Ammo bugun biz masalaning boshqa tomoni – O‘zbekistonda yoshlar siyosatining qanchalik to‘g‘ri yuritilayotgani, bugun ular uchun umumiy bo‘lgan muammolar va o‘zgarayotgan dunyoda o‘zbek yoshlari qanday yangilik va evrilishlarga tayyor turishi kerakligiga e'tibor qaratamiz.
Suhbatdoshlarimiz qator rivojlangan xorijiy davlatlarda o‘qib, ishlash jarayonida tajriba orttirgan va bugungi kunda O‘zbekistondagi nufuzli lavozim egalari – Abdulla Azizov va Ulug‘bek Qosimxo‘jayev.
Abdulla Azizov – Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari.
Azizov 2003 yilda Yaponiyaning Nagoya universitetini, 2004 yilda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining magistr darajasini olgan. Shuningdek, Daniyaning Orxus universiteti magistraturasini, Orxus texnika kollejini IT-dasturchi mutaxassisligi bo‘yicha tamomlab, ushbu yo‘nalishda mehnat faoliyatini boshlagan.
Tayinlovga qadar u Daniyada qator nufuzli kompaniyalarda mas'ul lavozimlarda ishlagan. Shuningdek, bir muddat Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari.
Ulug‘bek Qosimxo‘jayev — O‘zbekistondagi maktablar uchun yangi avlod o‘qituvchilari va boshqaruv kadrlarni tayyorlashga ixtisoslashgan Toshkent xalqaro universiteti rektori.
Tayinlovga qadar 2018 yildan 2020 yilgacha Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari.
Qosimxo‘jayev 2000 yilda Nyu-York Peys va 2007 yilda Mayami Barri universitetini tamomlagan.
U shuningdek, turli yillarda O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasida va xorijdagi qator nufuzli kompaniyalarda mas'ul lavozimlarda ishlagan.
— O‘zbekistonda yoshlar masalalari, ular uchun umumiy bo‘lgan muammolar borasida institutsional tahlillar yetishmayotgandek. Xorijiy davlatlar, jumladan, siz ko‘rgan davlatlarda bu masalada qanday ishlanadi?
Abdulla Azizov
— Butun dunyoda yoshlarning rivojlanish indeksi – Global Youth Development Index (YDI) orqali tahlil qilib boriladi. Bu ro‘yxatga qaralsa, O‘zbekistonning o‘rni juda pastda emasligini ko‘ramiz – 53 - o‘rin.
O‘zim ko‘proq shu mamlakatda ishlaganim uchun ko‘plab masalalarda Daniya tajribasini misol qilib olaman. Bu mamlakat men yuqorida aytgan reytingda ikkinchi o‘rinda turadi. Aytgancha, Germaniya unda birinchi. Xo‘sh, bu mamlakatlarda yoshlar siyosati qanday amalga oshiriladi?
Ularda yoshlar siyosati bo‘yicha avvalo, tizimli ishlanadi. Masalan, 5-10-15 yillik dasturlar orqali. Ma'lum yilga mo‘ljallangan dastur o‘ylanadi, o‘rganiladi va provardida qanday natijaga erishamiz, degan maqsad qo‘yiladi. Rejalar puxta o‘ylangani uchun belgilangan muddatda maqsadga erishiladi.
Takrorlayman, bu davlatlarda yoshlar masalasi bilan tizimli ishlanadi. Bir marta ura, deb boshlavolib, keyin to‘xtatib qo‘yilmaydi. Yoshlarning ichidagi olov so‘ndirilmaydi.
Bir narsa aniqki, yoshlar bilan ishlanar ekan, bir kunda natija olish mumkin emas.
Singapurda ham yoshlar bilan ishlash bo‘yicha muvaffaqiyatli dasturlar bor. Masalan, shunday dasturlarning biri bo‘yicha yoshlar tez-tez qamoqxonalarga olib boriladi. Bu yoshlarni kelajakda sodir etilishi mumkin bo‘lgan jinoyatlardan saqlab qolish, qamoqqa tushgan odamning ma'lum yillarini boy berib qo‘yishini tushuntirish uchun qilinadi.
Albatta, O‘zbekistonda ham yoshlar bilan bog‘liq dasturlar ko‘p, lekin fikrimcha, ko‘p dasturlarda tizimli yondashuv yo‘q. Yangi dasturlar ochiladi, lekin ular bir yildan keyin yo‘qolib qoladi.
— O‘zbekistondagi ta'lim muassasalarida bolalar va yoshlarning bilimidan ko‘ra, ularning shakliy ko‘rinishi: formasi, sochi, davomati kabi masalalariga ko‘proq e'tibor qaratiladi. Bu o‘zini oqlamagan, yillar davomida ta'limda sifatni yo‘qotgan omillar. Xo‘sh, shunday ekan, nega ulardan voz kecholmayapmiz?
Ulug‘bek Qosimxo‘jayev
— Shaklbozlik va ta'lim sifati ikki xil, ya'ni bir-biriga bog‘liq bo‘lmagan masalalar.
Ta'lim sifatining pastligi O‘zbekistonning sovet ittifoqidan ajralib chiqishi va bozor iqtisodiyotiga o‘tishi jarayonida unga yetarli e'tibor qaratilmaganining hosilasi.
Hamma joyda ta'lim bog‘chadan boshlanadi. Bizda esa ko‘p yillar bog‘chalar deyarli qolmagandi.
Ikkinchidan, o‘qituvchilarga e'tibor juda past bo‘ldi. Ulardan majburiy mehnatda tinimsiz bepul ishchi kuchi sifatida foydalanildi. Natijada maktablarga kuchli mutaxassislar bormay qo‘ydi.
Uchinchidan, ta'lim muassasalarining infrastrukturasiga umuman e'tibor qaratilmagan.
Oxirgi yillarda va nihoyat, mana shu muammolarga qarshi kurashilyapti.
Hozir biz ta'lim sifatini belgilovchi PISA dasturlariga qo‘shilyapmiz.
Bugungi kunda maktabni bitirayotgan o‘quvchilarning 10-15 foizi OTMga kirdi deylik, xo‘sh qolganlar nima qilyapti? Qolgan yigit-qizlar hayotga tayyormi? Shu paytda maktab dasturlarining qanday bo‘lishi juda muhim hisoblanadi. Ya'ni ta'lim dasturlari, darsliklar va bo‘lajak o‘qituvchilar shu savolga javob topgan holda tayyorlanishi kerak.
Fikrimcha, hozir bizda o‘qituvchilarni qayta tayyorlash markazlari yetarli emas. Bu ishni nodavlat ta'lim muassasalariga ham qo‘rqmasdan beraverish kerak. Shuningdek, ta'lim dasturlarimiz mehnat bozorini oldindan ko‘ra bilish asosida tuzishi kerak.
Yana savolning shakl qismiga qaytamiz. Masalan, Buyuk Britaniyada ham bolalar uchun bir xil formalar bor. O‘zimning farzandlarim Amerika qo‘shma shtatlarida o‘qigan. Ular ham maktabga alohida formalarda borardi.
Bu – bolani o‘sha maktabga tegishliligi va unga maktabidan g‘ururlanish hissini berish uchun kerak.
Bolaning soch uzunligi, paypog‘ining kalta – uzunligi ta'lim sifatiga qanday ta'sir qiladi? Ochig‘i, bu bo‘yicha mutaxassis emasman. Ularning nega muhimligini men umuman tushunmayman.
Xususiy universitetlarda masalan, bunday talab yo‘q. Adashmasam, hozir OTMlarda ham bu borada o‘zgarishlar bo‘lyapti.
Yaqinda oliy ta'lim vaziriga ham ikkita o‘rinbosar tayinlandi. Ularning biri Vestminster va biri Yuridik universitetda rektor bo‘lgan. Bu universitetlarda forma bo‘yicha muammo bo‘lmagan, demak vaziyat ham o‘zgarib boradi.
Bizning universitetda ham talabalarga forma bo‘yicha alohida talablar yo‘q. Xohlagan ro‘molda, xohlagan jinsida keladi, lekin odob doirasidan chiqib ketmagan holda.
— Bizda oxirgi yillarda sezilarli katta lavozimlarga yosh kadrlarni qo‘yish holatlari kuzatilyapti. Sizningcha, bu boradagi ishlar tizimga aylanoldimi yoki baribir bir martalik bo‘lib qolyaptimi?
Rivojlangan xorijiy davlatlarda yoshlarni muhim lavozimlarga qo‘yish qanchalik o‘zini oqlagan?
Abdulla Azizov
— Yoshlarni muhim lavozimlarga qo‘yish tizimga aylanish jarayonida, ammo hali tizimga aylanolgani yo‘q. Bizda mustaqillik, balki undan avval yoshi katta odam rahbar bo‘lishi kerak, degan tushuncha paydo bo‘lgan. Hozir hamma tushunib yetyaptiki, hamma narsa yoshga bog‘liq emas.
Biz yuqori lavozimlarga yoshlarni olib kelish orqali ularning siyosat, ijtimoiy hayotga aralashuvini tezlashtirishimiz kerak. Bu o‘z natijasini tezda bermaydi, lekin uzoq muddatda, albatta, beradi. Masalan, rivojlangan davlatlar: Avstriya, Finlandiya, Kanadani oling, u yerlarda rahbarlarning barchasi yoshlar. Ular yaxshi natijalar ko‘rsatib, boshqa davlatlarga ham o‘rnak bo‘lyapti.
Fikrimcha, bu borada eng yaxshi yo‘l – hammasini balansda ushlash. Yuqori vazifalarda yoshi kattalar ham, kichiklar ham bo‘lishi kerak. Bunday muhitda fikrlar charxlanadi.
Yevropadagi xalqlar juda konservativ bo‘ladi va yoshlarni siyosatga ertaroq olib keladi.
Ularda shuni ifodalaydigan «ahmoqona savol bo‘lmaydi, so‘ramagan – ahmoq» degan maqol bor. U yerdagilar yosh bolalar nima savol bersa, to‘g‘ri javob qaytaradi. Bu o‘z navbatida bolaning yoshlikdan hamma narsani to‘g‘ri bilib katta bo‘lishiga yordam beradi.
Bizda esa afsuski, teskarisi – savol bergan bola ko‘proq uzoqlashtiriladi.
— Bugun mamlakatda oliy ta'limga qamrov darajasining juda pastligi, qabuldagi korrupsiya, shuningdek, kirish imtihonlaridagi murakkabliklar minglab yoshlarning xorijga ish yoki o‘qish uchun chiqib ketishiga sabab bo‘lyapti. Sizningcha, bu tizim aslida qanday bo‘lishi kerak?
— Prezident yaqinda oliy ta'limga qamrov kvotalari bo‘yicha qarorni imzoladi. Unga ko‘ra, bu yilgi kvota 170 mingta qilib belgilandi. Bu taxminan 27-28 foiz qamrov degani.
Bundan 5 yil avvalgi holat 8-9 foiz edi. Ya'ni qamrov hozir ham yetarli emas, lekin qisqa vaqt davomida raqamlar sezilarli o‘sdi.
2016 yilda mamlakatda 72 ta OTM bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib ko‘rsatkich 137taga yetdi. Bu yil yana 7ta OTM ochiladi.
Savol tug‘iladi, qamrov o‘zi qancha bo‘lishi kerak? Masalan, Amerikada OTMga qamrov 67-68, Yaponiyada 80, Janubiy Koreyada 70, Germaniyada esa 90-100 foiz.
Bizda ham shunday qamrov qiladigan bo‘lsak, nima bo‘ladi? Men qator misollarni bilamanki, hozir maktabni bitirayotganlarning ayrimlari hatto o‘zi ismini yozolmaydi. Shu holatda hammani OTMga qabul qilsak, sifat tushib ketmaydimi?
Ikkinchidan, ertaga ularni ish bilan qanday ta'minlaymiz? Shunga yarasha ish o‘rni bormi?
Har qanday rivojlangan davlatdagi ishlarga rivojlanmagan yoki rivojlanayotgan davlatlardan kelib ishlashadi. Xo‘sh, bizning diplomli kadr rivojlangan davlatga borsa, u yerda qanchalik ish topa oladi?
Biz hammani OTMga kiritganimiz bilan ularga ish topib berolmaymiz. Bundayda biz faqat eksportyor bo‘lamiz. Ishchi kuchi eksportyori.
Xo‘sh, bu yaxshimi yoki yomonmi?
Masalan, Turkiya qanday rivojlandi? Juda ko‘p aholisi Germaniyada ishladi. Odamlari kerak bo‘lsa, qora ishda ishlagan. O‘sha yerdan o‘z mamlakatiga kerakli yangiliklarni olib kelgan.
Shu ma'noda yoshlarning chetga chiqishi yomon emas. Tajriba o‘rganadi. Qora ishchidan, yaxshi ishchiga aylanadi. Men ham o‘z vaqtida Amerikada pol yuvganman. Sekin-sekin rivojlanib, Xudoga shukr, o‘z kompaniyalarimizga ega bo‘ldik, ko‘plab ishchilarni ishlatdim.
Menimcha, bugun e'tiborni qamrovga emas, yoshlarni qayta tarbiyalashga, hayotga tarbiyalashga qaratishimiz kerak. Masalan. Dasturchi bo‘lish uchun 4 yil o‘qish shart emas. Yaxshi elektrik bo‘lish uchun ham oliy ta'limda yillar o‘qish shart emas.
To‘g‘ri, bizda oliy ta'limni rivojlantirish bo‘yicha 2030 yilgacha bo‘lgan strategiyada qamrovni 50 foizgacha chiqarmoqchimiz, lekin shaxsiy fikrim bizga 50 foiz ham kerak emas, taxminan 35-40 foiz yetarli.
OTM o‘z talabasini o‘zi tanlab olishi kerak. O‘zbekistondagi xususiy universitetlarda bunday talab yo‘q, men ishlayotgan universitet misolida olib qarasak, o‘zimiz istagancha talaba qabul qilamiz, 100 nafar talaba qabul qilishimiz ham mumkin yoki imkon yetsa, minglab yoshlarni jalb qilishimiz ham mumkin.
Shunchaki raqamlarni keltirib tashlash bilan natijaga erishib bo‘lmaydi. Universitet talabalarni qabul qilayotgan ekan, ularga zamonaviy sharoitlarni muhayyo qilib berishi lozim. Busiz sifatni ta'minlab bo‘lmaydi. Oliy ta'limda faqat kitob o‘qish emas, hayotiy va kasbiy tajriba ham olishi kerak. Xorij universitetlarini ko‘rsangiz har birining o‘z kampusi bor, uning ichida kutubxonalardan tortib, ovqatlanish joylarigacha barcha qulayliklar yaratilgan bo‘ladi, biz ham shu kabi sistemani olib kiryapmiz.
Xususiy universitetlar masalasida qo‘rqish kerak emas, bozor iqtisodiyoti sarakni sarakka puchakni puchakka ajratib qo‘yadi. Bir-ikki yilda ko‘rinmasligi mumkin, lekin 5 yil-6 yil ichida yaxshi kadrlar bera olsa, hali bitirmasdan 3-kursdan ish beruvchilar o‘sha universitet talabalariga talabgir bo‘la boshlaydi. Qaysidir universitetlar esa diplom sotishni kasb qilib olgani sabab bankrot bo‘ladi. Shu ma'noda xususiy sektorda cheklovlar bo‘lishi kerak emas.
Abdulla Azizov, Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari
— Oliy ta'limga qamrov masalasida talabga qarab olish tarafdoriman. Lekin davlat tomonidan qamrov bo‘yicha pozitsiya o‘zgarishi kerak, ya'ni aholining 50 foizini oliy ta'limga qamrash uchun nima tadbirlar ko‘rish kerakligi borasida tahlillar olib borsa maqsadga muvofiq bo‘lardi. Shu bilan birga eng muhimi qamrov ham emas, balki sifat birinchi o‘rinda. 50 foiz qamrab olindi ham deylik, ammo sifat bo‘lmasa, faqat xarajat qilingani qoladi xolos. Tajribada ko‘rganmiz, hatto qaysi fakultetda o‘qishini, o‘z sohasida biror tushunchani bilmaydi.
– Ijtimoiy tarmoqlar bugun yoshlar tafakkuriga qanchalik ta'sir qilyapti? Ko‘proq yaxshilikka xizmat qilyaptimi yoki teskarisi? Undan foydalanishdagi oltin o‘rtaliq qanday bo‘ladi?
Abdulla Azizov
— Ijtimoiy tarmoqlarni yopib qo‘yish imkoni past. Shuning uchun buni qanday nazorat qilish kerak, degan nuqtai nazardan yondashish kerak. Buning uchun avvalo oiladan, keyin maktabda ham balki internetdan qanday foydalanishni o‘rgatish kerakdir. O‘zim Daniyada o‘qiganman, ular bunga jiddiy qaraydi, bolaga bir sutkada yarim soat foydalanishga berishganlarini aytishgan, odatda 7-sinf bolasining qo‘lida shaxsiy smartfoni bo‘lmaydi.
Ijtimoiy tarmoqlardan to‘g‘ri foydalanilsa, inson dunyoqarashi o‘sishida katta xizmat qiladi, lekin unda ko‘p o‘tirib qolish salbiy ko‘rinishlarni yuzaga keltiradi. O‘z farzandlarimni kuzatishimdan ayta olamanki, belgilanganidan sal ko‘proq vaqt virtual olamda qolib ketsa, ruhiyatida o‘zgarish bo‘ladi va buni birdan sezaman.
Tarmoqlar turlari ham ko‘p bo‘lgani uchun har biri borasida turli fikr bildirish mumkin. Masalan, Linkedin juda foydali tarmoq, lekin feysbuk haqida o‘ylab ko‘rish kerak, tiktokni esa butunlay jiddiy o‘ylash kerak. Bu yerda uni bloklashni nazarda tutmayapman, uni qabul qilish kerak va undan to‘g‘ri foydalanishni yo‘lga qo‘ysa, maqsadga muvofiq.
Ulug‘bek Qosimxo‘jayev
— Men bu borada juda qattiq cheklov qo‘ymaganman, aniq maqsadli yondashuv belgilab qo‘yganman. Darsdan kelganidan so‘ng darsini qilishi, bir soat o‘ynab, keyin dam olishi kerak, bu ham yoshiga qarab vaqti uzayib boradi. Undan tashqari har kuni bir soatlik vikitaym qilinadi, unda vikipediyadan istalgan mavzuda maqolalar o‘qishi kerak va tushunganini menga aytib beradi. Bolalarni cheklashdan ko‘ra, uni o‘ylashga, fikrlashga yo‘naltirish kerak.
Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov.