«Biz yashaydigan Buloqboshi tumani o‘tgan qishni deyarli «svet»siz, gazsiz o‘tkazdik. Sovuq paytlar elektr tarmoqlari cheklov sabab elektrni o‘chirishayotganini aytishardi. Lekin Buloqboshida yozning jazirama kunlarida ham «svet» o‘chyapti.
2 iyul kuni ham tuman markazida kunduzi 3 soatga elektr ta'minoti to‘xtatildi. Muammoli holat issiq kunlarda, ayniqsa tadbirkorlarni qiynamoqda. Mahsulotlari aynib qolyapti, ish to‘xtayapti.
Tuman hududiy elektr tarmoqlariga aloqaga chiqsak, viloyatdan o‘chirishayotgani, cheklov borligini aytib izoh berishadi. Endi yoz kunlari ham elektrga cheklov qo‘yilyaptimi?» deyiladi shunday murojaatlardan birida.
Xuddi shu kabi xatlar Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik, Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on, Andijon viloyatining Andijon shahri va Oltinko‘l tumanlaridan ham kelgan.
Ayni paytda O‘zbekistonda anomal darajada issiq ob-havo o‘z hukmini o‘tkazyapti. Bunday paytda uylarni sovitish, mahsulotlarni saqlash uchun elektr har doimgidan ko‘ra zarurroq.
Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlari «Hududiy elektr tarmoqlari» korxonalari mutasaddilaridan muammoli holat yuzasidan izoh so‘radik.
Farg‘ona «Hududiy elektr tarmoqlari» jamiyati rahbari Azizbek Saydaliyev:
«Hozirgi kunda Farg‘ona viloyati hududida elektr energiyasi ta'minotida hech qanday cheklov yo‘q. Muammo shundaki, havo keskin isib ketishi oqibatida transformatorlar qizib ketmoqda. Ayniqsa, katta podstansiyalarda ishlab turgan transformatorlarda yuklama ortishi tufayli qizish holati yuzaga kelmoqda.
Transformatorlar ichidagi o‘ramni sovitib turuvchi yog‘ qaynab ketayotgani sabab, ikki-uch soatga o‘chirib sovitishga to‘g‘ri kelyapti. Transformatorlarda mavjud sovitish tizimi va qo‘shimcha «obduv» ham issiq havo haroratini ko‘tara olmayapti. Uzilishlar sutkaning faqat kunduzgi soatlarida quyosh qattiq qizdirgan paytga to‘g‘ri kelib, tungi soatlarda muammo yo‘q.
Qaysi hududga biriktirilgan transformatorda qizish yuzaga kelsa o‘sha hudud o‘chiriladi. 3 iyul kuni Farg‘ona shahrining ayrim hududlari ham o‘chirildi. Muntazam elektr energiyasi yetkazib berilishini nazoratga olish uchun navbatchilik tashkil qilganmiz.
Bundan tashqari, rejali ravishda ta'mirlash ishlari olib borilayotgan liniyalarda elektr ta'minoti ishlar yakunlangunicha berilmaydi», deydi A.Saydaliyev.
Andijon «Hududiy elektr tarmoqlari» jamiyati bosh muhandisi Sardorbek Yusupov:
«Respublikamiz hududida kuzatilayotgan issiq ob-havo oqimi iste'molchilar tomonidan elektr energiyasiga bo‘lgan talabni oshirmoqda. Bu bir qator elektr qurilmalarida, havo tarmoqlarida yuklama ortishiga, zo‘riqib ishlashiga, elektr simlaridagi yuklama miqdori ortib simlar solqilanishiga, transformator punktlari qizib ketishiga olib kelmoqda.
Transformator punktlaridagi qizishning oldini olish uchun sovitish tizimlari o‘rnatilishi ishlari ham rejalashtirilgan bo‘lib, ushbu ishlarni amalga oshirish jarayonida elektr ta'minotida uzilishlar bo‘lmoqda.
Viloyat hududida 1-2 iyul kunlari ro‘y bergan uzilishlarning sababi – Issiqlik elektr stansiyalariga tabiiy gazni yetkazib beruvchi Qashqadaryo viloyatida joylashgan «Sho‘rtangaz» kompleksida yuqori bosimdagi gaz quvurida favqulodda nosozlik yuzaga kelgani sabab bo‘ldi. Elektr stansiyalariga yetarli darajada tabiiy gaz bosimi yetib kelmasligi – stansiyalarda to‘laqonli elektr energiya ishlab chiqarilishiga salbiy ta'sir yetkazdi.
2 iyul kuni ushbu taqchillik «Yangi Angren» IESga o‘z ta'sirini ko‘rsatib, yuqori quvvatdagi elektr energiya ishlab chiqaruvchi blok ishdan chiqishiga va faoliyati to‘xtashiga olib keldi. Viloyatning Andijon, Asaka, Shahrixon, Oltinko‘l, Bo‘ston, Baliqchi, Marhamat, Buloqboshi, Jalaquduq, Paxtaobod, Ulug‘nor tumanlarida va Chinobod hududida qisqa muddatli cheklovlar amalga oshirildi», deydi Sardorbek Yusupov.
«Namangan hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» jamiyati rahbari Jahongir Rizayev hamda korxona dispetcherlik xizmati bo‘limi boshlig‘i Muhammadali Irisqulov:
Mutasaddilar 1 va 2 iyul kunlari Issiqlik elektr stansiyalarida gaz ta'minotida yuzaga kelgan muammolar tufayli viloyat hududida cheklovlar bo‘lgani, ayni paytda elektr energiyasi ta'minotida uzilishlar deyarli bo‘lmayotganini bildirishdi.
«Ayni paytda viloyat bo‘yicha 12 mln. kVt soat energiya iste'molchilarga yetkazib berilmoqda. Transformatorlarning qizish holatlari kuzatilayotgan bo‘lsa-da, imkon boricha ularning ishlashini nazorat qilib turibmiz. Transformatorlarning sovitish tizimi liniyadagi zo‘riqish oqibatida sovita olmasa, qo‘shimcha ventilyatorlar qo‘yish masalasini ham hal qilyapmiz», deydi M.Irisqulov.
Sovuq faslda sovuqdan gaz bo‘lmasa o‘t yoqib yoki boshqa energiya resursi orqali qutilish mumkin. Lekin, issiq va jazirama bilan kurashish undanda qiyin. Aholi konditsioner va ventilyatorlar bilan «jon saqlashi» kerak.
Shu kunlarda havo harorati yanada isishi ma'lum qilinmoqda, rasmiylar zarurat bo‘lmaganda uydan tashqariga chiqmaslikni, surunkali kasalligi bo‘lgan, dispanser nazoratida turuvchi bemorlar, yosh bolalar, homilador ayollar va keksalarni himoyalashni so‘rashmoqda. Hududlardan kelayotgan murojaatlarda esa elektr energiyasida uzilishlar tufayli uylarni issiqdan saqlashda muammolar yuzaga kelayotganini aytishyapti. Demak, energotizimda yana muammolar yuzaga kelishi mumkin. Fikrimizcha, energetiklar mazkur muammolarning zamonaviy va ilmiy yechimini topish yo‘lini qidirishlari darkor.
Elmurod Ermatov