Xorazmcha reyderlik: IIB xodimlari hokimning topshirig‘iga ko‘ra fuqaroning 30 tonna bug‘doyini tortib olgani aytilmoqda

Jamiyat 13:45 / 01.07.2021 64163

Islom Rajabov davlat mulozimlari bug‘doyni tortib olishga kelishgan vaqtda u uyida bo‘lmagani, vaziyatdan xabar topgan zahoti xonadoniga yetib borganini ta'kidlaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, voqea joyida hozir bo‘lgan IIB xodimlari, mansabdorlar o‘zlarini tanishtirishmagan, shaxslarini tasdiqlovchi biror bir hujjat ko‘rsatishmagan.

Rajabov faqat Urganch tumani agroinspeksiya boshlig‘i Rustam Ochilovni taniganini aytadi.

Jarayon aks etgan videotasvirlarda ko‘ringan shaxslar orasida Urganch tumani IIB boshlig‘i o‘rinbosari Kamoladdin Polvonov, tuman hokimligi vakillari va boshqalar borligi aytilmoqda.

Rasmiylar bug‘doyni olib ketish uchun asos bo‘luvchi biror bir hujjat, masalan sud qarorini ko‘rsata olishmagan.

O‘zlarini tanishtirmagan mutasaddilar Rajabov 55 gektar yerga bug‘doyni noqonuniy ekib, noqonuniy hosil olganlikda gumonlanayotgani, omborda saqlanayotgan bug‘doy davlatning bug‘doyi ekani, shu bois uni olib ketishlarini, agar tekshiruvlardan so‘ng gumon tasdig‘ini topmasa, hamma bug‘doy qaytarib berilishini aytishgan.

«Fermer bo‘lmasam, davlat bilan o‘rtamizda hech qanday shartnoma bo‘lmasa, qanday qilib men yetishtirgan bug‘doy davlatning bug‘doyi bo‘lishi mumkin? Yerni «Kiva Sesame» qo‘shma korxonasidan bir yilga ijaraga olganman, o‘rtamizda pudrat shartnomasi bor, hech qanday noqonuniy ish qilganim yo‘q», – deydi u Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.

«Kiva Sesame» MChJrahbari Ruslan Qalandarov ham Islom Rajabovning so‘zlarini tasdiqladi.

Ruslan Qalandarov

«Korxonamiz kunjut yog‘i va undan olinadigan boshqa mahsulotlarni eksport qiladi. 2019 yilda kunjut ekish uchun bizga 300 gektar yer ajratildi. Ushbu yerlarning unumdorligi past, bonitet balli 30 ga teng edi. Uning «Oq-oltin» konturidagi qismiga tutash hududda sholi ekildi. Bu qanchalik qonuniy, kim bunga ruxsat bergan? Aslida bu hech qanday agrotexnika qoidalariga to‘g‘ri kelmaydi. Chunki sholi ekilgan hududga tutash yerlarning zaxi chiqib ketadi. Aynan shu sababli kunjut ekilgan dalamiz botqoqqa aylandi va yaroqsiz holga keldi. Hosilning 100 foizidan ajraldik.

2020 yilda ham shunga o‘xshash vaziyat takrorlandi. Vegetatsiya davrida 200 gektar yerimizga suv yetkazib berilmadi, oqibatda kunjutning 80 foiz hosilidan ajraldik.

Shundan so‘ng yerning hosildorligini tiklash uchun almashlab ekishga majbur bo‘ldik. Almashlab ekish – agrotexnika tadbirlarining ajralmas qismi. Kunjutni bir dalaga ketma-ket, uzluksiz ekib bo‘lmaydi. Dalaning bir qismiga bug‘doy ekdik. Ammo bu qonunbuzarlik va jinoyat sifatida talqin qilinmoqda. Bug‘doy ekish va yetishtirish xarajatlari to‘liq tashkilotimiz tomonidan qoplandi. Bu bug‘doy davlat rejasiga kiritilmagan, fond va resurs ajratilmagan va buyurtma shartnoma qilinmagan.

Islom Rajabov bilan pudrat shartnomamiz bor. Bug‘doy uning omborxonasida saqlanadi. 19 iyun kuni bug‘doyni hokimiyat va IIB vakillari kuch ishlatib olib ketishgan», – deydi u.

Videotasvirlarda ko‘rinishicha, mulkini himoya qilib, bug‘doyni olib ketmoqchi bo‘layotganlarga qarshilik ko‘rsatgan Islom Rajabov va uning yaqinlariga nisbatan kuch ishlatilgan, garchi xodimlarning hayotiga xavf soluvchi harakat qilmayotgan bo‘lsa-da, bir necha formali erkaklar xonadon egasining ukasi – Sobir Rajabovning qo‘llarini qayirishgan, natijada u yerga yiqilgan.

Islom Rajabovga ko‘ra, u rasmiy shaxslarga har qancha bosiqlik bilan harakatlari qonunga zid ekanini tushuntirmasin, ular zo‘rlik bilan 30 tonna bug‘doy saqlanayotgan omborxonaga kirishgan. Faol qarshilik ko‘rsatgani uchun o‘zi va ukasining qo‘lini kishanlab, IIB tayanch punktiga olib ketishgan. U yerda bir necha soat majburan ushlab turishgandan so‘ng qo‘yib yuborishgan.

«Qaytib kelganimda ombor bo‘shab qolganini, peshona terim bilan yetishtirgan bug‘doyimni olib ketishganini bildim», – deydi u.

Islom Rajabov bug‘doyni olib ketgan shaxslar mashinaga ortishdan oldin hosilni tarozida tortib ham ko‘rishmagani, bug‘doyni olib ketishayotgani haqida dalolatnoma yoki boshqa bir hujjat tuzishmaganini ta'kidlaydi.

Islom Rajabov

Islom Rajabov ro‘y bergan holat yuzasidan bir qancha idoralarga murojaat qilgan. U tuman IIB xodimlari har kuni uyiga kelib, arizalarini qaytarib olishni talab qilishayotgani, yo‘qsa bu yaxshi oqibatga olib kelmasligini aytib qo‘rqitishayotganini aytmoqda.

Umuman, Islom Rajabov va uning ukasiga kuch ishlatgan xodimlarning hatti-harakatlari amaldagi qonunlarga qanchalik mos ekani yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlanishi, prokuratura organlari esa sud qarorisiz o‘zganing mulkiga tajovuz qilgan ichki ishlar xodimlarining qilmishiga huquqiy baho berishi zarur.

Masalaning achinarli jihati shundaki, qonunga emas, hokimlarning og‘zaki topshiriq va ko‘rsatmalariga amal qiluvchi ichki ishlar idoralarining oddiy xalq ustidan bu tarzda o‘tkazayotgan zug‘umi jazosiz qolib ketavayerishi so‘nggi vaqtlarda odat tusiga kirib qolmoqda.

So‘nggi voqealardan kelib chiqilsa, bu voqea ham nari borsa hayfsan bilan yakun topishini afsus bilan taxmin qilish mumkin.

Urganch tumani hokimligi Kun.uz muxbirining so‘roviga javoban holat yuzasidan hech qanday rasmiy izoh bermagan. Xorazm viloyati prokuraturasi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolavha yuzasidan ayni paytda “Kiva Sesame” MChJ rahbari, g‘alla hosilini yig‘ishtirib olishga mas'ul tuman ishchi guruhi a'zolari, shuningdek, IIB xodimlari xatti-harakatlariga huquqiy baho berish maqsadida Urganch tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilayotgani, viloyat IIB tomonidan videotasvirdagi ichki ishlar organlari xodimlari harakatlariga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotganini ma'lum qilgan.

Vaziyatga Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligidan izoh kutgan holda voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.

Ko‘proq yangiliklar: