Ohangaron tuman IIB M va FRB boshlig‘i Adham Abduqodirov ushbu qonunning mazmun mohiyati haqida ma'lumotlar bilan o‘rtoqlashdi.
Qonunga ko‘ra, ikki yoki undan ortiq davlat fuqaroligiga ega chet el fuqarolari qaysi davlat fuqaroligiga mansubligi to‘g‘risidagi hujjatlar bo‘yicha O‘zbekistonga kirgan bo‘lsa, O‘zbekistonda o‘sha davlatning fuqarolari hisoblanadi.
O‘zbekistonda doimiy yashaydigan chet el fuqarolariga yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga – ular 16 yoshga to‘lganida yoki ota-onasining, vasiylarning (homiylarning) ixtiyoriga ko‘ra – bola tug‘ilgan paytidan e'tiboran va 16 yoshga to‘lguniga qadar identifikatsiyalovchi karta beriladi.
Identifikatsiyalovchi karta quyidagi amal qilish muddatlariga beriladi:
- yangi tug‘ilgan bir yoshgacha bo‘lgan bolalarga – 2 yilga;
- bir yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan shaxslarga – 5 yilga;
- 16 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan shaxslarga – 5 yilga;
- 60 yoshdan oshgan shaxslarga – 10 yilga.
- Qonunga ko‘ra, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar:
- O‘zbekiston hududi bo‘ylab erkin harakatlanish huquqiga ega;
- O‘zbekiston hududida O‘zbekiston fuqarolari bilan teng ravishda mulk huquqidan foydalanadi;
- nodavlat notijorat tashkilotining muassislari, ishtirokchilari (a'zolari) bo‘lishi mumkin;
- davlat organlariga, tashkilotlarga hamda ularning mansabdor shaxslariga ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga ega;
- davlat xizmatlaridan foydalanish huquqiga ega;
- soliq imtiyozlaridan foydalanishi mumkin.
Shuningdek, O‘zbekiston hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston fuqarolari bilan teng ravishda pensiya olish huquqiga ega.
18 yoshgacha bo‘lgan chet el fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmagan shaxs O‘zbekistonda turish qoidalarini buzganlik uchun ma'muriy javobgarlikka tortilmaydi, deydi bo‘lim boshlig‘i Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.