Qiziq holat. Tuman hokimligi bir tadbirkordan bir oy ichida baliqchilik xo‘jaligi tashkil qilmagani uchun yerni qaytarib oldi, biroq boshqa tadbirkor 10 oydan beri baliqchilik tashkil qilmasa ham ishi yo‘q...
Farhodbek Anvarjonov rahbarligidagi “Saidzod” jamiyatiga baliqchilik bilan shug‘ullanish uchun Andijon tumani hokimining 2020 yil 14 avgustda 572 -qarori bilan 1,2 gektar yer ajratiladi.
49 yillik ijara huquqi bo‘lgan qarorni qo‘liga olgan tadbirkorning Qoradaryo bo‘yidan ajratilgan yerda “intensiv usulda baliqchilik qilaman”, degan aniq rejalari bor edi. Biroq uning rejalari xomxayol ekan. U qonuniy yerida ish boshlab, ko‘l qazdirish uchun kelganida yerning “yangi qonuniy” egalari borligi ma'lum bo‘ldi.
“2020 yili avgust oyida Andijon tumanining o‘sha paytdagi hokimi Ulug‘bek Isomiddinov menga baliqchilik faoliyati bilan shug‘ullanishim uchun yer ajratib berdi. Qarorni olib, o‘zimga ajratilgan maydonga ko‘l kavlatish maqsadida ekskavator bilan bordim. Biroq o‘sha payt menga berilgan maydonga shu yerlik dehqonlar sholi ekib parvarishlayotgan ekan. Tuman hokimi: “Dehqon sholisini yig‘ishtirib olsin. Siz erta bahordan ishingizni boshlasangiz yaxshi bo‘ladi”, – dedi. Haqiqatan sholikorlarning yetilib qolay degan hosiliga achinib rozi bo‘ldim.
Men erta bahorda ish boshlay deb kelsam yerimning “yangi” egalari chiqib qolibdi. 1,2 gektar yerimni Andijon tuman hokimining qarorlari bilan ikkita tadbirkorga bo‘lib berib yuborishgan ekan.
Tuman hokimligiga borib, “nega bunday bo‘ldi?” desam: “Siz ish boshlamaganingiz uchun boshqa tadbirkorlarga berib yubordik”, deyishdi. Qarangki, menga 14 avgustda yer berilgan bo‘lsa, hokimiyatdagilar oradan bir oy o‘tib, 24 sentabr kuni meni xabardor qilmay qarorni bekor qilib, yerni tuman zaxirasiga olib, yangi qaror bilan boshqa tadbirkorlarga berib yuborishgan.
Surishtirsam, ayni paytda mana shu joyga sholi ekkan dehqonlar Andijon tumani hokimligi tashkiliy nazorat guruhi rahbari Shoyadbek Qambarov va hokimlik devonxonasi mudiri Omadjon G‘offorovlarga ijara to‘lab ekayotganini aytishdi.
Hayronman, tuman hokimligida ishlaydiganlar qaror ustiga qaror chiqarib qonunni buzaveradimi?” – deydi Farhodbek Anvarjonov.
Farhodbek Anvarjonovning aytishicha, yer berilayotgan paytda hokimlik tashkiliy nazorat guruhi rahbari unga: “Intensiv baliqchilik tashkil eta olmagan taqdirimda, yerimni tuman zaxirasiga qaytib olinishiga roziman” mazmunidagi, sanasi ko‘rsatilmagan ariza yozdirib olgan.
Tadbirkor tuman hokimligi chiqargan qarorlardan norozi bo‘lib, Andijon viloyat prokuraturasiga murojaat qiladi.
Prokuratura 16 iyun kuni fuqaroga o‘rganishlar natijasi haqida javob jo‘natgan. Unda Andijon tuman hokimligining 2020 yil 24 sentyabrdagi 664-, 666- va 668-sonli qarorlari qonuniyligi o‘rganilganida, Yer kodeksi va boshqa qonun hujjatlari talablari buzilgani qayd etilgan bo‘lib, qonun buzilishiga imkoniyat yaratilayotganini bartaraf etish bo‘yicha tuman hokimligiga taqdimnoma kiritilgani aytilgan.
Prokuratura fuqaroga nizoli holat bo‘yicha ma'muriy sudga murojaat qilish tavsiyasini bergan.
Andijon tumani hokimligida
Tuman hokimligida bo‘lib holatga oydinlik kiritishga harakat qildik.
Hokimlikning devonxona mudiri Omadbek G‘afforov bizga mazkur ish bo‘yicha bir qator hujjatlarni taqdim etdi.
