“Boj to‘lovi mahalliy ishlab chiqaruvchilarga ko‘mak bo‘ladi” - Farmagentlik rahbari

O‘zbekiston 22:23 / 30.01.2025 705

O‘zbekistonda 1 apreldan ko‘plab turdagi dorilar importiga boj joriy etilmoqda. Farmatsevtika agentligi direktori Abdulla Azizovning Kun.uz'ga aytishicha, 2024 yilning oxiriga qadar bojxona rasmiylashtiruvi uchun 1,2 foiz miqdorida to‘lov olingan, lekin JSTga a’zolik yo‘lida bu to‘lovdan voz kechilgan. Azizov dori vositalari uchun bojlar xalqaro tajribada borligini aytdi.

28 yanvar kuni imzolangan farmatsevtikaga oid prezident farmoniga asosan, 1 apreldan e’tiboran bir qator import dorilarga boj joriy etilmoqda. Boj solinadigan dorilar qatoriga antibiotiklar, og‘riq qoldiruvchi, yallig‘lanish hamda virusga qarshi, gormonal va boshqa preparatlar kiradi.

Ayni paytda boj belgilanishi narxga ta’sir qilishi borasida xavotirlar bildirilmoqda. Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizovning Kun.uz'ga aytishicha, boj “bozorga ta’sir qilmaydi”.

Umuman olganda, hozirgi kunda O‘zbekistonda farmatsevtik mahsulotlarining bir turiga, asosan bint mahsulotlariga 30 foiz bojxona boji joriy etilgan. Buning natijasida nima bo‘ldi? Hozirgi kunda O‘zbekiston hech qanday bint va boshqa tibbiy vositalar import qilmaydi; hammasi O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan bo‘ldi.

Yangi chiqqan farmonda boj kiritilishi asosan ayrim dori vositalariga kiritildi. Bu ham 2 foiz. Masalan, qon preparatlari, vaksinalar, immunologik preparatlar kabi dori vositalariga umuman boj kiritilmadi – nol foizda saqlanib qolmoqda. Agar tarixga qaraydigan bo‘lsak, 2024 yilni oxirigacha bizda bojxona rasmiylashtiruvi to‘lovi mavjud edi, bu ham 1,2 foizni tashkil etardi. U barcha farmatsevtik mahsulotlarga tatbiq etilgan edi. Endi Jahon savdo tashkiloti talabiga binoan, xalqaro tajribada qo‘llanilmaydigan har qanday to‘lovlardan voz kechildi. Uning o‘rniga, boshqa davlatlarda ham qo‘llanilgan bojxona to‘lovi joriy etildi. Albatta, bu bojxona to‘lovi bor-yo‘g‘i 2 foizni tashkil qilgani uchun narx o‘zgarmaydi”, – deydi Abdulla Azizov.

Farmagentlik rahbarining qo‘shimcha qilishicha, hozirda dori vositalari importi uchun Amerikada 6,5 foizgacha, Hindistonda 10 foizgacha bojxona to‘lovlari mavjud. Bu ko‘rsatkich boshqa davlatlarda har xil.

Boj to‘lovini kiritish – mahalliy ishlab chiqaruvchilarga bir ko‘mak sifatida bo‘ladi, raqobatbardoshlik oshadi, deydi Azizov.

Ko‘proq yangiliklar: