Qayd etilishicha, joriy yil 8 may tungi soat 2:00larda Qarshi shahar qurilish bo‘limi boshlig‘i, shahar hokimligi bosh yuriskonsulti Qarshi shahrida yashovchi tadbirkorning mulki bo‘lgan bino oldiga kelib, unga qo‘ng‘iroq qilishgan. Unga qurayotgan binosini buzib olishini aytishgan. Tong otgach maxsus texnika olib kelib binoni noqonuniy buzib tashlashgan.
Shundan so‘ng tadbirkor viloyat Biznes-ombudsman devoniga murojaat qilib, tadbirkorlik faoliyatida foydalanish uchun amalga oshirayotgan qurilish ishlari noqonuniy tarzda maxsus texnika yordamida buzdirib tashlanganini aytib ko‘mak so‘ragan.
Viloyat Biznes-ombudsman devoni tomonidan aniqlanishicha, Qarshi shahar qurilish bo‘limi boshlig‘i Jahongir Hazratov va shahar hokimligi bosh yuriskonsulti Zufar Ismoilovning bevosita ko‘rsatmasi asosida shaharning «Xo‘jaxiyol» MFY, Qarliqbog‘ot ko‘chasida tadbirkor tomonidan amalga oshirilayotgan qurilish ishlari sudning tegishli qarori bo‘lmasdan turib, buzib tashlangan.
Ta'kidlanishicha, ushbu qonunbuzilish holati yuzasidan Qarshi shahar qurilish bo‘limi boshlig‘i va hokimlik bosh yuriskonsultiga nisbatan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, hujjatlar ko‘rib chiqilishi uchun sudga taqdim qilingan.
Joriy yil 23 iyun kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi shahar sudida mazkur ish yuzasidan ochiq sud majlisi bo‘lib o‘tgan. Sudning qarori bilan Qarshi shahar qurilish bo‘limi boshlig‘i Jahongir Hazratov Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi qonunning 241-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topilib, unga 4,9 million so‘m (BHMning 20 barobari miqdorida) jarima qo‘llangan.
30 iyun kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida esa shahar hokimligi bosh yuriskonsulti Zufar Ismoilov Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi qonunning 241-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topilib, unga 2 million 450 ming so‘m (BHMning 10 barobari miqdorida) jarima jazosi qo‘llangan.