2020 yil 22 sentyabr kuni tuman hokimligi huzuridagi yer uchastkalarini berish, realizatsiya qilish masalalarini ko‘rib chiqish komissiyasi tomonidan tuzilgan dalolatnomada “Saidzod” jamiyati rahbari Farhodbek Anvarjonov tuman hokimligiga o‘ziga ajratilgan 1,2 gektar maydonni tuman zaxirasiga qaytarishni so‘rab, amaliy yordam so‘ragani aytiladi. Komissiya shundan so‘ng mazkur yer maydonini tuman zaxirasiga qaytarilishini lozim deb topib, dalolatnoma tasdig‘ini tuman hokimiga havola qiladi.
24 sentabr kuni Andijon tuman sobiq hokimi Ulug‘bek Isomiddinov “Saidzod” jamiyati bilan yordamchi xo‘jalikka ajratilgan 1,2 gektar yer maydoni uchun tuzilgan uzoq muddatli ijaraga olish shartnomasini bekor qilish haqida 664-sonli qarorini chiqaradi va mazkur qaror tuman kengashi deputatlarining navbatdagi sessiyasi tasdig‘iga kiritilishini keltiradi.
Shu kunning o‘zida tuman hokimining o‘sha 1,2 gektar maydonni 60 sotixdan ikkiga bo‘lib, tadbirkorlar Iskandar Turdiyev va Abdulhafiz Abdumannopovlarga 49 yilga ijaraga berilishi to‘g‘risida 666- va 668-sonli qarorlari chiqqan va sessiya tasdig‘iga kiritilishi belgilangan.
Tuman tashkiliy nazorat guruhi rahbari Shoyatbek Qambarov bizga mazkur qarorlar tasdig‘i oradan bir oy o‘tib, 2020 yil 24 oktyabrda xalq deputatlari tuman sessiyasi kun tartibiga qo‘yilgani haqida hujjatlar taqdim qildi. Hujjatlarda yuqoridagi qarorlar tasdig‘i sessiya kun tartibiga kiritilgani aks etgan bo‘lib, biroq majlis bayonida mazkur qarorlar deputatlar tasdig‘i uchun ovozga qo‘yilmagan bo‘lib chiqdi.
Tashkiliy nazorat guruhi rahbari Shoyatbek Qambarov tadbirkorning qarori bekor qilinishi bo‘yicha quyidagicha izoh berdi:
“Haqiqatda fuqaro Farhodbek Anvarjonovga tuman hokimining 572-sonli qarori bilan yer berilgan. U intensiv usulda baliqchilik tashkil etolmagani uchun sentabr oyida ariza yozgan. So‘ng 664-qaror bilan yer maydoni tuman zaxirasiga qaytarib olindi. Ayni paytda o‘sha yer boshqa fuqaroga qaror asosida berilgan.
Farhodbek Anvarjonov yer maydoni berilgach, ko‘l tashkil qilishi, yerning topos'yomkalarini olishi va kredit uchun hujjat qilishi kerak edi. Mana shu ishlarni amalga oshirmadi. Shuning uchun o‘z arizasiga ko‘ra yerni qaytarib olganmiz”, – deydi Sh. Qambarov.
Mutasaddi bizning: “Tadbirkorga talab qilingan ishlarni boshlash uchun qancha muhlat berilgan edi?” degan savolimizga: “Ma'lum muhlat belgilab berilmagan”, deya javob berdi.
Sh. Qambarovga: “Ayni paytda o‘sha joy boshqa fuqaroga qaror asosida berilgan. Bunga ham 9 oy bo‘libdi ayni paytda o‘sha yerda intensiv baliq boqish tashkil qilinganmi?”, deya ikkinchi savolni berdik. Mutasaddidan: “Bundan xabarim yo‘q”, degan javobni oldik.
Xulosa o‘rnida
Tuman hokimligi mutasaddisi bergan izohida tadbirkor Farhodbek Anvarjonov bir oy ichida intensiv baliqchilik tashkil eta olmagani uchun yer maydoni qaytarib olinganini aytdi. Biz o‘sha muammoli yer maydoniga borganimizda 10 oy oldin Iskandar Turdiyev va Abdulhafiz Abdumannopovlarga qayta qaror bilan berilgan yerda sholi ko‘chatlari ekilgani, haligacha baliqchilik faoliyati tashkil etilmaganini ko‘rdik.
Qiziq holat. Tuman hokimligi bir tadbirkordan bir oy ichida baliqchilik xo‘jaligi tashkil qilmagani uchun yerni qaytarib oldi, biroq boshqa tadbirkor 10 oydan beri baliqchilik tashkil qilmasa ham ishi yo‘q...
Tuman hokimligining ketma-ket, qonun hujjatlari talablarini buzgan holda qarorlar chiqarishi ortida qanday manfaat yotgani bizga qorong‘i.
Tadbirkor umid bilan tuman va viloyatning bir qator huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlariga murojaat qilib, ijobiy yakun kutmoqda.
Elmurod Ermatov,
Jahongir Mahmudov