Farzandi boshqa hududdagi maktabda o‘qishini istagan ota-onalar 1 avgustdan ariza topshirishadi - vazir o‘rinbosari

Jamiyat 13:55 / 05.07.2021 3488

Farzandini o‘z mikrohududidan tashqaridagi maktabda o‘qitishni istagan ota-onalar 1 avgustdan boshlab ariza topshirishlari mumkin. Bu haqda xalq ta'limi vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma'lum qildi.

Umumta'lim maktablarning 1-sinfiga hamda ixtisoslashgan maktablarning 5-7-sinflariga qabullar yuzasidan xalq ta'limi vaziri o‘rinbosari va mas'ul xodimlar ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirok etgan xalq ta'limi vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov joriy yildan yo‘lga qo‘yilayotgan elektron shakldagi qabul jarayoni haqida gapirib o‘tdi. Tajriba-sinov tariqasida joriy etilgan elektron qabul ikki bosqichda amalga oshiriladi.

«Birinchi bosqichda ota-onalar 2021 yilning 15 iyunidan 5 iyuliga qadar my.maktab.uz elektron platformasi orqali ro‘yxatdan o‘tib, farzandlari 1-sinfga chiqadigan maktablarni tanlaydi. Bunda ota-onalarga 3ta maktabni tanlash imkoniyati beriladi: birinchisida ota-ona o‘z mikrohududidagi maktabni tanlashi mumkin. Bunda 2021 yilning 6 iyulidan 31 iyulga qadar ota-onalar elektron plaftorma orqali tanlagan birinchi maktabga, ya'ni biriktirilgan mikrohududdagi maktabga hujjatlarini topshiradilar, bunda hujjatlarni topshirish to‘liq elektron shaklda amalga oshiriladi. Ota-onalarning doimiy yashash manzili bo‘yicha biriktirilgan mikrohududdagi maktabga joylashishlari kafolatlanadi», dedi u. 

Ta'kidlanishicha, keyingi imkoniyatlarda ota-onalar o‘z xohishlariga ko‘ra boshqa hududdagi maktabni tanlashi mumkin. Ya'ni ota-onalar mikrohududdagi maktabni emas, boshqa maktablarni tanlagan bo‘lsa, ya'ni elektron ro‘yxatdan o‘tish vaqtida tanlagan ikkinchi yoki uchinchi maktablarning birida bo‘sh o‘rinlar bo‘lgan taqdirda 1-15 avgust kunlari hujjatlarini topshirishlari mumkin bo‘ladi.

Shu o‘rinda mutasaddi Toshkent shahri bilan chegaradosh tumanlarda istiqomat qiluvchi, farzandini shahar maktabida o‘qitishni istagan ota-onalar uchun ko‘rsatmalar berdi.

«Toshkent shahri bilan chegaradosh tumanlarda (Qibray, Zangiota) bolalar o‘z mikrohududlariga ko‘ra maktablarga joylashtiriladi. Agar ota-onalar farzandlari poytaxt hududidagi chegaradosh tumanlarda joylashgan maktablarda ta'lim olishini istagan taqdirda, 1 avgustdan boshlab o‘sha maktablarda bo‘sh o‘rinlar mavjud bo‘lsa ularga hujjat topshirishlari mumkin bo‘ladi», deya vazir o‘rinbosarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: