«Hatto sim-karta olish ham muammo edi» - FBSh maqomidan xalos bo‘layotgan vatandoshlar bilan suhbat

Jamiyat 21:10 / 06.07.2021 10491

2007 yildan 2016 yilgacha O‘zbekistonda fuqarolikka qabul qilish masalasi ko‘rib chiqilmagan, shu bois doimiy istiqomat qilib kelgan fuqaroligi yo‘q shaxslarga O‘zbekiston fuqaroligi berilmagan.

1991 yilda O‘zbekiston mustaqilligini e'lon qilgach, shu yerda tug‘ilib, taqdir taqozosi bilan boshqa ittifoqdosh respublikalarga ketganlar qaytib kela boshladi. Ularning aksari 1995 yilgacha O‘zbekistonga ko‘chib keldi. Biroq, ularning katta qismi yillar davomida vatanlarida ham fuqaroligi yo‘q shaxslar maqomida yashashlariga to‘g‘ri keldi.

2016 yildan keyin qabul qilingan qator hujjatlar va prezidentning 100dan ortiq farmonlari bilan, o‘tgan salkam 5 yil davomida 60 mingga yaqin kishi fuqarolikka qabul qilindi.

Eng asosiy yangilik esa 2021 yil 14 iyunda “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritilgani bo‘ldi.

Qonunning bundan avvalgi tahriri qonun bilan, 1995 yil 1 yanvargacha O‘zbekistonga ko‘chib kelgan shaxslarga fuqarolik berish nazarda tutilgan va buning natijasida 50 mingga yaqin fuqaroligi yo‘q shaxslarga O‘zbekiston fuqaroligi berilgan edi. Yangi o‘zgartishga asosan esa, 2005 yil 1 yanvarga qadar O‘zbekistonga ko‘chib kelgan, shuningdek, O‘zbekistonda uzluksiz 15 yil yashayotgan shaxslar O‘zbekiston fuqaroligiga avtomatik ravishda qabul qilinadigan bo‘ldi.

Kun.uz Uchtepa tuman IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limida bo‘lib, qonun ijrosi bilan tanishdi hamda O‘zbekiston fuqaroligi uchun hujjat topshirgan shaxslar bilan suhbatlashdi.

Feruza Pansxalova

«Oilaviy sharoitimiz tufayli sobiq ittifoq davrida O‘zbekistondan chiqib ketgan edik. 1995 yilda vatanga qaytdim. Shu vaqtga qadar fuqarolik ololmay kelayotgandim. Yaratganga shukr, prezident farmoni bilan, nihoyat, bizga fuqarolik berishmoqda. Hujjatlarni topshiramiz. Shuncha yil yashab, ishlab keldik, afsuski, hatto Rossiyaga farzandimnikiga mehmonga bora olmasdim», – deydi Feruza Pansxalova.

Er-xotin Jamshid Imonberdiyev va Mohira Tursunboyevalarning aytishicha, ular Qozog‘istonning So‘zoq shahrida dunyoga kelishgan. 1995 yilda, ya'ni 10 va 3 yoshligida O‘zbekistonga ota-onalari bilan ko‘chib kelishgan. Biroq shu vaqtga qadar O‘zbekistonda fuqaroligi yo‘q shaxs sifatida yashashga majbur bo‘lishgan.

Jamshid Imonberdiyev va Mohira Tursunboyeva

«Shu vaqtgacha ancha qiynalardik, turli masalalarda. Masalan, muddatli to‘lov asosida maishiy texnikalarni olishga borsak, berishmasdi. Telefon uchun sim-karta olishda ham, O‘zbekiston fuqarolari singari yo‘l chetlaridagi dilerlardan ololmasdik, mobil operatorning bosh ofisiga borishimiz kerak bo‘lardi.

Qolaversa, ro‘yxatdan o‘tish muddatini 6 oyda cho‘zdirib turardik. Muddatidan kechiksak, jarimasi juda katta edi. Guvohnomasini yo‘qotib qo‘ysak ham katta jarima to‘lardik. Shuncha yillardirki, qarindoshlarnikiga bora olmadik», – deydi Jamshid Imonberdiyev.

1961 yilda Qirg‘izistonning Qorasuv tumanida tug‘ilib, 1993 yilda O‘zbekistonga ko‘chib kelgan Adhamjon Ismoilov ham fuqaroligi yo‘q shaxslardan biri edi. Uning qizlari va turmush o‘rtog‘i ham yaqinda O‘zbekiston fuqaroligini olishgan.

Adhamjon Ismoilov

«60 yoshimga prezidentdan sovg‘a bo‘ldi. Fuqaroligimiz bo‘lmagan chog‘larda Qirg‘izistondagi qarindoshlar o‘tib qolishdi, fotihaga borolmadim. Viza talab etilardi yoki sayyoh sifatida chiqish talab etilardi. Buning uchun mablag‘ lozim edi. Bordi-keldiga qiynalardik. Fuqarolikni olgach, birinchi qiladigan ishim, qarindosh-urug‘ni yo‘qlash bo‘ladi. Barchaga rahmat», – deydi Adhamjon Ismoilov.

Toshkent shahar IIBB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i podpolkovnik Sanjar Qosimovga ham mikrofon tutdik.

«Toshkent shahri miqyosida 2005 yil 1 yanvarga qadar O‘zbekistonga kelib yashayotgan yoki so‘nggi 15 yilda O‘zbekistonda uzluksiz yashayotgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar soni 2873 kishini tashkil etishi aniqlandi. Qonun kuchga kirgach, hozirgacha 57 kishi fuqarolikka qabul qilindi», – deya ma'lumot berdi podpolkovnik.

Sanjar Qosimov

U, shuningdek, fuqaroligi yo‘q shaxslar qanday hujjatlar taqdim etishiga ham oydinlik kiritdi.

«Fuqarolik olish uchun topshiriladigan hujjatlar ro‘yxati ham juda katta edi. Hozirda, ular soddalashtirildi.

  • Avtobiografiya,
  • maxsus shakldagi ariza,
  • doimiy ro‘yxatda turganini tasdiqlovchi hujjatlar nusxasi taqdim etiladi.

Bunga BHMning 2 baravari, ya'ni 490 ming so‘m davlat boji to‘langani haqida kvitansiya biriktirilib, MFRBga topshiriladi.

Belgilangan tekshiruvlar tugagach, ariza bir oydan kechiktirilmagan holda ko‘rib chiqilib, O‘zbekiston Respublikasi shaxsini tasdiqlovchi hujjat – ID karta rasmiylashtirilib, fuqaroga taqdim etiladi», – dedi Sanjar Qosimov.

Tolib Rahmatov tayyorladi. 

Ko‘proq yangiliklar: