Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonga olib kelinayotgan koronavirusga qarshi vaksinalar inson organizmi uchun zararli ekani, ayniqsa, Xitoyda ishlab chiqarilgan vaksina juda xavfliligi to‘g‘risida turli asossiz xabarlar tarqaldi. Bu esa odamlar orasida turli tushunmovchiliklarga sabab bo‘ldi.
Mazkur holat yuzasidan SSV matbuot xizmati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari o‘rinbosari Nurmat Otabekovga murojaat qildi.
«COVID-19 infeksiyasiga qarshi samarali kurashish, ushbu xavfli xastalikdan xalos bo‘lish bugun insoniyat kun tartibidagi eng muhim masala bo‘lib qolmoqda.
Aytish lozimki, mana shunday og‘ir va murakkab davrda dunyo olimlari tomonidan koronavirusga qarshi yaratilayotgan vaksinalar ushbu kasallikning oldini olish va pandemiyani to‘xtatish uchun barchamizga katta umid va ishonch bag‘ishlamoqda.
Biroq, afsuski, aksariyat mamlakatlar qatori O‘zbekistonda ham aholini koronavirusga qarshi ommaviy emlash tadbirlari boshlangach, ijtimoiy tarmoqlar hamda aholi orasida turli asossiz va hech qanday mantiq va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan mish-mish va yolg‘on xabarlar tarqalishi avj oldi.
Ayniqsa, O‘zbekistondagi emlash tadbirlarida mutlaqo ishtirok etmagan va mamlakatimizga olib kelingan vaksinalar haqida yetarli ma'lumotga ega bo‘lmagan ayrim yurtdoshlarimizning chet elda turib, xalqimiz orasida vaksinaga nisbatan ishonchsizlik uyg‘otishi, uning tarkibi, inson organizmiga ta'sirlari haqida yolg‘on ma'lumotlar tarqatishi achinarli, albatta.
Aslida bunday odamlarning vaksinalarni zararli deyishiga hech qanday asosli fikri yo‘q va ularning gap-so‘zlari quruq safsatadan boshqa narsa emas. Boisi, ular ushbu vaksinalarni ishlab chiqarish va sinov jarayonlarida, qolaversa, yurtimizdagi emlash tadbirlarida ishtirok etmagan.
Vaholanki mutaxassis, shuningdek, O‘zbekiston va Xitoy hamkorligida ishlab chiqarilgan ZF-UZ-VAC 2001 vaksinasining 3 dozasi bilan emlangan fuqaro sifatida aytishim mumkinki, yurtimizga olib kelinayotgan barcha vaksinalar qatorida ushbu vositaning ham sifati va samaradorligi mutaxassislar tomonidan to‘liq isbotlangan.
Qolaversa, sog‘lom fikr bilan o‘ylasak, bugun vaksinadan boshqa ushbu kasallikni yenga oladigan birorta ham samarali vosita ko‘rinmayapti. Ya'ni kasallarni ro‘yxatga olish, bemorlarni shifoxonalarga yotqizish va davolash bilangina bu xastalikni yenga olmaymiz. COVID-19 infeksiyasining oldini olish uchun esa jamoaviy immunitet kerak. Jamoaviy immunitet faqat ikki yo‘l – ommaviy kasallanish va emlanish bilangina shakllanadi.
Biroq birinchi yo‘l – ommaviy kasallanish naqadar xavfli yo‘l ekaniga o‘tgan bir yildan ortiq vaqt davomida barchamiz guvoh bo‘ldik. Shunday ekan, yagona yo‘l – emlash orqali mustahkam immun qo‘rg‘onini shakllantirishimiz kerak.
Aholining 60–70 foizida immunitet bo‘lmas ekan jamoaviy immunitetni, bu orqali barqaror epidemiologik vaziyatni ta'minlay olmaymiz.
Ma'lumki, bugun dunyodagi sanoqli mamlakatlar qatori O‘zbekistonda ham 18 yoshdan yuqori bo‘lgan fuqarolarni COVID-19’ga qarshi ommaviy emlash uchun barcha sharoitlar yaratib berildi. Ayni paytga qadar mamlakatimizga 7,4 million doza vaksina olib kelindi.
Shunday ekan, bu kabi asossiz xabarlarga ishonmasligimiz, aksincha barchamiz davlat tomonidan yaratib berilgan imkoniyatlardan oqilona foydalanishimiz lozim. Zero bu o‘zimiz va yaqinlarimiz salomatligi uchun juda muhim», deydi Nurmat Otabekov.