Bir narsaga erishish uchun nimadandir voz kechish kerak
Portugaliyaga ketish iqtisodiy qiyinchiliklarga borib taqaladi. O‘sha payt iqtisodiy qiyinchilik bo‘lib qolgani uchun yo‘lini qidirib chet elga borib ishlab kelishga, o‘sha yerda qo‘nim topishga harakat qildik va shu sabab Portugaliyaga borib qolganmiz. U yerda faqat og‘ir ishlar, ya'ni qurilish ishlarida ishlashga to‘g‘ri kelgan. Albatta ish umuman Portugaliyaga moslashuv oson bo‘lmagan.
Portugal tili o‘rganishga juda qiyin til hisoblanadi. Borgan vaqtim qurilish ishlariga kirib ishlab ketdim. 10–12 soatlab ishlardik, natijada til o‘rganishga vaqt bo‘lmasdi.
Ikki yil qiyinchilikda ishlaganimdan keyin bu holat boshqa ish topishga majbur qildi. Chinni zavodda ham ishladim. U yerda ish vaqti 8 soat edi. Shunda kechqurun o‘zimga vaqt qolardi – til o‘rganishga. Qurilishda ishlab umrim o‘tmasin degan maqsadda o‘zimga sharoit yaratdim. Chinni zavodda chinnilarga naqsh chizishlarni o‘rgandim. Bu asosan o‘zimni rivojlantirish uchun kerak edi. Ishdan keyin o‘qidim, til o‘rgandim. Asosan 3 oy o‘rgandim, keyin qo‘shimcha ikki oy so‘zlashuvni o‘rganishga sarfladim. Bundan tashqari, tibbiy atamalarni o‘rganishga ham alohida vaqt ketdi. Shundan keyin o‘zimga imkon topildi. So‘ng fabrikadan ham ketishga harakat qildim. Chunki bir narsaga erishish uchun nimadandir voz kechish kerak. Maqsadim ham o‘z ustimda ishlab nimagadir erishish, o‘z iqtidorimni rivojlantirish edi. Shu vaqt davomida kompyuterni o‘rgandim, elektronika ishlarini ham. Bu 2003 yilgi voqealar. Keyinchalik hujjatlarimni to‘g‘rilab universitetga ham kira oldim. Tibbiyot sohasida ortopediya, fizioterapiya bo‘yicha o‘qib, o‘zimiz yashaydigan Leyriya shahrida sportzalga fizioterapevt bo‘lib ishga kirdim. U yerda o‘z ish uslubimni yarata oldim. Mijozlar ko‘paydi, maqtashdi. Lekin ba'zi mijozlarni davolashda qiyinchiliklar, e'tirozlar bo‘ldi. Yana izlanishni boshladim. Internetda Germaniyada kineziologiyaga oid o‘qish ochilayotgani haqida eshitdim. Bu soha nimaligini ham bilmasdim, lekin qiziqdim, o‘rganishni xohladim. Shu jarayonda savollarimga javoblar aynan shu sohada ekanini anglab yetdim va bor kuch-quvvatimni shu sohaga berdim. Lekin oson bo‘lmadi. Yevropada har bir harakat katta pul turadi. Kechalari qo‘shimcha ishlab, shu o‘qishga kirishga ahd qildim va kirdim. Bu muassasa faqat vrachlar uchun ekan. 12 ta modulni muvaffaqiyatli tugatdim. Qiyinchiliklar bo‘ldi, ularni ham yengib o‘tdik. O‘zim oldimga qo‘ygan maqsadga erishdim va hali o‘rganishim kerak bo‘lgan narsalar juda ko‘p. Oxiriga yetkazaman deb umid qilaman. O‘sha metodikani birinchi o‘zbek fuqarosi bo‘lib Portugaliyaga olib kirganimdan, muvaffaqiyatli bo‘lganidan faxrlanaman. Va maqsadim shu sohani O‘zbekistonga ham olib kirsam, o‘zgalarga tegayotgan yordamimiz yurtdoshlarimizga ham tegsa. Hozir O‘zbekistondagi o‘zgarishlarni ko‘rib xursand bo‘lyapman.
“Insonning harakatini o‘rganuvchi fan”
Kineziologiya nevrologiya sohasiga kiradi. Lotinchada “insonning harakatini o‘rganuvchi fan” degan ma'noni bildiradi. Insonda ayrim sabablarga ko‘ra, mushaklar kuchsiz bo‘lib qoladi. Impuls yetib kelmaydi. Kineziologiya buning sababini qidiradi. Inson tanasining ma'lum qismida og‘riq bo‘layotgan bo‘lsa, o‘sha joyga emas, balki uning sababiga e'tibor qaratadi. Har bir ishlayotgan mushak orqali tanadagi berkinib yotgan sababni topib, uni olib tashlaydi. Inson sezayotgan og‘riq 4-5 daqiqa ichida yo‘q bo‘lishni boshlaydi. Qiziq soha. Mualliflik metodikasi deymiz, ustozlarimiz orqali uni ham rivojlantirib boryapmiz. Bu samarali natijalarni beryapti.
Asosan, mijozlarimiz portugallar, Fransiya, Germaniya AQSh, Kanada va Angliyadan kelishadi. Professional sportchilar, politsiya xodimlari. Metodikamizda davolash tez. Ko‘pchilik shu sabab xohlaydi. Uchta joy ochdik. Shogirdlar tayyorlashga ham muvaffaq bo‘ldim.
Biz hamshiralar, fizioterapevtlarni tez o‘rgata olamiz. Men o‘zim o‘rgangan uslubni qayta ishlab, osonroq va tez o‘rganadigan holatga keltirdim. Ochig‘ini aytganda, 6 oy ichida yaxshi mutaxassis bo‘lib chiqishi mumkin. eng kerak bo‘lgan sakkizta modulni o‘rganish kerak.
Shu o‘rinda ustozlarim haqida ham aytib o‘tmoqchiman. Ulardan biri Lyudmila Fyodrovna Vasileva. Professor. Hozir tahsil olyapmiz ulardan. Sergey Molotkov, 35 yillik oliy toifali vrach, nevrolog. O‘z metodikalarini yaratganlar. Hozir shuni oxiriga yetkazish arafasidamiz. Asoschisi Devid Lev, Michigan assotsiatsiyasi prezidenti. Ulardan ham Germaniyaga kelganlarida tahsil oldik.
Inson uch tomonlama o‘zini mo‘'tadil ushlashi kerak
Kineziologiya sohasida o‘rganganlarimiz shuni tasdiqlaydiki, asosan har bir inson ruhan yaxshi, pozitiv holatda bo‘lishi kerak. Bu juda katta rol o‘ynaydi. Stressga kirmaslik, unga parda qo‘ya olish kerak. Asosan, inson uch tomonlama: strukturali, bioximik va emotsional tomondan o‘zini mo‘'tadil ushlashi kerak. Stress bosh og‘riqni, uyqusizlikni keltirib chiqaradi, ichki organlar biomexanikasini buzadi. Boshqa kasalliklar ham keyin rivojlana boshlaydi. Holsizlik holatiga keltiradi. Ana o‘sha holsizlik hammasiga sababchi bo‘ladi.
Shu o‘rinda davolash jarayoni haqida ham to‘xtalmoqchiman. Davolash jarayonida inson mushaklari bosimda tekshiriladi. Har bir mushak o‘z kuchiga ega. Agar to‘g‘ri ishlayotgan bo‘lsa u qattiq holatda turadi. Qisqarish holatiga keltirib, odekvat ishlayotgan mushak orqali test qilamiz. Jarayonda zaiflik bo‘lsa, o‘sha yerda bir sabab borki, shu mushak ishlamayapti. Sabab juda tez qidiriladi. Diagnostika vaqtida hamma mushaklar tekshiriladi. Metodikasiga ko‘ra, olib tashlanadi sabablari, har bir mushak o‘z ishiga qaytishni boshlaydi. Hozirgi kundagi muolajalarda sabab topilishi kerak, sabab bilan kurashilishi kerak. Kineziologiyaning farqi ham shunda. Kompensatsiya qilinmaydi.
O‘zbek millatiga mansub insonlar bilan ishlashni xohlashadi
Portugaliyada xorijliklarga hamma sharoitlar bor, ajratilmaydi. Qonuniga, huquqlariga mos sharoitlar yaratiladi. Agar ishi bo‘lmasa, ish topib beradigan muassasalar bor. Portugal ish yurituvchilar ko‘proq mana shu Markaziy Osiyo, o‘zbek millatiga mansub insonlar bilan ishlashni xohlashadi. O‘zim ko‘p guvohi bo‘ldim. O‘zimdan so‘rashdi, o‘rtoqlaring bormi, o‘zbekistonlik, bo‘lsa ayt, ishga olay deb. Bizning urf-odatlarimizmi, tarbiyamizmi, kattalarga boshqacha muomala qilish deymizmi, o‘z yurtimizda qanday tarbiya topgan bo‘lsak u yerda o‘zimizni shunday tutamiz, balki mehnatkashligimiz, kattalarga hurmat, balki shular sababdir. Men buning sababini so‘ray olmadim. Lekin tavsiya qildik. Hamma tomon xursand. Cheklovlar yo‘q. O‘qiyman desa o‘qishga, ishlayman desa ishga sharoit qilib berishadi. Bu uchun maxsus institutlar bor. Portugaliyada asosan qurilish, injyeneriya sohasi bo‘yicha ish topish oson. Ular bilan boshqa mutasaddilar shug‘ullanishadi.
Oyliklarga keladigan bo‘lsam minimal oylik 670 yevro atrofida. Mehnat ta'tili pullari bor. O‘rtacha oylik bo‘lsa 800–900lar atrofida. Ijara uylar ham qimmat emas. 200 yevrodan boshlab 600 yevrogacha bo‘lgan narxlarda joyiga, sharoitlarga qarab ko‘tarilib boradi. Kerakli mutaxassis bo‘lsa, oyliklar oshib boradi. Injyenerlar ancha yuqori oylik oladi.
Portugaliyaga kelishdan oldin albatta til o‘rganish kerak. Portugal tili demayman, ingliz tilini o‘rganish lozim. Shunda qiyinchilik bo‘lmaydi. Yana bir yaxshi sharoit, agar ishdan erta qaytish imkoni bo‘lsa, tungi o‘qishlar bor. Davlat kechki kurslarida pul to‘lab o‘qitadi. Tilni bilib borgan baribir yaxshi.
Mehmondo‘st, mehribon, sodda insonlar
Portugallar juda ham yumshoqfe'l. Mehmondo‘st, mehribon, sodda insonlar. U yerda hamma sohada tushlik vaqti bo‘ldimi, belgilangan vaqt, ya'ni 12:30da tushlik boshlanadi. Ishchilarning tepasida nazorat kerak emas. Ish vaqti keldimi, nazorat yo‘q-ku, dam olaman demaydi, darrov boshlaydi ishni. Ta'til vaqtlari avgustda asosan. Balki iqlim bilan bog‘liq. Odamlar sezilarli kamayadi bu payt. Ularda ishlar tez bitadi. Hujjatlar elektron variantda yuborsangiz ham tez bitirib berishadi. Bank sohasida ham tezlik bilan ishlashadi. Qurilishlarda ham kerakli ko‘rsatmalar olinib, tasdiqlangandan keyin boshlanadi. Ular chiroyli saqlanadi. Xavfsizlik masalasi ham qat'iy nazoratda. Xomashyolar sifatlisidan foydalaniladi. Har bir jarayon tez bajarilmay, me'yoriga yetmaguncha qabul qilinmaydi. Yo‘l qurilishida ham shunday. Ko‘priklar ham sifatli qilib quriladi.
To‘liq videoni UzbekLife’ning YouTube’dagi kanalida tomosha qiling.
Ufora Habibullayeva suhbatlashdi