'kidlashicha, korrupsiya bilan kurashishda doimo davlat organi mas'ul emas, hamma birdek kurashishi kerak.  

«Agar Antikorrupsiya agentligi bor kuchini shunga berib kurashganda ham yetarli natija olish qiyin. Buning uchun hamma baravar kurashishi kerak.

Masalan, armiyaning massasi qancha katta bo‘lsa, dushmanni yengish imkoniyati ham shuncha katta, tez va samarali bo‘ladi.

Korrupsiya mohiyatini anglagan har bir inson qaysi format yoki bosqichda bo‘lmasin, o‘z faoliyati doirasida kurashga hissa qo‘shishga intilsin.

Korrupsiyaga qarshi kurashishda strategiyani o‘zgartirish kerak. Ya'ni uning oqibatlari bilan emas, sabablari bilan kurashish lozim», - dedi Obidjon Latipov.

Avvalroq, O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashishga doir prezident farmoni va qarori loyihalari e'lon qilingandi.

Hujjat loyihasiga ko‘ra, 2022 yil 1 yanvardan davlat xizmatchilari, ularning turmush o‘rtog‘i va voyaga yetmagan farzandlarining mol-mulki va daromadlarini deklaratsiyalash boshlanadi. Korrupsionerlar ro‘yxati tuziladi, ularga nisbatan qator taqiqlar belgilanadi. Davlat xizmatchilariga chet elda boylik orttirish man etiladi. Manfaatlar to‘qnashuvi masalalari tartibga solinadi.

Ko‘proq yangiliklar: