Vaksinalar va mantiqsiz mish-mishlar: infodemiyadan ogoh bo‘ling

Jamiyat 21:20 / 05.07.2021 29601

Raso aql degan narsa bor. Ruschada “zdravyy smysl”, inglizchada “common sense” deyiladi. Bu nima degani? Kim nima desa ishonib ketavermaslik, kimdir qayergadir yetaklasa ergashib ketavermaslik uchun qabul qilinayotgan axborotni tekshirish, manbaning qanchalar ishonchliligini aniqlash orqali filtr qilish degani.

Keling, audiolarda aytilgan iddaolarni raso aql tarozisiga solib ko‘ramiz.

Avvalo, audio mualliflari kimligi mutlaqo noma'lum. Ovoz egalarining biri erkak, ikkinchisi ayol jinsiga mansubligidan boshqa ma'lum narsa yo‘q. Shunday holatda ularning gapiga ishonish qanchalar durust? Har holda gap, minglab olimlarning mehnati va farmkompaniyalarning milliardlab dollar mablag‘ sarflangan dorilar haqida ketyapti.

Ikkinchidan, vaksina “ikki yil ichida devorning naryog‘iga olib ketadi” degan gapga asos qani? Qaysidir ilmiy jurnal, mo‘tabar manbada shu haqda gap bormi? Undan keyin, nega ikki yil? Nega 1,5 yilmas, nega 3 yilmas? Koronavirus vaksinasi ishlab chiqilganiga hali bir yil ham o‘tgani yo‘q-ku, uni qabul qilgan odam ikki yildan keyin halok bo‘lishi haqidagi faraz qanchalar to‘g‘ri bo‘ladi shunda?

Darvoqe, vaksinalarga ishonmaganlar ular haqidagi ma'lumotlarni bir-biridan mustaqil bo‘lgan manbalardan o‘qib olishlari va o‘zlarida paydo bo‘lgan turli savollarga javob topishlari mumkin.

Endi uchinchi va eng asosiy punktga kelamiz. Shu kungacha COVID-19'ga qarshi 3 milliard 100 million doza vaksina bilan emlash o‘tkazildi. Bu haqda, masalan, AQShning Bloomberg agentligi tomonidan onlayn tarzda yangilanib turgan maxsus sahifa orqali bilib olish mumkin. Ana shu sahifaga ko‘ra, Xitoyda 1 milliard 240 million, AQShda 328 million, Yevropa Ittifoqida esa 370 milliondan ortiq vaksina dozasi qo‘llangan.

O‘z-o‘zidan savol tug‘iladi: dunyoning yetakchi davlatlarining aholisi ham ikki yildan keyin “devorning naryog‘iga o‘tib ketadimi?”

Qolgan mamlakatlar mayli, jahonning o‘ziga to‘q va kuchli davlatlari ham “dunyoda odam ko‘payib ketgani uchun” o‘z fuqarolarini o‘ldirvoryaptimi shunda?

“Vaksina olgan odam ikki yildan keyin o‘lib ketadi” degan iddaoda “mantiq” so‘zining “m” harfi ham yo‘q ekani kundek ravshan.

Endi keling, O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan vaksinalar haqida so‘z yuritamiz. Hozirgacha O‘zbekistonda 3 ta vaksinadan foydalanishga ruxsat berildi:

1. Oksford universiteti va AstraZeneca farmkompaniyasi qo‘shma loyihasi mahsuli bo‘lgan AstraZeneca vaksinasi (Vaxzevria and Covishield nomlari ostida savdoga chiqarilgan).

Hozirga qadar 172 ta mamlakat (!)da foydalanishga ruxsat berilgan.

2. Rossiyadagi Gamaleya nomidagi institut tomonidan ishlab chiqilgan Sputnik-V vaksinasi.

Dunyoning 74 ta davlati, jumladan, Birlashgan Arab Amirliklari, Turkiya kabi davlatlarda ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Quyidagi infografikaga qarab, Sputnik-V vaksinasi qayerlarda ishlab chiqarilayotgani, ishlab chiqarish rejalashtirilgani va ishlab chiqarish muhokamasi olib borilayotganini ko‘rish mumkin.

3. Xitoy Fanlar akademiyasi va Anxuy Jifey Longkom instituti hamkorligida ishlab chiqilgan ZF2001 vaksinasi.

O‘zbekistonda ZF-UZ-VAC 2001 belgisi bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Ushbu vaksina Xitoy o‘z aholisini emlayotgan 4 vaksinadan biridir.

Jahonning yetakchi mamlakatlari ham koronavirusga qarshi vaksinani aholisiga tavsiya etayotgan paytda, bu “odamni o‘ldiradi” deyish uchun odam qanchalar johil va savodsiz bo‘lishi kerak.

Vaksina olish yo olmaslik – har kimning shaxsiy ishi. Bunga aralashishga na davlat, na boshqa fuqarolarning haqqi bor. Lekin noto‘g‘ri va asossiz ma'lumot tarqatish durust ish emas va bunga javobgarlik bor.

Shoakmal Isroilov

Ko‘proq yangiliklar: